Andijon Davlat
Universiteti
YOSHLAR MARKAZIDA “TA’LIM VA MUTAXASSISLIK” XX XALQARO KO’RGAZMASI BO’LIB O’TDI
2019-03-27    3808

Bugungi kunda muhtaram yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlarimizni kelgusida malakali kadr bo‘lib yetishishi va bilimli va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bularni ta'lim tizimidagi tub islohotlardan ham bilishimiz mumkin. Qolaversa, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish maqsadida bir qancha qarorlar, farmonlar, dasturlar ishlab chiqilmoqda. Quvonarli tomoni, iqtidorli yoshlarimiz ta’limni bir qancha nufuzli xalqaro oliy ta'lim dargohlarida ham davom ettirishlariga katta imkoniyatlar taqdim etilmoqda. Buning uchun esa barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, bugun Andijonda xalqaro koʻrgazma ish boshladi.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Savdo-sanoat palatasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari hamkorligida “Taʼlim va mutaxassislik” XX Xalqaro koʻrgazmasi Andijon shahridagi viloyat Yoshlar markazi binosida oʻz faoliyatini boshladi.

Ikki yoʻnalishda tashkil etilgan koʻrgazmada bugun, 27-mart 10:00 dan 14:00 gacha bir qancha nufuzli xalqaro bilim dargohlari, jumladan, Malayziya, Xitoy, Latviya, Litva kabi davlatlarning nufuzli oliy taʼlim muassasalari, yurtimizda faoliyat yuritayotgan oliy taʼlim muassasalari, xorijda taʼlim olishga koʻmaklashuvchi tashkilotlar ishtirok etdi.

Ko‘rgazmada xorijiy oliy ta'lim muassasi vakillari bilan ko‘rgazma ishtirokchilari o‘zlarining qiziqtirgan savollariga javob oldilar. Ko‘rgazmaga tashrif buyurgan Andijonning yoshlari ko’rgazmada ishtirok etayotgan barcha xorijiy oliy ta’lim muassasalari, xorijda taʼlim olishga koʻmaklashuvchi tashkilotlar vakillari bilan uchrashib ulardan xorijda ta’lim olish uchun yaratilgan sharoit, o’quv jarayonlarini borishi, online ta’lim turlari, ta’limning kredit tizimi va boshqa ko’plab o’zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Ko'rgazmada universitetimizning juda ko’plab talabalari ishtirok etib, ko’rgazmada ishtirok etayotgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarining vakillaridan maslahatlar oldilar. Masalan, Pedagogika fakulteti talabalari Zulunova Oydinoy, Yuldasheva Hilola va Turaxanova Kamila Litvaning Vytautas Magnus universitetining vakili janob Bernards Vaznonics bilan suhbat olib borishdi va o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Janob Bernards Vaznonics talabalarga Vytautas Magnus universitetida ta’lim olish sharoitlari, xorijda ta’lim olishda asosan nimalarga e’tibor berish lozim ekanini tushuntirib, so’zining so’nggida, o’zbek yoshlarining bemalol chet tillarda muloqot qilishi, ularning bilimi va dunyoqarashi o’z yurti talabalaridan kam emasligi, mamlakatning porloq kelajagini qurish uchun intellektual potensial yetarli ekanini aytib o’tdi.

Bugungi ko'rgazma so'nggida xorijlik mehmonlarga milliyligimizni aks ettiruvchi  kuy va raqslar namoyish etildi. Shu va shu kabi ko‘rgazmali tadbirlar kelgusida yoshlarimizning dunyo standartlariga mos nufuzli oliy ta'lim muassasalarida tahsil olishi va bizning ta'lim tizimimizda jahon tajribasidan kelib chiqib, yetuk kadrlar tayyorlash tizimini sifatini yanada oshishiga xizmat qilishi shubhasiz.

 

 

Behzodbek Karimov, Hilola Yuldasheva
www.adu.uz muxbirlari
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.