Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev 2017 yilda oliy darajadagi muloqotlar soʻnggida 2018 yilda Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili va 2019 yilda Oʻzbekistonda Qozogʻiston yilini oʻtkazishga kelishib olgan edi.
Bu xalqlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik tarixida noyob voqea sifatida qardoshlik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida 15 aprel kuni Oʻzbekistonda Qozogʻiston yilining rasmiy ochilish marosimi boʻldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Qosim-Jomart Toqayev nutq soʻzladilar. Davlat rahbarlari Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili doirasida faollashgan madaniy-gumanitar aloqalar xalqlarimizni yanada yaqinlashtirganini taʼkidladilar. Mazkur yirik tadbir xalqlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlab, azaliy doʻstlikni ulugʻlashdek mushtarak maqsadlarga erishishda muhim oʻrin tutishini qayd etdilar.
Oʻzbekistonda Qozogʻiston yilining ochilishi strategik sheriklik munosabatlari tobora mustahkamlanib, ishonch va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash kuchayib borayotganidan dalolat beradi. Ushbu muhim voqea xalqlarimiz oʻrtasidagi abadiy va samimiy doʻstlik, madaniy va maʼnaviy yaqinlik ramzidir, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili doirasida oʻtkaziladigan tadbirlar qardosh xalqlarimiz madaniy aloqalarini yanada mustahkamlashini qayd etdi.
Oʻzbekiston Respublikasida Qozogʻiston yili ochiq, deb eʼlon qilindi.
Maʼlumki, Qozogʻistonda 2018 yilda keng nishonlangan Oʻzbekiston yili doirasida iqtisod, turizm va madaniy-gumanitar sohalarda koʻplab tadbirlar, maʼrifiy uchrashuvlar, turli festival va ijodiy kechalar oʻtkazildi. Ikki mamlakat sanʼat namoyandalarining oʻzaro tashriflari amalga oshirildi. Oʻzbek Milliy akademik drama teatri, Navoiy viloyati ijodiy jamoalarining gastrol safarlari qoʻshni Qozogʻiston viloyatlarida katta qiziqish bilan qarshi olindi.
Bugungi kunda mamlakatlarimiz oliy taʼlim tizimida hamkorlikka oid 50 dan ziyod bitim va kelishuvlar amal qiladi. Mamlakatimizdagi 400 ga yaqin maktabda qozoq tili oʻqitiladi, oliy taʼlim muassasalarida qozoq tili, matematika, fizika va boshqa fanlar boʻyicha pedagog kadrlar tayyorlanadi. Chimkent shahrida 2018 yilning may oyida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi va Qozogʻiston xalq assambleyasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi. Bu ikki mamlakat hududida oʻzbek va qozoq tillarini oʻrganishdagi hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitish imkonini berdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 13 martda “Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qoʻnonboyev ijodiy merosini keng oʻrganish va targʻib qilish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Shuning barobarida Qozogʻistonda soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligi katta tantana qilindi. Bu adabiyoti va madaniyati bir daryodan suv ichgan, azaldan qavmu qarindosh boʻlgan xalqlarimiz hayotidagi muhim voqeadir. Mamlakatimizda Qozogʻiston adabiyoti va madaniyati markazining ochilishi esa ushbu sohadagi hamkorlik bardavomligining yana bir tasdigʻi boʻldi.
Doʻstona munosabatlarni mustahkamlashda Oʻzbekiston – Qozogʻiston parlamentlararo doʻstlik guruhlari ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, 2018 yil noyabr oyida ikki mamlakat parlamentlari quyi palatalari oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolanishi qonun ijodkorligi munosabatlarida yangi davrni boshlab berdi. Bu, oʻz navbatida, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlashda muhim omil boʻlayotir.
Mamlakatimizda Qozogʻiston yiliga katta tayyorgarlik koʻrildi. Uning doirasidagi tadbirlar sanʼat, fan, taʼlim va tadbirkorlik sohalari vakillariga oʻzaro manfaatli aloqalarni yoʻlga qoʻyish, bilim va tajriba almashish uchun yangi ufqlar ochadi. Madaniyatlarimiz bir-birini boyitishiga, xalqlarimiz yanada yaqin boʻlishiga xizmat qiladi.
– Bu yil Oʻzbekistonda Qozogʻiston yilining keng nishonlanishi hududlar oʻrtasidagi madaniyat, ijtimoiy-gumanitar hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqadi, – dedi Qozogʻiston Respublikasi madaniyat va sport vaziri Aristanbek Muhamediuli. – Koʻplab madaniy tadbirlar, ikki mamlakat sanʼat ustalari va teatr jamoalarining gastrol safarlari tashkil etiladi.
Butun dunyoda mamlakatlarimizning boy tarixi bilan tanishish, betakror urf-odat va anʼanalarini oʻrganish, meʼmoriy yodgorliklari misolida asriy tamaddun yutuqlaridan bahramand boʻlish istagida boʻlgan sayyohlar soni yil sayin ortib bormoqda. Shu bois ham bugun turizm sohasidagi hamkorlik biz intilayotgan muhim yoʻnalishlardan biri boʻlib qolmoqda.
Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili doirasida oʻtkaziladigan qoʻshma tadbirlar va loyihalar ayni shu kabi hamkorlik uchun ham mustahkam asos boʻlib xizmat qiladi.
Ochilish marosimi katta konsert dasturi bilan davom etdi.
Shu bilan Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifi yakunlandi.
Manba: O'zA
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI