Insonning bilimli, tarbiyali, kasb-hunarli, baxtli bo’lishining muhim omili – bu kitobga do’st bo’lish, hamisha kitob o’qish, kitob mutolaasini umr bo’yi kanda qilmaslikdir. Ayniqsa, yoshlarning baxt-u kamoli, osoyishta va farovon hayotida kitob mutolaasining alohida o’rni bor.
Yurtboshimiz ilgari surayotgan 5 ta tashabbusda ham bu masalaga alohida e’tibor qaratilgan.
Joriy yilning 2-aprel kuni Andijon davlat universitetining Axborot resurs markazida yoshlarning kitob o’qishga bo’lgan qiziqishini yanada oshirish, ularda axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish madaniyatini yuksaltirish maqsadida ma’naviy-ma’rifiy uchurashuv bo’lib o’tdi.
Bu uchurashuvda o’zbek tilshunosligi kafedrasi katta o’qituvchisi Abduhalim Ergashev kitob insonning eng yaqin do’sti va maslahatchisi, aql qayrog’i va bilim manbai, fikrlash quroli, xazinalar kaliti, tafakkur manbai ekanligini, kitobga muhabbat, uni qadrlash, o’qishga ishtiyoq xalqimizning qon-qoniga singib ketganligini e’tirof etdi. “Hozirgi kunda yurtimizda kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan targ’ibot ishlari tizimli va samarali tarzda tashkil etilmoqda. Bu esa, o’z navbatida yoshlar orasida badiiy adabiyot o’qishga, bo’lgan qiziqishni yanada ortishiga, ularning qobiliyati va iqtidorlarini ro’yobga chiqarishda, bilim va ko’nikmalarini rivojlantirishda, ularning qalbida vatanparvarlik, insoniylik his-tuyg’ularini jo’sh urushida, ma’naviy dunyoqarashini shakllantirishda mustahkam poydevor vazifasini o’taydi”, – deb ta’kidladi Abduhalim Ergashev.
Shu bilan birga ARM direktori Zuhiriddin Egamberdiyev: “Kitob insoniyat fikr durdonalarini to’plab avlodlarga yetkazuvchi vosita, odamzot yaratgan mo’jizalardan biri hisoblanadi. U inson qalbini yoritadi, bilimlarini oshiradi. Universitetimiz kutubxonasi ham siz talabalar uchun doimo ochiq. Badiiy, ilmiy va o’quv adabiyotlari orqali kerakli bilim va dunyoqarashingizni shakllantirib, vatanimiz taraqqiyoti va o’zingizning yuksalishingiz uchun foydalansangiz, biz bundan faqatgina xursand bo’lamiz”, - deya o’z fikrlarini talaba yoshlarga yetkazib berdi.
Bu sa’y-harakatlarning zamirida nafaqat talabalar, balki talabalar o’zlari istiqomat qiladigan shahar va tumanlaridagi tengdoshlari o’rtasida ham kitobxonlikni keng targ’ib etish, ularning mutolaaga bo’lgan qiziqishlarini yanada oshirish va rag’batlantirish yotadi. Zero, kitob insonlarni yorug’ kelajak sari yetaklovchi yo’lchi yulduzdir.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI