Bugun 20 fevral Andijon davlat universitetining birinchi rektori, akademik Akmaljon Qosimovich Qosimov (1976 yilda Andijon davlat pedagogika instituti rektori etib tayinlangan, ADPI 1992 yil Andijon davlat universitetiga aylantirilgan) tavallud topgan kun.
Akmaljon Qosimov 1937 yil 20 fevralda Andijon viloyati, Shahrixon tumanidagi T.Sarimsoqov nomli jamoa xo‘jaligi hududida xizmatchi oilasida dunyoga kelgan. 1955 yilda Shahrixon tumanidagi 1-o‘rta maktabni tamomlagach, 8-o‘rta maktabda ishlagan. 1956 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) ning “Biologiya-tuproqshunoslik” fakultetiga o‘qishga kirib, 1961 yilda imtiyozli diplom bilan tamomlagan. Fakultet Ilmiy kengashining tavsiyasiga asosan Moskvaga, sobiq Ittifoq FA Biofizika institutiga aspiranturaga yuborilgan. Taniqli olim, sobiq Ittifoq Fanlar Akademiyasining muxbir-a’zosi A.M.Kuzin laboratoriyasida zamonaviy biokimyo, biofizika va radiobiologiya tadqiqot usullarini qunt va izchillik bilan o‘rganib, 1965 yilda “O‘simliklarga gamma nurlanishning distansion ta’sirida radiotoksinlarning roli” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
1964 yildan boshlab Toshkent davlat universitetining (ToshDU) “Biokimyo-biofizika” kafedrasida assistent, katta o‘qituvchi, dotsent, 1971-1973 yillarda “Biokimyo” kafedrasi mudiri, 1973-76 yillarda “O‘simliklar fiziologiyasi” kafedrasida mudiri lavozimlarida faoliyat olib bordi.
1976 yili yosh, istiqbolli olim Andijon davlat pedagogika instituti rektori sifatida Andijonga yuborildi.
1976-84 yillarda Andijon davlat universitetining hozirgi vaqtdagi asosiy bino-inshootlarini qurib bitkazilishi va komplektatsiyasi, o‘quv auditoriyalari va ilmiy laboratoriyalarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlashda, hududning kamyob o‘simlik na’munalari bilan bezalgan landshaftini shakllantirishda A.Qosimovning alohida mehnatlarini e’tirof etish lozim.
Moskvada A.M.Kuzin rahbarligida olgan radiobiologik ilmiy yo‘nalishidagi ilmiy-tadqiqot usullarini O‘zbekistonda rivojlantirdi. 1977 yilda O‘zbekistonda Fanlar akademiyasi “Bioximiya” instituti qoshidagi ixtisoslashtirilgan ilmiy kengashida “Membranalarning transport funksiyasini radiatsiya ta’sirida jarohatlanishining biokimyoviy asoslari” mavzusida biologiya fanlari doktori ilmiy darajasi uchun dissertatsiyani muvaffaqiyat bilan himoya qildi. 1979 yilda professor ilmiy unvoniga sazovor bo‘ldi.
Uning rahbarligi va ishtirokida qator ilmiy muammolar xal qilina boshlandi:
- O‘zbekistonda ratsiatsiyaning o‘simliklar organizmidagi fiziologik- biokimyoviy jarayonlarga ta’siri.
- Tashqi muhitning noqulay fizik-kimyoviy omillari (past harorat, sho‘rlashganlik) ni biofizikaviy, biokimyoviy va fiziologik jarayonlarga ta’siri va ular ta’sirini mo‘tadillashtirish.
3.Turli xildagi biologik manbalardan biologik faol preparatlar olish biotexnologiyasi.
- Metallarning ultradispers kukunlarini qishloq xo‘jalik ekinlariga ta’sirining fiziologo-biokimyoviy mexanizmlari va ulardan faol preparatlar olishda foydalanish.
Akmal Qosimov rahbarligida “Biologik faol moddalar” laboratoriyasi tashkil etildi va muvaffaqiyatli ishladi.
1984 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining muxbir-a’zosi, 2000 yilda akademigi va 1997 yilda “Fan, ta’lim, san’at va sanoat” xalqaro Akademiyasining akademikligiga saylangan.
1992-93 yillar Andijonda viloyat hokimining ijtimoiy masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, 1993-95 yillarda Andijon davlat universiteti rektori, 1995-2000 yillarda O‘zbkiston Respublikasi Oliy Majlisi raisining o‘rinbosari, 2000 yildan umrining oxirigacha O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Pedagogik ta’lim, fan va malaka oshirish Bosh boshqarmasining boshlig‘i vazifasida ishlagan.
Akmal Qosimov faoliyatida ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash ham alohida o'rin tutadi. U ko'plab fan doktorlari va nomzodlariga ilmiy rahbarlik qilib, fanni rivojlantirishga katta hissa qo'shdi. Uning b.f.d., prof. K.Safarov, b.f.n., dots. A.Muxammedov, b.f.d., dots. M.Fayzieva, b.f.n., dotsent K.Q.Qo‘chqarov, b.f.d., prof. K.S.Davronov, b.f.n., dots. A.Sheraliev, b.f.n., dots. G‘.N.Jo‘raqulov, b.f.n., dots. F.M.Tuxtaboeva, b.f.n. E.Yulchiev kabi qator shogirdlari turli sohalarda samarali mehnat qilib kelmoqdalar.
Ustoz farzandlari, shogirdlari va yaratgan kitoblari orqali qalblarda mangu qoladi. Ustozni ruhlari shod, oxiratlari obod bo'lishini Yaratgandan so'rab qolamiz.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI