Andijon Davlat
Universiteti
KIM YURTIGA SODIQ BO‘LSA MENDIRMAN O‘SHA
2018-12-26    7317

Vatan tarkin bir nafas aylama, 
Yana ranji g‘urbat havas aylama.
A. NAVOIY

Vatan ravnaqi. Vatan – insonning kindik qoni to‘kilgan muqaddas zamin, uni kamolot sari yetaklovchi, hayotiga ma’no-mazmun baxsh etuvchi tabarruk maskandir. U ajdodlardan avlodlarga qoladigan eng buyuk, bebaho meros, eng aziz xotira. Vatan – ota-bobolarimizning hoki jo bo‘lgan, vaqti-soati yetib har birimiz bosh qo‘yadigan muqaddas zamin. Vatan - bu xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagi. Xalqimiz Vatan ostonadan boshlanadi, deb bejiz aytmagan. Kishi ulg‘aygan sari uning Vatan haqidagi tushunchasi ham kengaya boshlaydi. Ostona, uy, mahalla, qishloq, shahar, tuman, viloyat va nihoyat mamlakat darajasiga ko‘tariladi. Tushuncha va kechinmalar nuqtai nazaridan esa vatanparvarlik tarixiy taraqqiyot jarayonida paydo bo‘lib, tashqi muhit va davrlar ta’sirida shakllangan va o‘zgarib kelgan ijtimoiy tuyg‘udir.

Tarix vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirishdagi eng buyuk qurollardan biri. O‘tmishda ona Vatan himoyasi, yurt tinchligi uchun jonini fido qilishga tayyor turgan Shiroq, Spitamen, Jaloliddin Manguberdi kabi shaxslar bo‘lganligi kishilarda kelajakka ishonch ruhini mustahkamlaydi. Jumladan, Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoyishi hamda 2018-yil 15-dekabrdan 2019-yil 15-yanvarga  qadar “Vatanparvarlik oyligi” deb e’lon qilinganligi biz yoshlarda g‘urur iftixor bag‘ishladi.

Ushbu farmoyish ijrosini ta’minlash maqsadida Vatanparlik oyligi munosabati bilan Tarix fakultetida yo‘l xaritalari ishlab chiqilgan. Tadbirlar davomida fakultetimiz talabalari Andijon shahridagi 7554, 45605-harbiy qismlarda bo‘lishib, u yerda harbiylarga yaratilgan shart-sharoitlar, qurolli kuchlarimizning salohiyati bilan yaqindan tanishib chiqdilar.  Shuningdek, 2018-yil 26-dekabr kuni universitetning katta majlislar zalida fakultet professor-o’qituvchilari, talabalari hamda 45605-harbiy qism ofitserlari ishtirokida katta tadbir tashkil qilindi.

 Tadbirda Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, faxriy ustoz Isaev Saidahmad ota ham tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Tadbirni universitet rektori A.S.Yuldashev ochib berdi. Rektor vatanparvarlik oyligida o‘tkazilayotgan tadbirlarda barcha talabalarni faol ishtirok etishga, chuqur bilimlar egallab, vatan ravnaqi uchun xizmat qilishga chaqirdi. Tadbirda ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, mehnat faxriysi Isaev Saidahmad ota so‘z olib, yoshlarni Vatanni sevish, uni munosib himoya qilish, ko‘proq bilim olishlari lozimligini ta’kidlab o‘tdi. Saidahmad otaning urush yillari, keyingi mehnat faoliyati haqida qiziqarli ma’lumotlari talabalarda katta taassurot uyg‘otdi.

Shuningdek, 45605-harbiy qism komandir o‘rinbosari Artiqov Ozodbek so‘z olib davlatimiz tomonidan qurolli kuchlarga yaratib berayotgan shart-sharoitlar, O‘zbekistonning qurolli kuchlarning jahon reytingidagi o‘rni, yoshlarni harbiy xizmatga jalb etish bo‘yicha qiziqarli ma’lumotlar berdi. Harbiy qism askarlarining jangovor chiqishlari, harbiy qurollar ko‘rgazmalari ham tadbir qatnashchilarini olqishlariga sazovor bo‘ldi. Tadbir yakunida fakultet dekani R.Shamsitdinov tadbir mehmonlariga esdalik sovg‘alarini topshirdi. Tadbirni respublika ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritildi.  

Ushbu tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va barkamol shaxs sifatida kamol topishida armiyaning muhim o‘rni, harbiy xizmat haqiqiy mardlik, fidoyilik, matonat va sadoqat maktabi ekanini namoyish etishdan iboratdir.

 

Xamidov Bobur, Isomiddinov Jo‘rabek, Yusupov Sardorbek
Tarix fakulteti talabalari
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.