Andijon Davlat
Universiteti
ADOLATLI VA SHAFFOF TEST SINOVLARI yoshlarning bilim olishga ishtiyoqini oshiradi
2018-08-14    4238

Prezidentimizning 2017 yil 16 noyabrdagi “Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorida mazkur jarayonda bir qator kamchiliklar uchrayotgani qayd etilgan edi. Jumladan, test sinovlarini o‘tkazish va natijalarini e’lon qilish tartib-qoidalarini takomillashtirishga doir ishlar bugungi kun talablariga to‘liq javob bermayotgani aytib o‘tilgan.

Jamoatchilikning bu boradagi fikri hamda taklif-istaklari inobatga olinib, 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasasiga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlarini 1 avgustdan 15 avgustgacha o‘tkazish, natijalarni esa, ertasi kuniyoq Davlat test markazining veb-saytida e’lon qilish belgilab qo‘yildi. Hozir aksariyat oliy ta’lim muassasalarida test sinovlari yakuniga yetgan bo‘lib, dastlabki xulosalarni chiqarish mumkin.

 O‘tish ballari nisbatan past

Davlat test markazi tomonidan barcha fanlar bo‘yicha savollar mazmuni birmuncha soddalashtirilib, ayrim namunalar ­e’lon qilindi hamki, o‘tish ballari ko‘tarilgani yo‘q. Har yilgi rekordlar ham bu safar qayd etilmadi. Sababi oddiy — test paytida turli noqonuniy xatti-harakatlarning oldi olindi. Bu, o‘z-o‘zidan, o‘tish ballarining pasayishiga olib kelgan. Bilimiga emas, allaqanday “bunker”u “parovoz”larga ishongan abituriyentlar esa, mum tishlab qolaverdi.

Misol uchun, Andijon davlat universitetining informatikani o‘qitish metodikasi ta’lim yo‘nalishiga o‘tgan yili kontraktga o‘tish bali 103,4 ga­ yetgan bo‘lsa, joriy yilda 74,3 ballni tashkil qildi, xolos. ­Tarix yo‘nalishida mazkur ko‘rsatkich 176,7 balldan 100,1 taga pasaydi. Shu o‘rinda har bir blok bo‘yicha savollar soni
36 tadan 30 taga tushirilganini ham eslatish joiz.

 Savollar saviyasi va bilim darajasi nomutanosib

 Shuncha chora-tadbir ko‘rilganiyu bir qancha yengilliklar tug‘dirilganiga qaramay, o‘tish ballari baribir ko‘ngildagidek bo‘lgani yo‘q. Natijada hatto o‘qishga qabul qilishdagi 30 foizli eng kam ko‘rsatkich “zabt etilmay” qoldi. Abituriyentlarning minimal talabni bajarmagani hisobiga ayrim yo‘nalishlarda belgilangan kvota doirasidagi o‘rinlar bo‘sh qoldi. Rus guruhlari uchun mehnat ta’limi yo‘nalishida mana shunday holat kuzatilgan.

 Xulosa o‘rnida

 Bizningcha, abituriyentlar ham, ota-­onalar ham endilikda asosiy e’tiborni bilim olishga qaratish kerakligini tushunib yetdi. Ishonchimiz komilki, test sinovlari vaqtida har qanday qing‘irliklarga murosasiz bo‘lish, asosiysi, samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish kelgusida ham adolatsizlik bilan kurashishda yordam beradi. Bu esa, yoshlar orasida bilim egallashga ishtiyoqni kuchaytirib, sog‘lom raqobatni yuzaga keltirsa, ajab emas.

Azizbek EGAMBYERDIYEV, Andijon davlat universiteti matbuot kotibi


MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.