2019 yil 15 aprel kuni Andijon davlat universitetida «Innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va ularni ishlab chiqarish hamda ta’limda qo‘llashning zamonaviy muammolari» mavzuidagi Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Anjumanga O‘zR Fanlar akademiyasi akademiklari, respublikamiz va xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan taniqli olimlar tashrif buyurdilar. Xususan, O‘zR FA akademiklari S.N.Nigmatov, S.Z.Zaynabidinov, Jalal-Abad davlat universiteti professori M.I.Mirzaxidova, Xo‘jand davlat universiteti dotsenti J.Abdukarimov, TATU Farg‘ona filiali direktori, professor M.A.Rasulov, Andijon davlat universiteti professori R.T.Shamsutdinov, TDYU dotsenti A.Karimov va boshqalar ishtirok etdilar. Shuningdek, konferensiyada yosh olimlar va iqtidorli talabalar ham qatnashdilar.
Anjumanni kirish so‘zi bilan Andijon davlat universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, t.f.d., professor B.M. Rasulov ochib berdi va universitet rektori professor A.S.Yuldashevning tabrik so‘zini o‘qib eshittirdi: “Bugungi kunda mamlakatimizda katta o‘zgarishlar bo‘lib o‘tmoqda. Tub islohotlar jamiyatimiz va iqtisodiyotimizning barcha jabhalarini qamrab olmoqda. Jumladan, oliy ta’lim tizimida ham ana shunday jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirilib, ilg‘or xorijiy tajribalar asosida innovatsiya jarayonlariga katta e’tibor qaratilmoqda. Nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan aloqalar kengayib, ularning filiallari yurtimizda tashkil etilmoqda. O‘quv, ilmiy, texnologik, innovatsion loyihalar kengaymoqda... Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya aynan shu mazmundagi ishlarga javob tariqasida o‘tkazilmoqda, deb hisoblash mumkin”.
Shundan so‘ng anjuman o‘z ishini boshladi va dastlab O‘zFA akademigi S.Z.Zaynabidinov va uning shogirdi X.Madaminovlar “Yarimo‘tkazgichli qattiq eritmalarda elektrofizik xodisalar” mavzusida chiqish qildilar.
Konferensiya yalpi majlisida shuningdek, AnDU professori R.T.Shamsutdinov “O‘zbekiston tarixiga innovatsion yondashuvning ba’zi natijalari to‘g‘risida”, Jalal-Abad davlat universiteti professori M.I.Mirzaxidova “Grammatik ma’no va shaklning dialektik talqini”, TATU Farg‘ona filiali direktori, professor M.A.Rasulov esa “Murakkab fizik jarayonlarni kompyuterli modellashtirish” mavzularida ilmiy-tahliliy ma’ruzalar qildilar.
Ushbu ma’ruzalarda hozirgi kunda jahon fani oldida turgan dolzarb masalalar yechimi bo‘yicha tajribalardan olingan natijalar ham e’lon qilindi.
Anjumanning ikkinchi qismida Ijtimoiy-gumanitar fanlar, Aniq va texnik fanlar, Tabiiy fanlar va tibbiyot, Informatika va axborot texnologiyalari, Pedagogika, psixologiya va ta’lim texnologiyalari, Amaliy fanlar va san’at kabi seksiyalarda ilmiy ma’ruzalar davom ettirildi.
Yakunlovchi majlisda seksiyalar ishida faol ishtirok etib, fan va texnologiyalar bo‘yicha o‘z tadqiqoti natijalarini taqdim etgan, qo‘yilgan masalalarga innovatsion yechimlarni taklif etgan bir qator olimlar, tadqiqotchilar va iqtidorli talabalar anjuman tashkilotchilari tomonidan bir qancha nominatsiyalarda taqdirlandilar.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI