Andijon viloyati hokimligining 2018-yil 20-noyabrdagi 11/05-103 sonli xatida belgilangan “O‘zbekiston Respublikasi narkotik moddalarni nazorat qilish Davlat komissiyasining 2018-yil 29-oktabrdagi 04-983-sonli xatidagi topshiriqlarning ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatdagi oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalarida giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olishga qaratilgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni o‘tkazish jadvali”ga asosan, 2018-yil 22-noyabr kuni Andijon davlat universitetining katta majlislar zalida “Narkotik moddalar va ularning salbiy oqibatlari” mavzusida profilaktik tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi narkotik moddalarni nazorat qilish milliy markazi eksperti B.G.Ro‘zimurodov, viloyat narkologiya dispanseri vrach-narkologi Sh.To‘raqulov, narkologiya dispanseri xodimi X.Adilov, viloyat hokimligi hamda Andijon shahar IIB mas’ul xodimlari bilan birga universitet professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirok etdilar.
Tadbirni universitetning Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat bo‘limi boshlig‘i A.J.Akbarov kirish so‘zi bilan ochib berdi. So‘ng O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi narkotik moddalarni nazorat qilish milliy markazi eksperti B.Ro‘zimurodov ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. Ma’ruzada narkotik moddalar, ularning kelib chiqish areallari, keltirib chiqaruvchi omillar, jahon va respublikamizda tarqalish holati bo‘yicha chuqur faktlarga asoslangan ma’lumotlarni berib o‘tdi. Ayniqsa, narkotik moddarni tashishda, ya’ni vositachilikda ayrim talabalarning o‘zlari bilmagan holatda aralashib qolishi bir qator misollar orqali keltirib o‘tilishi talabalarda ogohlikka undadi. Xushyor bo‘lish, arzon pul topishga intilmaslik, dori-darmon vositalarini bilib-bilmasdan is’temol qilmaslik zarurligi uqtirib o‘tildi. Narkojinoyatlar jamiyat uchun o‘ta xavfli ekanligi, yoshlar undan ogoh holda yurishlari, do‘stlari, tanish bilishlari, qarindosh-urug‘lari, mahallalarda narkotik moddalar insoniyat uchun katta xavf ekanligini targ‘ib qilishlari so‘raldi.
Tadbir davomida talabalarga giyohvandlikning salbiy oqibatlaridan ogoh etuvchi videorolik namoyish etildi. Tadbir barcha ishtirokchilarga katta ma’naviy ozuqa berish bilan birga, ogohlik sari da’vat bo‘ldi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shundan so‘ng Andijon davlat universiteti Geografiya kafedrasi tashabbusi bilan “17-noyabr – Butunjahon talabalar kuni” munosabati bilan “O‘zbekiston faxrim – Talabalik oltin davrim” shiorlari ostida ijodiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirda Geografiya kafedrasi mudiri, dots. R.B.Qodirov, kafedra professori M.Mamajonov, kafedraning katta o‘qituvchilari M.Habibullaeva, M.Atajonov, Z.Temirov, M.Payzullaev, o‘qituvchilari B.Dehqonov, Z.Abduvalievalar ishtirok etdilar. Shuningdek tadbirda geografiya, biologiya, ekologiya, milliy g’oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi yo‘nalishlarining talabalari ham faol ishtirok etdilar.
Bayramona ruhda o’tgan tadbir davomida Andijon san’at kollejining bir guruh o‘quvchilari o‘zlarining turli-tuman chiqishlarini namoyish etib, tomoshabinlarning olqishlariga sazovor bo‘ldilar.
Tadbir yakunida so‘zga chiqqan Geografiya kafedrasi mudiri, dotsent R.B.Qodirov, Ijtimoiy iqtisodiyot fakulteti dekani, dotsent O‘.Ubaydullaevlar Andijon san’at kolleji ma’muriyatiga, o‘qituvchilar jamoasiga va o‘quvchilariga Andijon davlat universiteti rektorati, fakultet va kafedra jamaoasi nomidan minnatdorchilik bildirdi. Yosh va ayni paytda yuksak iqtidor egalariga kelajakdagi o‘qish va ishlariga ulkan muvaffaqiyatlar tilab, tadbir tashkilotchilari geografiya ta’lim yo’nalishi talabasi Fayzullo Qirg‘izaliev, Andijon san’at kolleji o‘qituvchisi Gulchehra Yusupovalarga esa o‘zlarining alohida minnatdorchiliklarini bildirdilar.
Shuningdek, universitet Yoshlar bilan ishlash bo’yicha prorektori A.Hamraqulov tomonidan Andijon san’at kollejining yosh, umidli yoshlaridan bir guruhi tashakkurnoma bilan taqdirlandilar.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI