Yurtimiz xavfsizligi, barqarorligi, hududiy yaxlitligi va sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilishga qodir ixcham, tezkor, zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlangan milliy armiyamiz qudrati yildan-yilga mustahkamlanmoqda. Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy tayyorgarlik tizimini zamon talablari asosida tashkil etish ham bu borada muhim ahamiyat kasb etadi. Buning uchun yosh avlodni turli tahdidlardan asrash, yoshlarda bizga mutlaqo yot bo‘lgan zararli ta’sirlarga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirish, Vatan taqdiri uchun mas’uliyat tuyg‘usini yuksaltirish zarur.
Ayni shuni hisobga olgan holda viloyatimizda 15-dekabrdan 15-yanvarga qadar “Vatanparvarlik oyligi” e’lon qilindi. “Vatanparvarlik oyligi”ni munosib ravishda o’tkazish maqsadida bugun tongdan Andijon shahri markazidagi Konstitutsiya maydonida viloyatdagi harbiy qism askarlari, korxona, tashkilot, muassasalar hodimlari ishtirokida “Kim yurtiga sodiq tursa mendirman o’sha” shiori ostida tadbir bo’lib o’tdi. Tadbirda Andijon davlat davlat universitetining bir guruh talaba yoshlari ham ishtirok etdi.
Tadbirda harbiy qism askarlarining turli xil chiqishlari, buyuk bobolarimiz Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur siymolarining aks ettirilgan ko’rinishlar yana bir bor vatan muqaddas, uning sarhadlarini qo’riqlash, yosh avlodlarga ozod va obod vatan qoldirish barchamizning farzandlik burchimiz ekanligini ishtirokchilarning qalblariga muhrladi.
Ushbu tadbir kunning ikkinchi yarmida Andijon davlat universitetida ham davom ettirildi. Barcha professor-o’qituvchilar va talabalar ishtirok etgan tadbirda dastlab O’zbekiston yoshlar ittifoqi ADU boshlang’ich tashkiloti tashabbusi bilan bir guruh muddatli harbiy xizmatni o’tab o’qishga qabul qilingan talabalar harbiy saf tortib vatanparvarlik ruhidagi saf qo’shiqlarini ijro etdilar.
So’ng tadbirni ochib berish uchun so’z olgan Andijon davlat universiteti rektori A.S.Yuldashev ishtirokchilarni vatanni sevishga, uni asrab avaylashga, “Vatanparvarlik oyligi” uyushqoqlik bilan o’tkazishga chaqirdi. A.S.Yuldashev so’zini davom ettirar ekan vatanparvarlik birinchi galda barchaning o’z ishiga mas’uliyat bilan yondoshib bajarishi, vatan ravnaqi uchun xizmat qilishida ekanligini ta’kidladi.
Tadbir davomida madhiyamiz ijro etilib, yurtimiz bayro’g’i yuksakka ko’tarildi. Barcha ishtirokchilar qalblarida vatanga mehr, g’urur va iftixor tuyg’ulari jo’sh urdi.
Universitetimizda “Vatanparvarlik oyligi” doirasida tadbirlar davom etadi.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI