Andijon Davlat
Universiteti
ILM VA ZIYOGA BAXSHIDA UMR...
2019-02-16    3728

Andijonlik mashhur alloma, Buxoro madrasasining mudarrisi, jahondagi mashhur islomshunoslarning shogirdi va ustozi Shahobiddin Qorining farzandi – Andijon mashina zavodi ishchisi Hoshimjon aka va Andijon shahridagi 21-maktab o‘qituvchisi Hafiza ayalarning xonadonida dunyoga tiyrak ko‘zlar bilan ilk bora nigoh tashlagan qizaloq tavallud topdi. 

Tabiatan ilmga, kitobga, adabiyotga, she’riyatga oshno bo‘lgan uning ota-onasi Ollohning yaxshi bandalari qatorida unib-o‘ssin, insonlarga yaxshilik, ziyo tarqatuvchi bo‘lsin degan ezgu niyat ila unga Shohidaxon deb ism qo‘ydilar.

Bolalik chog‘idanoq Shohida ilm olishga, o‘qib-o‘rganishga, ma’rifatli bo‘lishga, maktabdagi fanlarni puxta o‘zlashtirishga doim harakat qiladigan tirishqoq qiz sifatida atrofdagi insonlarning mehr-u muhabbatini qozonib borardi. U o‘z tengdoshlari orasida o‘zining aql-u zakovati, o‘tkir zehni, odob-axloqi, mehnatsevarligi, ilmga bo‘lgan tashnaligi bilan alohida ajralib turardi.

Maktabda tahsil olib yurgan kezlardayoq Shohidaxon o‘zida o‘zbek va rus tillarini o‘rganishga, bu bilan butun dunyoga yuz tutishga bolalarcha havas va ulkan ishtiyoq seza boshlagan edi.

Ana shu ishtiyoq uni o‘rta maktabni a’lo baholarga tamomlagandan so‘ng 1985-yilda Andijon davlat tillar pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti bo‘limiga o‘qishga kirishiga sabab bo‘ldi. Oliy dargohda u o‘zbek va rus tillarini mukammal o‘rgandi. U o‘zi tanlagan mutaxassisligi bo‘yicha zabardast olimlar, fan arboblari, professor-o‘qituvchilardan saboq oldi.

Institutni imtiyozli tamomlaganidan so‘ng, 1989-yilda Andijon shahridagi 7-maktab o‘qituvchisi, 1989-1992-yillarda Buxoro davlat pedagogika instituti aspiranti, 1993-yilda filologiya fanlari nomzodi, 2001-yilda filologiya fanlari doktori ilmiy darajasiga erishdi. Uning baxti eng avvalo, shunday jannatmakon yurt – O‘zbekiston ayoli ekanligidadir. Oddiygina o‘zbek qizining olima, rahbar darajasiga yetishishi, xotin-qizlarga bo‘layotgan yuksak e’tiborning natijasi deb biladi.

O‘tgan 30 yillik mehnat faoliyati davomida Shahobiddinova Shohida Hoshimovna sobiq Andijon davlat tillar pedagogika instituti va hozirda Andijon davlat universitetida oddiy o‘qituvchi lavozimidan tortib, to ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimiga qadar bo‘lgan har bir bosqichni ulkan muvaffaqiyatlar va ijobiy ko‘rsatkichlar bilan bosib o‘tishga musharraf bo‘lgan fidoyi olima, jonkuyar pedagoglar qatoridan munosib joy olgan.

Professor Shahobiddinova Shohida Hoshimovna o‘zining ilmiy-pedagogik faoliyati davomida ilm cho‘qqilarini zabt etishga alohida e’tibor qaratdi. U Respublikamiz va xorijda faoliyat yuritayotgan gazeta va ilmiy jurnallarda 100 dan ziyod ilmiy ishlar muallifi, bir necha Davlat tadqiqot dasturi doirasidagi Davlat grantlari sohibasi, 2 nafar fan nomzodi, 3 nafar katta ilmiy xodimning ilmiy maslahatchisi, “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni hamda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi” mukofotlari sohibasidir.

Bugun o‘zining 50 yoshlik shukrona yoshini nishonlayotgan hamkasbimiz, yuksak fazilatlar egasi, faxriy pedagog, namunali murabbiy, jonkuyar va fidoyi inson, mehribon ona, mustahkam oila bekasi Shahobiddinova Shohida Hoshimovnaga uzoq umr, sihat-salomatlik, xotirjamlik, ikki dunyo saodatini tilab qolamiz.

 

 

                                  

prof. A.S.Yuldashev
Andijon davlat universiteti rektori
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.