SHIJOATLI OLIM VA AJOYIB INSON
2019-04-18
3744
Inson tabarruk yoshga yetganda uning bosib o‘tgan hayot yo‘lini do‘stlari, yaqinlari bir qadar sarhisob qilishi odat tusiga kirgan. Bu odatdan maqsad o‘sha insonning hayot sarchashmasidan boshqalar uchun ibrat bo‘ladigan sifatlar, lavhalar topishdir.
Men Rustam Temirovichning hamma uchun ibrat bo‘larli bir fazilatiga alohida urg‘u bermoqchiman. Bu uning shijoatli inson ekanligidir. Rustam akaning barcha yutuqlari zamirida uning shu sifati yotibdi. Buni o‘tgan asrning saksoninchi yillarida Moskvada sobiq ittifoq Fanlar akademiyasining tarix institutida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilayotgan paytda ilk bor his qilgan edim.Axir aytadilarku, “insonning eng noyob xislatlari favqulodda xolatlarda yorqin nomoyon bo‘ladi” deb. Men chekka bir qishloqdan kelgan oddiy inson deb o‘ylagan institutimiz xodimi himoyada shunday bir shijoat namoyish qildiki, natijada ittifoqning eng yetakchi tarixchi olimlari oddiy o‘zbek yigitini olqishladilar.
Shijoatlilikning muhim belgisi o‘z fikriga, o‘z so‘ziga ega bo‘lishdir. Rustam akani qirq yilga yaqin bilsam-da, bu borada uning faoliyatida biror marta kamchilik sezmadim. Albatta, bu sifat uning obro‘siga obro‘ qo‘shdi, hayot so‘qmoqlarining ravon bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Ammo uning bu sifati hammaga ham birdek yoqavermasdi. Rustam akaning kamchiliklarga befarq bo‘lmagani, odamlarni jo‘shqinlikka chorlagani ayrimlarning tinchligini, osoyishtaligini buzdi. Shunday xolatlarda ham Rustam aka o‘z fikridan qaytganini bilmadik. U o‘z hayot tamoyillariga sodiq bo‘lishda bizlarga o‘rnak bo‘ldi.
Olimning fanda, umuman, hayotda erishgan yutuqlarining sabablarini ham o‘sha shijoatkorligi bilan bemalol bog‘lash mumkin. O‘tgan asrning 80-yillari o‘rtalarida Rustam aka O‘zbekistonda o‘ttizinchi yillarda olib borilgan quloqlashtirish siyosati va uning ayanchli oqibatlarini dadillik bilan, kommunistik mafkuradan xoli tarzda o‘rganishga kirishdi. Aytish lozimki, bu o‘ziga xos jasorat edi. Zero, hali sobiq ittifoqning butun siyosiy tashkilotlari to‘laqonli faoliyat yuritar, mamlakatda o‘z fuqarolariga qarshi amalga oshirilgan qatag‘onlar, quloqlashtirish xaqida birov yurak yutib, ochiq-oydin gapira olmasdi.
Avvalo, Rustam Temirovich va u asos solgan ilmiy maktabning mavzu borasida umumlashgan xulosalarini keltirib o‘taman. Stalinning "quloqlar" borasidagi siyosati mamlakatni ocharchilikka olib keldi, don eksport qiladigan davlat 90-yillarga qadar ham g‘allani xorijdan sotib olishga majbur bo‘ldi. Stalinning o‘zi Cherchillga iqror bo‘lganidek, o‘n millionlab kishilar qirilib ketdi, mamlakat iqtisodiga to‘ldirilishi juda murakkab bo‘lgan zarar yetkazildi. Eng asosiysi, millionlab kishilarning taqdiri, hayoti izdan chiqdi, ularning, hatto avlodlarining ongiga ham sovet tuzumiga nisbatan adovat solindi. Stalin tuzumiga shuncha qurbon nega kerak edi? Nega ular o‘zi o‘tirgan daraxtning shoxiga bolta urdi, nega jamiyatning katta bir bo‘lagi bo‘lgan quloqlar sinf sifatida tugatildi, bu sinfning o‘rnini kim to‘ldirishi haqida o‘ylab ham ko‘rilmadi?
Bunday adolatli savollar o‘z javobini topmagan edi. Bu savollarga O‘zbekiston misolida ilmiy jihatdan oydinlik kiritish tarix fanlari doktori, professor Rustam Temirovich Shamsutdinovning chekiga tushdi. Bu zabardast olimning fanga qo‘shgan katta hissasi shundaki, u "quloqlashtirish" mavzusini o‘rganishni tarix fanining mustaqil bir yo‘nalishi darajasiga ko‘tara oldi va bu borada O‘zbekistonda alohida bir ilmiy maktab yaratdi. O‘nlab monografiyalar, yuzlab ilmiy maqolalar chop etdi, bu yo‘nalishda ko‘plab shogirdlar yetishtirdi.
Ammo Rustam Temirovichning bu yo‘nalishdagi xizmatlari shu bilan chegaralanmagan. U quloq qilingan bobolarimizning aybsiz aybdor bo‘lganliklarini o‘zbek xalqiga ko‘rsata bildi, juda ko‘plarining izsiz yo‘qolgan nomlarini tiklashda jonbozlik ko‘rsatdi. Bu bilan Rustam aka quloq bo‘lganlarning avlodlariga qo‘lini bigiz qilib, “quloq avlodi” deb ko‘rsatuvchilarga asosli javobini ayta bildi. Shuning uchun ham quloq qilinganlarning avlodlari bu insonga doimo ta’zim bajo keltiradi, xalqimiz esa shunday shijoatli olim farzandini doimo alqaydi.
Rustam Shamsutdinovning ilmiy izlanishlarida "quloqlar" mavzusiga kirishishida mening ham ma’lum rag‘batim bo‘lganidan faxrlanaman. Voqea XX asrning 86-87 yillari bo‘lgan edi. O‘sha
payt men Toshkent xalq xo‘jaligi institutining Andijon filiali direktori, Rustam aka esa tarix kafedrasi professori bo‘lib ishlardik. Filial kattagina bo‘lib, unda besh mingdan ortiq talaba tahsil olar, yuzdan ortiq o‘qituvchi mashg‘ulot o‘tkazardi. O‘sha paytda mamlakat rahbari M.Gorbachyovning o‘lda-jo‘lda islohotlari avjida bo‘lib, bu islohotlar mazmunini ilmiy izlanishlar mavzusiga aylantirish hamma oliygohlar zimmasiga yuklandi.
Biz ham har bir siyosiy hamda gumanitar fan yo‘nalishining o‘sha davrga mos mazmunini ishlab chiqishga harakat qildik va bu masalani ilmiy kengash muhokamasiga kiritdik. Albatta, bu masala muhokamasi o‘ta munozarali bo‘ldi. Zero, izlanuvchilarga ko‘p hollarda olib borayotgan mavzularidan voz kechib, yangi mavzularga kirishish tavsiya etilayotgan edi. Bu olim uchun og‘ir holat. Ammo nachora, ayniqsa, siyosiy fanlardan KPSS tarixi, ilmiy kommunizm, hatto falsafa fanlari o‘qituvchilarining izlanishlari murakkablashib ketdi. Ular eski tushunchalardan voz kechishi va yangicha qarashlarni o‘zlashtirishi lozim edi.
Shunday kunlarning birida xonamga Rustam aka kirib kelib, o‘zi tanlagan bir qator mavzular bo‘yicha maslahatlashmoqchi ekanini aytdi. U kishi taklif qilayotgan mavzularning hammasi ham dolzarb, vaqt va mehnat sarflashga arziydigan edi. Bu mavzular ichidan meni albatta kuloqlashtirish oqibatlari ustida izlanish olib borish masalasi ko‘proq qiziqtirdi. Chunki mening ikki bobom oilasi bilan Ukrainaga quloq qilingan bo‘lib, biz Rustam aka ikkimiz shu damgacha quloqlashtirish jarayoni va uning oqibatlari yetarli o‘rganilmaganligi, bu borada muqim bir yo‘nalish shakllanmaganligi xaqida ko‘p suhbatlashgan edik. Shu sabab suhbat davomida bu fikrlarimni Rustam akaga yana bir bor izhor etdim. U kishi biroz o‘ylanib turdi-da:
– Bu borada men ko‘p fikr qildim. Mavzu murakkab, sabab materiallar topish juda qiyin, maxsus organlarning arxivlari hali ochilmagan. Busiz izlanish olib borish o‘ta murakkab.
Men davom etdim:
– Agar arxivlar berk bo‘lsa, kechagina quloqlik azobini tortganlarning ko‘pi yoki ularning farzandlari hali tirik, ana o‘shalar eng yaxshi jonli material bo‘ladi-ku, arxivlarga kelsak, ular ham ochilib ketar, axir siyosat ham o‘zgarmoqda-ku, – dedim.
– Siz bilsangiz ayting, kimdan bu borada aniq bir xulosaga kelishim uchun ma’lumot olishim mumkin?
– Bu masala bo‘yicha eng yaxshi bilgan odamim, bu o‘zimning dadam. U kishi o‘n to‘rt yil quloqlikda bo‘lgan, hatto armiyadan qaytgach ham, “quloq avlodi” tamg‘asini uzoq vaqt ko‘tarib yurishga majbur bo‘lgan.
Shu suhbatdan keyin uch-to‘rt kun o‘tgach, Rustam aka dadam oldiga borib, kun bo‘yi uning oldida qolib ketibdi. Xullas, o‘sha kungi suhbatdan so‘ng Rustam akada quloqlik mavzusini o‘rganishga kuchli ishtiyoq paydo bo‘lgan. Bu ishtiyoq uning dadam singari quloqlikka aloqador bir necha kishi bilan uchrashuvidan so‘ng, yanada mustahkamlandi va izlanishlarni boshlab yubordi. Avvalo, o‘zbeklar quloq qilingan Ukraina, Qozog‘iston, Shimoliy Kavkaz, Rossiya hududlariga bir necha bor safar qildi, arxiv va kutubxonalarda uzoq ishladi. Bu izlanishlarning azobi qay darajada bo‘lgani, qilingan mehnatning ko‘lami birgina Rustam akaga ma’lum. Menga ayoni shuki, u kishining bu izlanishlarida uning o‘g‘illari otasining yaqin yordamchisiga aylandi. Zero, izlanishlar, turli safarlar katta mablag‘ talab etardi. Institutda esa zamon zayli bilan bunday mablag‘ ajratishning iloji yo‘q edi. Qolaversa, Rustam aka dastlab izlanishlarni shaxsiy tashabbus tarzida boshladi, bir muncha keyin, izlanishlarning ilk natijalari ilmiy jamoatchilik tomonidan tan olina boshlagach, u kishi olib borayotgan tadqiqot mavzusi tegishli davlat rejalariga kiritildi, sharoitlar yaratildi.
Yodimda, Rustam akaning izlanishlari natijasida 2001 yilda chop etilgan birinchi yirik asari “O‘zbekistonda sovetlarning quloqlashtirish siyosati va uning fojiali oqibatlari” kitobining bosilib chiqishi respublika ilmiy va madaniy hayotida katta voqea bo‘lgandi. Bu asar, avvalo, Respublika matbuot markazida olimlar, matbuot xodimlari, sobiq "quloqlar" yoki ular avlodlari ishtirokida juda keng taqdimot qilindi. Bu anjumanda men ham ishtirok etib, munozarada qatnashgandim
Bu asardan keyin 2001 yili “Istiqlol yo‘lida shahid ketganlar”, 2004 yili “Tarixning hasratli sahifalari”, 2005 yili “Shimoliy Kavkaz surgunlaridagi yurtdoshlar qismati”, 2006 yili har biri 650–700 betdan iborat uch tomlik “Tragediya sredneaziatskogo kishlaka” kabi asarlari chop etildiki, ularning har biri juda katta mehnat mahsuli bo‘lib, tariximizni o‘rganishda salmoqli ahamiyat kasb etadi.
Rustam Shamsutdinov va u kishig ilmiy maktabining O‘zbekistonda quloqlashtirish siyosatini olib borish tahlili borasidagi xulosalaridan, materiallaridan 2018 yil nashr etilgan "Xotira saodati" nomli kitobimda keng foydalandim. O‘quvchilarning fikricha, kitob tarixni o‘rganishda yaxshigina qo‘llanma bo‘lgan emish. Bunday talqin menga emas ko‘proq Rustam akaga tegishli ekanligini ta’kidlab o‘tmoqchiman. Men u kishining izlanish natijalarini bir sulola taqdiriga ko‘chirib berdim xolos.
Qutlug‘ yoshini nishonlayotgan birodarimizga mustahkam sog‘liq, uzoq umr tilab, g‘ayrat-shijoati aslo so‘nmasligini tilaymiz.
Manba: O'zA
Tohirjon Iminov
iqtisod fanlari doktori, professor
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY TA’LIM, FAN VA INNOVATSIYALAR VAZIRLIGI
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI
Saytda nashr qilinayotgan ma'lumotlar uchun mualliflar javobgar. Saytdagi har qanday ma'lumotdan foydalanishga, bizning saytga havola ko'rsatish sharti bilan ruxsat etiladi. Internet nashrlar ma'lumot ko'chirganida, qidiruv tizimlari uchun erkin, ochiq havola ko'rsatishi shart. Havola qisman yoki to'liq foydalanilishidan qat'iy nazar ko'rsatilishi shart.
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.