O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishini imzoladi.
Farmoyishga ko’ra O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishga bag‘ishlangan “Vatanparvarlik oyligi” 2018-yil 15-dekabrdan 2019-yil 15-yanvarga qadar o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar dasturi tasdiqlangan.
Ushbu farmoyish ijrosini ta’minlash maqsadida Vatanparvarlik oyligi munosabati bilan Tarix fakultetida ham yo‘l xaritasi ishlab chiqildi.
Belgilab berilgan vazifalarni ijrosini ta’minlash maqsadida 2018-yil 17-dekabr kuni Andijon shahridagi 45605-harbiy qism ofitserlari fakultetimizga tashrif buyurdi. Tashrif davomida talabalarda vatanparvarlik tuyg‘usini yanada oshirish, respublikamiz qurolli kuchlari salohiyati to‘g‘risida ma’ruzalar o‘tkazildi. Shuningdek, fakultetning barcha guruhlarida “Vatanparvarlik” mavzusida insholar tanlovi o‘tkazilmoqda.
2018-yil 18-dekabr kuni fakultet dekani R.Shamsitdinov, dekan o‘rinbosari I.Djumaboev, O‘zbekiston tarixi kafedrasi katta o‘qituvchisi Q.Bozorov va Tarix fakultetining bir guruh talabalari 7554-harbiy qismga tashrif buyurdilar.
Tadbirda 7554-harbiy qism komandiri E.X.To‘raboev, komandir o‘rinbosari S.I.Karimovlar bizni kutib olib harbiy qism salohiyati, qurol aslahalari, ma’ruza zallari bilan yaqindan tanishtirdilar. Talabalar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga javoblar oldilar. E.X.To‘raboev O‘zbekiston Respublikasining qurolli kuchlari tashkil etilganligini 27 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish munosabati bilan viloyatimizda o‘tkazilayotgan “Vatanparvarlik oyligi”da talabalarni ham qutlab, vatanparvarlik, Vatanni sevish, uni himoya qilish muqaddas burch ekanligini misollar orqali tushuntirib o‘tdi. Tadbir davomida harbiy qism serjant va ofitserlarini ko‘rgazmali chiqishlari talabalarda katta ta’ssurot uyg‘otdi. Shuningdek, O‘zbekiston tarixi kafedrasi katta o‘qituvchisi Q.Bozorov harbiy qism ofitserlari va talabalarga buyuk ajdodlarimiz Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Boburlarning harbiy mahorati bo‘yicha qiziqarli ma’ruza qilib berdi.
Ushbu tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va barkamol shaxs sifatida kamol topishida armiyaning muhim o‘rni, harbiy xizmat haqiqiy mardlik, fidoyilik, matonat va sadoqat maktabi ekani namoyish etishdan iboratdir.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI