Andijon Davlat
Universiteti
“OLAMNING ALP YOZUVCHISI – AYTMATOVGA TA’ZIM!”
2018-12-13    4087

2018 yil 11 dekabr kuni Andijon davlat universiteti katta majlislar zalida buyuk adib, umumbashariy tarix va zamonamizning eng mashhur va atoqli yozuvchisi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlab “Olamning alp yozuvchisi Aytmatovga ta’zim!” deb nomlangan xalqaro ilmiy-adabiy kecha bo‘lib o‘tdi. Tadbirda universitet rektorati, filologiya fakulteti jamoasi, Andijon viloyati qirg‘iz milliy madaniy markazi vakillari, Andijon viloyat teleradiokompaniyasi hamda “Andijonnoma” gazetasi jurnalistlari va qo‘shni Qirg‘iziston mamalakatidan nufuzli delegatsiya a’zolari ishtirok etdilar.

Dastlab, qardosh Qirg‘iziston davlatidan tashrif buyurgan nufuzli mehmonlar universitet asosiy binosida iliq kutib olindi. Ular Chingiz Aytmatov hayoti va ijodiy faoliyatini aks ettirgan foto va kitoblar, hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmasini tomosha qildilar. Tayyorlangan ko‘rgazma mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.  

Shundan so‘ng, ushbu kechani ochib berish uchun so‘z universitet rektori A.S.Yuldashevga berildi. Ustoz o‘z navbatida davradagi ishtirokchilarni ana shunday inson, buyuk qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatovning 90 yillik tantanasi bilan qizg‘in tabrikladi va “Olamning alp yozuvchisi Aytmatovga ta’zim!” nomli xalqaro ilmiy-adabiy kechani ochiq deb e’lon qildi hamda anjuman ishiga yuksak muvaffaqiyatlar tiladi.

Qutlug‘ sana munosabati bilan tarix fanlari doktori, professor, “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi direktori R.T.Shamsutdinov, O‘sh davlat universiteti Davlat tili bo‘yicha prorektori Arstanov Sabirali Abdimannapovich tomonidan tabrik so‘zlari yangradi.

Kechaning ma’ruzalar qismida O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi professori S.Mirzaeva, O‘sh davlat universiteti qirg‘iz adabiyoti kafedrasi mudiri, tarix fanlari nomzodi, dotsent A.Murzakmetov, filologiya fakulteti dekani, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Bahodir Rahmonov, O‘sh davlat universiteti pedagogika kafedrasi dotsenti, p.f.n., K.Akmatovlar o‘z ma’ruzasi bilan qatnashdilar.

Shundan so‘ng, kechaning rasmiy qismi yakunlanib, badiiy qismi boshlandi.

Dastlab o‘zbek va qirg‘iz milliy liboslarini kiygan talabalar sahnaning to‘riga alohida e’zoz va e’tibor bilan qo‘yilgan adib rasmi ostiga gulchambar qo‘yish marosimini o‘tkazdilar. Sokin qirg‘iz milliy kuyi ostida o‘ziga xos ramziy ma’nodagi ushbu marosim kechaning barcha ishtirokchilari qalbiga iliqlik, yozuvchi shaxsiga bo‘lgan samimiy tuyg‘ularni uyg'otdi.

Filologiya fakulteti qirg‘iz tili va adabiyoti yo‘nalishi talabalari ijrosida Chingiz Aytmatovning “Oq kema”, “Jamila”, “Erta kelgan turnalar” kabi asarlari bo‘yicha ishlangan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Shuningdek, kechada qirg‘iz, o‘zbek, rus tili yo‘nalishi talabalari ijrosida yozuvchi asarlari asosida tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, kuy, qo‘shiq, raqslar ijro etildi.

Tadbir so‘nggida uning tayyorlanishida jonbozlik ko‘rsatgan filologiya fakulteti Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari K.Shahobov, rus tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti M.Temirova, qirg‘iz tili va adabiyoti yo‘nalishi katta o‘qituvchilari E.Shamaev, N.Alisultonova, M.Sulaymonova, O.Usmonova hamda kechada faol ishtirok etgan o‘zbek, rus, qirg‘iz tili yo‘nalishi talabalari universitet rektorining faxriy yorliqlari bilan taqdirlandilar. Kechaga o‘ziga xos fayz kiritgan qo‘shni Qirg‘iziston mamalakatidan tashrif buyurgan mehmonlar “Umumbashariy tarix va zamonamizning mashhur, ulug‘ hamda atoqli yozuvchisi, O‘zbekiston Respublikasining eng oliy mukofotlari “Do‘stlik” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari sohibi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan “Olamning alp yozuvchisi – Aytmatovga ta’zim!” nomli xalqaro ilmiy-adabiy kechada faol ishtirok etgani uchun universitet rektorining sertifikati bilan taqdirlandilar.

O‘tkazilgan tadbir talabalar va ishtirokchilar ma’naviyatini yuksaltirishga, dunyoqarashini kengaytirishga, Vatanga, el-yurtga bo‘lgan muhabbatining ortishiga, tabiatni asrashga, O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolarini millatlararo do‘stlik va qardoshlik munosabatlari, hamjihatligini mustahkamlashga, adabiyotni, san’atni sevishga, ota-onaga, el-yurtga sodiqlik hissini uyg‘otishga, azaliy qadriyatlarni e’zozlashga, yoshlarda Vatanparvarlik fazilatlarini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Filologiya fakulteti tomonidan tashkil etilgan va o‘tkazilgan mashhur va atoqli yozuvchi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan “Olamning alp yozuvchisi Aytmatovga ta’zim!” deb nomlangan xalqaro ilmiy-adabiy kecha barcha ishtirokchilarda iliq taassurot va yorqin xotiralarni qoldirdi.

 

Shahobov Kamoliddin
Filologiya fakulteti yoshlar bilan ishlash bo'yicha dekan o'rinbosari
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.