O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari muhokamasi portaliga oliy attestatsiya jarayonini takomillashtirish bilan bog‘liq hujjat loyihasi joylashtirildi. Qaror loyihasiga ilm ahli tomonidan bildirilayotgan fikr va mulohazalar bilan birgalikda belgilangan platformadan tashqarida - ommaviy axborot vositalarida ham keng muhokama qilinmoqda. Masalaga tahliliy yondoshuvning yo‘qligi, barcha muammolarda Oliy attestatsiya komissiyasini ayblash kabi tendensiyalar yurtimizda ilm-fan rivojiga hissa qo‘shmasligini e’tiborga olib bu boradagi mulohazalar e’tiboringizga havola etilmoqda.
Olimlarning tadqiqotlari uchun asosan davlat byudjetidan mablag‘ ajratiladigan, biznes sektorining ilmiy izlanishlarga mablag‘ ajratishga qodir bo‘lmagan bir sharoitda tadqiqot natijalarini attestatsiya qilish qator murakkabliklarni keltirib chiqaradi. Davlat byudjetidan 2018 yilning 6 oyida 300 dan ortiq ilmiy-tadqiqot markazlari, ilmiy-ishlab chiqarish tashkilotlari va innovatsion markazlar uchun Davlat byudjetidan 168 milliard so‘m yo‘naltirilgan (Manba: http://uza.uz/oz/society/ilm-fanga-y-naltirilgan-mabla-lar-izhrosi-nega-deputatlar-ta-15-08-2018). Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ajratilgan mablag‘ miqdori keskin ravishda oshirib borilmoqda. Misol uchun, 2014 yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,20 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda bu raqam uch barobarga ko‘payib 0,60 foizni tashkil qildi. (Manba:https://www.xabar.uz/iqtisodiyot/sherzod-shermatov-ozbekistonda-fanga)
Rivojlanishning yangi bosqichida davlat byudjetining har bir so‘mi hisob-kitobli. Mana shunday sharoitda ilm-fanning bosh homiysi sifatida ajratilgan mablag‘larning ilm-fan yutuqlariga aylanishini attestatsiyadan o‘tkazish g‘oyat muhim masala va u byudjet intizomining tarkibiy qismi – soliq to‘lovchining oldidagi mas’uliyatning ko‘rinishi hamdir. Bu vakolat Oliy attestatsiya komissiyasi timsolida amalga oshirilishi, kompetent organ g‘ayrilmiy munosabatlarga nisbatan murosasizlik bilan yondashuvni tabiiy, deb hisoblash mumkin.
Masalaning yana bir tomoni oliy attestatsiya jarayoni olimlar tomonidan yaratilgan ilmiy ijodning davlat tomonidan tan olinishidir. Bu tan olish tadqiqotchining nafaqat olim balki munosib kadr sifatida ham e’tirof etilishiga olib keladi. O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimini boshqarish oliy malakali kadrlarning salohiyatiga asoslangan, ya’ni eng quyi tizim – dekanatdan tortib yuqori tizimgacha bo‘lgan bosqichlarning har birida oliy attestatsiya tomonidan tan olingan ilmiy salohiyat talab qilinadi. Bu esa ilm jarayonida sun’iy ajiotajni vujudga keltirayotgani - olimlikka, demakki yuqori mansub uchun yo‘llanmaga ham ega bo‘lishni istayotganlar toifasini vujudga keltirdi. Iqtisodiy mustaqillik oliy ta’lim muassasini boshqarishga haqiqiy menjerlarni talab qiladi va bu Navoiy hazratlari aytgan “joh” - boylik, amal va ta’ma yo‘lida ilmiy daraja va unvonga intilayotganlarning shashtini pasaytirishga xizmat qiladi. Qayd etish kerakki, o‘tgan davr mobaynida hozirgi oliy attestatsiya tizimi ma’lum bir ma’noda yuqoridagi toifaning intilishlariga munosib qarshilik ko‘rsatib keldi.
