Andijon Davlat
Universiteti
VILOYAT HOKIMINING XUSUSIY MAKTABGA TASHRIFI
2019-01-11    5065

Mamlakatimiz prezidenti Shavkat Mirziyoyevning nodavlat ta’lim xizmatlari ko’rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risidagi qarorida ta’limning yuqori sifatini ta’minlashda davlat muassasalari bilan bir qatorda nodavlat ta’lim muassasalarining o’rni xaqida alohida  to’xtalgan.

Bugungi kun davr talablaridan biri ham xususiy ilg’or maktablar joriy qilib, iqtidorli bolalar va iste’dodli yoshlarni aniqlash, ta’lim-tarbiyaning yuqori sifatini ta’minlaydigan qulay shart-sharoitlar yaratishdir.

 Shahrimizda ana shunday zamon talablariga to’la mos keladigan xususiy “Islom Karimov izdoshlari” nomli maktab faoliyat yuritmoqda.

Kuni kecha ushbu ta’lim muassasasiga viloyat hokimi Shuxratbek Abdurahmonov, Andijon shahri hokimi Dilmurod Raxmatullaev va bir guruh mutassadi hodimlar tashrif buyurdilar. Universitetimizdan esa Boshlang’ich va maktabgacha ta’lim metodikasi kafedrasi katta o’qituvchilari Gulnoraxon Ismanova, Madinaxon Tairovalar o’zlarining “Mental arifmetikani innovatsion usullarda o’rgatish orqali kichik o’quvchilarda og’zaki hisoblash malakalarini rivojlantirish” nomli ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.

Mehmonlarni maktab direktori Gulbahorxon Abdukarimova boshchiligida o’qituvchi va hodimlar kutib oldilar.

Dastlab, viloyat hokimi Sh.Abdurahmonov yig’ilganlarni kirib kelgan yangi yil bilan qutladi, barcha hodimlar bilan dildan suhbat qurdi, o’tgan yildagi yutuq va kamchiliklar haqida ham to’xtalib o’tdi.

So’ngra maktab hayoti bilan yaqindan tanishib chiqdi. Xususiy maktabda tashkil qilingan turniketning afzalliklari haqida gapirib, o’quvchilar uchun har kunlik shifokor nazoratining bir qator ijobiy taraflariga to’xtaldi.

Oshxona va  uning pazanda, oshpazlarni zamon talablariga to’la mos ekanligi ham alohida e’tirof qilindi.

Viloyat hokimi barcha fan va to’garak o’tkaziladigan xonalarni ko’zdan kechirdi. Ayniqsa, raqs zali,  kutubxona, informatika, kimyo, biologiya  xonalari barchaning diqqatiga sazovor bo’ldi.

Eng so’ngi rusumdagi elektron mikroskop, virtual ko’zoynak kabi ilg’or texnologiyalar yig’ilganlarda katta qiziqish uyg’otdi. Yosh avlodni o’qitishda bunday zamonaviy texnologiyalardan foydalanish o’z navbatida ta’lim sohasidagi samaradorlik va natijaviylikni oshirishga xizmat qiladi.

Viloyat hokimi Shuxratbek Abdurahmonov barcha maktab direktorlariga ushbu maktabdan andoza olish keragligini uqtirdi, g’oya muallifi va tashabbuskori Gulbahor Abdukarimovaning sa’yi-harakatlarini yuqori baholadi, moddiy va ma’naviy ko’makka tayyor ekanligini bildirdi. Maktab jamoasi ham yetuk kadrlardan iborat ekanligidan sevindi. Tashrif yakunida viloyat hokimi o’zining talab va takliflarini aytib o’tdi.

Ma’lumot o’rnida aytib o’tish kerakki, ushbu xususiy maktab 2018-yilning fevral oyida o’z faoliyatini boshlagan. Bugungi kunda jami 300 nafardan ziyod o’quvchilar tahsil olmoqda. Maktabda maktabga tayyorlov guruhlari, boshlang’ich va yuqori sinflar mavjud. Maktab rus va ingliz tillariga ixtisoslashtirilgan. Yurtboshimizning 2017-yil 15-sentabrdagi PQ-3276-son qarori 6-bandining ijrosini ta’minlash maqsadida, chuqurlashtirib o’rganiladigan fanlarni chet tilida o’qitish, ta’lim jarayoniga xorijiy pedagog va mutaxassislarni jalb qilingan. Amerika Qo’shma Shtatlaridan taklif qilingan malakali o’qituvchi Sussana Mfum maktabda ingliz tilidan bolalarga saboq bermoqda.

O’quvchilarga barcha umumta’lim fanlari bilan birgalikda mental arifmetika, koreys tili, xoreografiya, shashka to’garaklari tashkil qilingan. Quvonarlisi, joriy yil mental arifmetika bo’yicha o’tkazilgan xalqaro onlayn olimpiadada mazkur maktab o’quvchisi faxrli uchinchi o’rinni qo’lga kiritgan.

O’qituvchilarning aksariyati magistraturani tamomlagan, tashabbuskor, fidoyi ustozlardir. Ulardan biri Bobrova Aleksandra Ivanovna ketma-ket 2017- va 2018-yillarda viloyat miqyosida o’tkazilgan “Yil o’qituvchisi” ko’rik tanlovi g’olibi bo’lgan, Nayda Sevda Navlovna esa 2018 yilning eng yaxshi yosh o’qituvchisi nominatsiyasida g’olib deb topilgan.

Jismoniy tarbiya murabbiylari xalqaro toifadagi sport ustalari Bekmirzaev Davron, Askarov Marsellardir.

Xulosa qilib aytish mumkinki, ushbu innovatsion maktabdan kelgusida  barkamol, bemalol jahonning eng yetuk yoshlari bilan raqobatbardosh kadrlar yetishib chiqadi.

 

 

 

 

 

Diloromoy Ismanova
www.adu.uz muxbiri, Navoiy nomidagi davlat stipendiya sohibasi
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.