Andijon Davlat
Universiteti
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETIDA ZAMONAVIY "QAYTA TIKLANUVCHI ENERGIYA MANBALARI" LABORATORIYASI OCHILDI
2019-01-18    4037

Bugun Andijon davlat universitetida Yevropa ittifoqi “ERASMUS+” dasturining “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va barqaror atrof muhit” mutaxassisligi bo‘yicha magistrlar dasturini rivojlantirish” mavzusidagi qo‘shma loyihasi (RENES) doirasida tashkil etilgan “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari” laboratoriyasining ochilish marosimi o‘tkazildi.      

“ERASMUS+” dasturining RENES loyihasi doirasida Andijon davlat universitetida tashkil etilgan Qayta tiklanuvchi energiya manbalari laboratoriyasiga Germaniya, Italiya, Ispaniya va boshqa rivojlangan davlatlarda ishlab chiqarilgan 42,7 ming yevrolik (investitsiya) 30 turdagi laboratoriya jihozlari keltirilib, o‘rnatildi. Loyiha bosh koordinatori Akuila universiteti (Italiya) professori Anna Totssi, milliy koordinator ADU professori Aliev Rayimjon.

Ushbu laboratoriya Oksford universiteti Rezerford laboratoriyasi mikroelektronika va nanoelektronika qo‘llab-quvvatlash markazining YEVROPRAKTIK tizimiga onlayn tarzda ulangan. Yevropaning 600 dan ortiq nufuzli universitetlari onlayn tarzda ulangan YEVROPRAKTIK tizimiga O‘zbekistonda birinchi marotaba ikkita universitet Andijon davlat universiteti va Urganch davlat universitetlari ulanganligi quvonarli hol.

Loyiha doirasida universitetda 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab  “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va barqaror atrof muhit” mutaxassisligi bo‘yicha magistrlar tayyorlanmoqda. Ushbu mutaxassislik magistrantlari uchun Yevropa standartlari asosida “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va barqaror atrof muhit” mutaxassisligi bo‘yicha 12 ta o‘quv dasturlari ishlab chiqildi. 

Ochilish marosimida Rossiya Federatsiyasi Buyuk Pyotr nomidagi Sankt-Peterburg politexnika universiteti professori V.N.Snetkov, shu universitet dotsenti D.A.Moxorov, Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh davlat universiteti xalqaro aloqalar va investitsiyalar departamenti direktori, professor A.T.Baltabaeva, O‘shDU xalqaro aloqalar va investitsiyalar departamenti yetakchi mutaxassisi R.Sh.Salimov, O‘shDU  tabiiy fanlar kafedrasi mudiri, texnika fanlari doktor T.J.Djanibekov, O‘shDU dotsenti G.A.Oxunova, Urganch davlat universitetining Fizika kafedrasi katta o‘qituvchisi A.E.Abdukarimov, Guliston davlat universitetining Fizika kafedrasi katta o‘qituvchisi R.Sh.Daminov, Andijon Mashinasozlik instituti, Andijon davlat tibbiyot instituti, Toshkent davlat Agrar universiteti Andijon filiali olimlari, universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.

Laboratoriyaning ochilish marosimini universitet rektori A.S.Yuldashev kirish so‘zi bilan ochib berdi. Universitet rektori kirish so‘zida bugungi kunda mamlakatimiz rivoji uchun yetuk kadrlarni yetkazish muhim masala ekanini, buning uchun esa, avvalo xorijiy tajribani o‘rganib, yetuk xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish oliy ta’lim muassasalari oldida turgan eng muhim vazifa ekanligini aytib o‘tdi. Bu borada ushbu laboratoriyani tashkil etilishi rejalashtirilgan ishlarning faqat boshlanishi ekanligiga urg‘u berdi.

Qatnashchilar laboratoriyaga tashrif buyurib keltirilgan laboratoriya jihozlari, olib borilayotgan tadqiqot ishlari bilan tanishdilar. 

Ochilishi marosimidan so‘ng universitet kichik majlislar zalida loyiha koordinatori prof. R.Aliev tomonidan laboratoriya taqdimoti o‘tkazildi.

Taqdimot yakunida xalqaro ilmiy hamkorlikni o‘rnatishdagi xizmatlari uchun Sankt-Peterburg politexnika universiteti professori V.N.Snetkovga Andijon davlat universiteti faxriy professori, dotsent D.A.Moxorovga Andijon davlat universiteti faxriy dotsenti diplomlarini tantanali topshirish marosimi o‘tkazildi.

Professor V.N.Snetkov ushbu laboratoriya, unda yaratilgan sharoitlar nufuzli universitetlar laboratoriyalari darajasida ekanligini, bu esa kelajakda universitetda iqtisodiyot rivoji uchun muhim ishlanmalarni yaratish imkonini berishini aytib, loyiha doirasida ikki oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik yanada mustahkamlanishi ikkala tomon uchun ham birdek manfaatli ekanligini bildirib o‘tdi.

Sh.Hoshimjonov
ADU matbuot kotibi
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.