Jamiyat huquqiy madaniyatining tarkibiy qismi sifatida oliy attestatsiya jarayoni ham ma’lum bir normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi. Hayotimizning turli xil sohalarini tartibga soladigan qonun va qarorlarni solishtirib aytish mumkinki, oliy attestatsiya jarayonida minimal miqdorda hujjatlar ishlatiladi. Shunga qaramay tadqiqot natijalarini to‘g‘ri rasmiylashtirish borasida qator muammolar mavjud. Ilmiy jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan manbalardan bexabarlik ilmiy tadqiqotni rasmiylashtirishda demakki, tadqiqotning OAK tomonidan tan olinishida muammolarni yuzaga keltirayotgani kuzatilmoqda. Dissertatsiyaning kafedra yoki bo‘limda muhokama qilinadi, taqrizlar beriladi, ilmiy seminar va yetakchi tashkilotda fanning yetakchi olimlari ishtirokida har bir holat o‘rganib chiqiladi, himoya jarayonida ham rasmiy va norasmiy muhokamalardan o‘tkaziladi. Hisob-kitob qilinsa dissertatsiyaning o‘zi to‘rtta bosqichda muhokamaga qo‘yiladi va kamida 10 nafar yuqori malakali ilmiy xodimlarning jiddiy taqrizidan o‘tkaziladi. Shunda ham ma’lum bir ishlarga attestatsiya jarayonida e’tirozlar bo‘layotgan yuqoridagi bosqichlarda ishning puxta va har tomonlama ko‘rilmaganidan dalolat beradi. Buning ob’ektiv sabablaridan bir so‘ngi yillarda oliy attestatsiya bilan bog‘liq normativ bazaning bir necha bor o‘zgarishidir. Hanuzgacha ayrim ilmiy kotiblar va boshqa mas’ul mutasaddilar nizom talablarini to‘la o‘zlashtirib ulgurgani yo‘q. Dissertatsiya ishining ilm ahli tili bilan aytganda “OAKdan qaytishi”ga na ixtisoslashgan kengash, na tadqiqotchi o‘zini aybdor deb hisoblamay qo‘ygani ham haqiqat. Moddiy javobgarlikning mavjud emasligi ma’naviy jihatdan mas’uliyatning ham yo‘qolishiga olib kelmoqda.
Mavjud muammolarning yechimi sifatida quyidagilarni taklif qilinadi:
Birinchidan, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishning aniq mexanizmlari – dissertatsiyalar va himoya jarayonining videoversiyasini ochiq bazaga joylashtirish, himoya jarayoniga OAV vakillarini jalb etish, OAK qoshida ilm-fan ombudsmanining faoliyatini yo‘lga qo‘yish, himoya jarayonida har bir bosqichning muddatlariga rioya etilishini axborot-kommunikatsion texnologiyalarni qo‘llagan holda nazorat qilish maqsadga muvofiqdir.
Ikkinchidan, Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatiga axborot-kommunikatsion texnologiyalarni joriy etish ishlarini jadallashtirish kerak. Tadqiqotchi bilan kengash, kengash bilan OAK o‘rtasidagi munosabatlarning shaffof bo‘lishi jarayonga zamonaviy texnologiyalarni tatbiq qilish ko‘lamiga ham bog‘liqdir.
Uchinchidan, oliy ta’lim muassasalari bosqichma-bosqich mustaqil bo‘lar ekan, yirik OTMlar o‘zlarining qoshidagi ixtisoslashtirilgan kengashlarda boshqa OTMlarning tadqiqot natijalarining himoyasini tashkil etishidan manfaat qolmaydi. Bu jarayonda yirik oliygohlarning kengashlarini moddiy texnika bazasini kuchaytirish, tadqiqot natijalarini rasmiylashtirishga har tomonlama ko‘mak berishi zarur bo‘lgan ilmiy kengash raisi va kotiblarining ish hajmidan kelib chiqib, ularga ish haqi to‘lash tartibini joriy qilish zarur. Opponet va taqrizchilarga haq to‘lash tizimini qonuniy asosda belgilash vaqti ham yetib keldi(Hozirgi tartibda opponet uchun Ixtisoslashtirilgan Kengashi mavjud bo‘lgan OTM to‘lashi kerak(?)). Bunda, yuqorida ta’kidlanganidek, izlanuvchilar mansub bo‘lgan oliygohlarning mablag‘laridan ham foydalanish o‘zgarishlarning muhim elementi bo‘lishi maqsadga muvofiqdir.
Xulosa sifatida shuni aytish lozimki, bugun oliy ta’lim muassasalari juda keskin o‘zgarishlar ostonasida turibdi. Moliyaviy mustaqillik ayrim OTMlar uchun juda katta istiqbolni va’da qilayotgan bo‘lsa, ayrim oliygohlarga iqtisodiy muammolarni keltirib chiqarishi aniq. Bu holat esa avvalambor ilmiy tadqiqot bilan shug‘ullanayotgan olimlarning faoliyatiga ta’sir ko‘rsatadi. Dolzarb pallada oliy attestatsiya jarayonini tubdan o‘zgartirish qator salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shunday ekan, avvalgi tajribadan kelib chiqib endi olimlarni hayron qoldirmaylik, yana bir guruh tadqiqotchilarning ilm-fandan yuz o‘girishiga sabab bo‘lmaylik. Rivojlanishning har qanday modelini ham mana shu jamiyat a’zolari amalga oshiradi, mavjud kamchiliklarni barataraf qilish uchun butun bir tizimni barbod qilgandan ko‘ra, huquqiy madaniyatni yuksaltirsak, jamoatchilik nazoratini tashkil qilsak va eng asosiysi mavjud salbiy holatlarga nisbatan murosasozlikka barham bersak foydadan holi bo‘lmaydi.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI