Andijon Davlat
Universiteti
O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYASIDA INSON HUQUQLARI UMUMJAHON DEKLARATSIYASI QADRIYATLARINING IN'IKOSI
2018-12-11    8518

O’zbekiston milliy mustaqilligining samarasi bo’lmish birinchi Konstitutsiya o’zbek xalqi uchun eng buyuk yutuq hisoblanadi. Asrlar mobaynida diyorimizda tartib va intizomga e’tibor berish an’anaviy tus olgan. Qadimiy xoqonliklar davridan tortib, Temuriylar davrigacha va undan keyin vujudga kelgan davlatlarda mamlakatning mustahkamligi va milliy manfaatlarini ko’zlab turli qonun-qoidalar ishlatilgan.

O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi ushbu mustahkam negiz uzra qurilib, o’zbek davlatchiligi tarixiy tajribalarining mahsuli sifatida yuzaga keldi. Chunonchi, O’zbekiston Konstitutsiyasining muqaddimasida uni tuzishda o’zbek davlatchiligi rivojining tarixiy tajribasiga tayanilganiga ishora qilinadi.

O’zbekiston Konstitutsiyasi O’zbekiston xalqining mustaqilligi, hur fikrlilligi, barcha insoniy huquqlarga to’la erishib, o’z diyorida demokratik huquqiy davlat qurish imkoniyatini ta’minlash uchun yaratilgan buyuk va e’tiborli milliy-tarixiy hujjat hisoblanadi.

Hozirgi zamonda har bir mamlakatning qonunlari, ayniqsa, uning asosiy qonuniga inson huquqlari umujahon deklaratsiyasining qadriyatlari unda qanchalik aks ettirilganiga qarab baho beriladi. Chunki qonunlarga baho berish uchun ushbu me’yor eng asosiy va haqiqatga mos keladigan mezondir. Inson huquqlarini kafolatlash uchun jahonning barcha davlatlari tomonidan tasdiqlangan ushbu deklaratsiyadan ustun turadigan boshqa hujjat yo’q.

Haqiqatdan ham inson huquqi, usiz yashab bo’lmaydigan bizning azaliy, tabiiy va bashariy huquqimizdan iboratdir. Inson huquqi va asosiy erkinliklar bizga o’z insoniy iste’dodimiz, aql va vijdonimizdan foydalanib o’z ehtiyojimizni ta’minlashga imkon beradi.

“O’zbekiston Konstitutsiyasi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining  30 ta moddasida kiritilgan barcha qadriyatlarni qamrab olib, jahonning yirik va demokratik davlatlari asosiy qonunlari qatorida o’ziga munosib o’rin tutadi”[1].

 

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida zikr etilgan inson asosiy huquqlari va erkinliklari ifodasini  O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining quyidagi moddalarida ko’rish mumkin:

  • Teng fuqarolik huquqi (21-modda);
  • Yashash huquqini himoya qilish (24-modda);
  • Har kimning erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga egaligi, qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emasligi (25-modda);
  • Hech kimning qiynoqqa solinmaslik va aybi aniqlanmaguncha aybdor hisoblanmaslik holati (26-modda);
  • Fuqarolar turar joyi, telefon yozishmalari daxlsizligi (27-modda);
  • So’z, fikr va e’tiqod erkinligi va uni tarqatish huquqi (29-modda);
  • Din va vijdon erkinligi (31-modda);
  • Saylash va saylanish huquqi (117-modda), shuningdek, boshqa moddalarda xalqaro miqyosda e’tirpf etilgan insonning asosiy huquqlari va erkinliklari o’z munosib o’rnida har tomonlama aks ettirilib, Konstitutsiya va boshqa qonunlar bilan kafolatlangan.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 3-moddasida: “Har kim yashash va daxlsizlik huquqiga ega”; O’zbekiston Konstitutsiyasining 24-moddasida esa “Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og’ir jinoyatdir”[2]; shuningdek, 25-moddada “Har kim erkin va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega”, deb ta’kidlanadi.

Yuqoridagi qisqa misollardan ham ko’rinib turibdiki, O’zbekiston Konstitutsiyasida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining barcha qadriyatlari yetarli darajada va deklaratsiya normalariga nisbatan to’laroq shaklda bayon etilgan. Masalan, Asosiy qonunimiz 24-moddasida “Inson hayotiga suiqasd qilish eng og’ir jinoyatdir” iborasi bilan insonning yashash huquqi va shaxsiy daxlsizlik huquqi jiddiy suratda himoyaga olingan.

Xulosa qilib aytganda, musyaqil O’zbekistonning Respublikasi Konstitutsiyasi barcha demokratik qoidalar, umuminsoniy va milliy qadriyatlarga asoslanib, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo’lgan barcha davlatlar tomonidan tasdiq etilgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining barcha qadriyatlarini o’zida aks ettirgan milliy-tarixiy hujjatdir.

 

[1] A.Saidov O’zbekiston Konstitutsiyasi tarixi. –T.: Tasvir. 2018. B.374

[2] O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi –T.:O’zbekiston. 2018. B.11

Azamov Toxirjon
Ijtimoiy iqtisodiyot fakulteti 4-bosqich talabasi
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.