2018-2019-o'quv yili bahorgi semestrini Qozog'istonning Yettisuv davlat universitetida davom ettirayotgan talabamiz maktubi.
Yoshlarga yaratilib berilayotgan keng imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan va o’z kuch g’ayratini bilim olish hamda olingan bilimlari natijasini Vatan istiqboliga safarbar etishga harakat qilayotgan istiqlolning teran fikrli yoshlari qatorida ekanligimdan juda ham baxtliman.
Andijon davlat universiteti va Qozog’istonning Jettisuv davlat universitetlari o’rtasida imzolangan hamkorlik memorandumiga asosan Qozog’istonda tahsil olayotganimizga ham bir oydan oshdi. Shu o’tgan vaqt davomida men Ahmadxon Xo’jaboboyev hamda ikki do’stim Sherzodbek To’xtasinov va Abduvohid Bakishev bu yerdagi o’quv sharoitlari bilan tanishdik va o’quv muhitiga moslashib ketdik.
Ilyas Jansugurov nomidagi Jettisuv davlat universitetida yettita fakultet va bitta harbiy kafedra faoliyat olib bormoqda. Ko’plab xalqaro universitetlar bilan hamkorliklar yo’lga qo’yilgan bo’lib ulardan biri bizning Andijon davlat universitetidir. Boshqa davlatga kelib o’qimoqchi bo’lganingda nufuzli universitetlar ro’yxati va davlatlar bayroqlari orasida O’zbekistonimiz bayrog’i hilpirab turganini ko’rish odamga g’urur va iftixor bag’ishlaydi.
O’quv sistemasi va jarayonlari haqida gapiradigan bo’lsam, universitetda informatsion axborot texnologiyalaridan foydalanish to’liq yo’lga qo’yilgan. Talabalarning davomati hamda baholanish tizimi ham elektron tartibda olib borilmoqda. Ayniqsa menga yoqqan tomoni o’qitish tizimining kredit tizimida ekanligi bo’ldi. Kredit tizimi haqida gapiradigan bo’lsam, baholashning reyting tizimidan afzalligi shundaki, agar talaba birorta fandan darsda qatnasha olmasa, shu qoldirgan dars mavzusini qayta mustaqil o’rganib topshirmagunicha yangi darsga qatnasha olmaydi. Bu esa talabaga qoldirgan darsini tezroq o’rganishi uchun muhim ekanligini bildiradi. Shuningdek, fanlardan qayta topshirish ham bepul emasligi talabalarga o’z moddiy mablag’ini tejashi uchun darslarda o’z vaqtida qatnashishiga sabab bo’ladi. Imtiyozlar haqida gapirsam, ta’lim olayotgan talabalarga oson va qulay bo’lishi uchun bepul oylik yo’l chiptalari va oromgohlarga bepul sayohatlarni aytib o’tishim joiz deb bilaman, o’qituvchi va talabalar universitet hududida istalgan kiyimida ya’ni o’ziga qulay bo’lgan holda erkin yurishlari mumkin ekan. Bu esa talaba diqqatini faqatgina o’qishga qaratishi kerakligini anglatadi.
Bizning universitetimizdagi kabi bu yerdagi o’qituvchilar va talabalar o’rtasidagi samimiy aloqalar talabalarga bilim olishlarida foydali jihatlardan biridir. Biz tashrif buyurgan kunimizdanoq xoh katta, xoh kichik bo’lsin har bir o’qituvchi va talaba bizni iliq kutib oldi. Shuning uchun bo’lsa kerak, o’quv jarayonlariga tezda moslashib ketdik. Universitet asosan pedagog kadrlar tayyorlashga yo’naltirilganligi uchun darslar ham ko’proq pedagogik metodlarni o’rganish va uni maktab o’quvchilariga tatbiq qilishga ko’proq e’tibor qaratilgan.
Menga yoqqan jihatlardan yana biri shu bo’ldiki, universitetga talaba bo'lish uchun to’g’ridan-to’g’ri maktabni tamomlagan vaqtdayoq imtixon topshirish mumkinligidir. Bu qanday amalga oshiriladi? O’quvchilar maktabni tamomlash uchun topshirgan imtixon natijalari bilan talaba bo’lishlari mumkin ekan. Bu esa o’z navbatida nafaqat universitetda, balki, maktabdanoq yaxshi o’qishga turtki bo’lib xizmat qiladi.
Shuning bilan sizlarga yozayotgan qisqa satrlarim o’z nihoyasiga yetmoqda. Biz uch nafar Andijon davlat universiteti talabalari bu yerda bilim va yangi do’stlar orttirish bilan bir qatorda, ustozlarimiz bergan o’zimizning bilim va malakalarimiz bilan yurtimiz haqida yaxshi taassurot qoldiramiz va albatta bizga ishonch bildirgan ota onamiz, ustozlarimiz va do’stlarimiz ishonchini oqlaymiz.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI