O‘zbekistonning barqaror taraqqiyoti kadrlarning bilim saviyasi va iqtidoriga bog‘liq. Davlat rahbarining tashabbusi bilan 2018/2019 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga talabalarni qabul qilishda qator innovatsion yangiliklar joriy etilmoqda. Bu yil asosiy e’tibor samarali jamoatchilik nazoratini tashkil etish, shaffoflikni ta’minlash va ijtimoiy himoyaga qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 iyundagi PQ-3769-sonli qaroriga muvofiq Andijon davlat universitetida 2018/2019 o‘quv yilida bakalavriat kunduzgi bo‘limiga 1870 nafar (415 nafar davlat granti asosida, 1455 nafar to‘lov-shartnoma asosida) talabalar qabul qilish rejalashtirilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga ko‘proqdir. O‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lib, xalq ta’limi tizimida mehnat qilayotgan pedagoglar uchun ochilgan maxsus sirtqi bo‘limiga 750 nafar talaba shartnoma asosida qabul qilinadi. 2018 yilning 15 iyul kuni ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha hujjatlar qabul qilish yakunlanib, bakalavriatning kunduzi yo‘nalishlariga 21 mingdan ortiq, maxsus sirtqi bo‘limiga esa 5 yarim mingga yaqin abituriyentlar hujjat topshirdi.
Bu yil Andijon davlat universitetiga sirtqi bo‘limga 475 nafar talabalar qabul qilish rejalashtirilgan bo‘lib, abituriyentlar sirtqi bo‘limning 9 ta yo‘nalishiga 2018 yilning 31 iyul kuniga qadar hujjat topshirish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qator qarorlariga muvofiq bir guruh abituriyentlarga imtiyozlar berilgan.
Jumladan, joriy o‘quv yilidan boshlab harbiy xizmatchilarning farzandlariga ham qator itiyozlar taqdim etildi. Bu masalada qabul hay’atiga juda ko‘p murojaatlar tushdi. Shu sababli masalaning ayrim jihatlariga batafsil to‘xtalib o‘tamiz.
Harbiylarning farzandlari belgilangan davlat grantlaridan tashqari ajratilgan o‘rinlarga kiradi. Masalan, bir yo‘nalish bo‘yicha bakalavriatga 100 ta o‘rin ajratilgan, shunda shu yuztaning ustiga yana 5 ta harbiylarning farzandlari uchun grant o‘rni ajratiladi, ya’ni 105 ta talaba qabul qilinadi. Qarorga muvofiq harbiy xizmatchilarning farzdanlari el qatori test topshiradi. Lekin bu tanlov teng imtiyozli va teng sharoitlilar o‘rtasida, ya’ni harbiylarning farzandlari o‘rtasida bo‘ladi. O‘sha 5 talaba to‘plagan ballar asosida reyting tizimi bo‘yicha qabul qilinadi. Faqat harbiylarning farzandlari reytingi alohida bo‘ladi. Har qanday harbiyning farzandiga imtiyoz berilishi uchun o‘zi tegishli bo‘lgan vazirlikning tavsiyanomasi bo‘lishi kerak.
Shu bilan birga, tanlovsiz qabul qilinadigan toifa ham bor. Bular harbiy burchini o‘tayotganda halok bo‘lgan, yaralangan, kontuziya va boshqa shikastlar olganlarning farzandlari.
Joriy o‘quv yilida Andijon davlat universitetiga 27 nafar tegishli vazirlikning tavsiyanomasiga ega bo‘lgan, 2 nafar harbiy burchini o‘tayotganda halok bo‘lgan, yaralangan, kontuziya va boshqa shikastlar olgan harbiylarning farzandlari hujjat topshirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 dekabrdagi PF-5270-son farmoniga asosan 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy sonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha ravishda ikki foizli kvota ajratish tartibi joriy etildi. Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2018 yil 2 iyunda qabul qilingan “Oliy ta’lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha davlat granti kvotalari asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 417-sonli qarorida oliy ta’lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha davlat granti kvotalari asosida o‘qishga qabul qilish tartibi belgilandi.
Oliy ta’lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha kvota asosida o‘qishga qabul qilish toifasiga umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasi (akademik litsey, kasb-hunar kolleji)ni tugatganligi haqidagi hujjatga hamda I va II guruh nogironligi to‘g‘risida belgilangan tartibda berilgan shakldagi ma’lumotnomaga ega I va II guruh nogironlari, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxs-lar kiradi. Ta’kidlash joizki, nizomda oliy ta’lim muassasasining qabul komissiyasi tomonidan kirish imtihonlari o‘tkaziladigan bino va auditoriyalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi belgilab qo‘yilgan. Oliy ta’lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha kvota asosida o‘qishga qabul qilish kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon) natijalariga muvofiq amalga oshiriladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ajratilgan qo‘shimcha kvotalar asosida qabul qilinmagan abituriyentlar to‘plagan ballari bilan mazkur ta’lim yo‘nalishida umumiy tartibda tanlovda ishtirok etadi.
Oliy ta’lim muassasalariga ko‘zi ojiz abituriyentlarni qabul qilish Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ga muvofiq amalga oshiriladi. Qabul jarayonida oliy ta’lim muassasasi va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hududiy boshqarmasi vakillaridan iborat tarkibda oliy ta’lim muassasasida nogironligi bo‘lgan shaxslardan hujjatlar qabul qilish komissiyasi tashkil etiladi. Mazkur komissiya tarkibiga O‘zbekiston nogironlar jamiyati vakili ham kiritilishi mumkin. Mazkur komissiya nogironligi bo‘lgan shaxslardan ariza va hujjatlarni qabul qiladi, ular bilan kasbga yo‘naltirish bo‘yicha suhbatlar o‘tkazadi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon) oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul qilish bo‘yicha belgilangan tartiblarga muvofiq topshiriladi. Kirish imtihonlarida to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam bo‘lmagan ball to‘plagan nogironligi bo‘lgan shaxslar ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya etilgan holda qo‘shimcha ikki foizli davlat granti kvotalari doirasida talabalikka tavsiya etiladi.
Universitetga joriy yilda 34 nafar nogiron, 15 nafar ko‘zi ojiz abituriyentlar hujjat topshirdilar.
2018/2019 o‘quv yilida o‘qishga kirishda mavjud imtiyozlardan foydalangan holda bir nafar Yoshlar Ittifoqi tavsiyasiga ko‘ra, 52 nafar sportning belgilangan turlari bo‘yicha, 6 nafar musiqa sohasida, 1 nafar tasviriy san’at sohasida yuksak natijalarga erishgan yoshlarimiz talaba bo‘lish uchun hujjatlarini taqdim etdilar. Bundan tashqari 210 nafar muddatli harbiy xizmatni o‘tagan, harbiy qism tavsiyanomasiga ega bo‘lgan yigitlar o‘z hujjatlarini topshirishgan.
O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 16 noyabrdagi PQ-3389-sonli “Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq joriy yilda birinchi marotaba oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlari viloyat markazidagi Olimpiya zaxiralari kolleji yoki boshqa tashkilotlarning katta sig‘imdagi binolarida o‘tkazilishini, test jarayonining maksimal darajada oshkora va shaffofligini ta’minlab, videokuzatuvlar orqali jamoatchilik, shu jumladan, abituriyentlar ota-onalarining kirish test sinovlarini onlayn rejimda kuzatib borishlariga imkoniyat yaratilishi belgilab qo‘yildi. Andijon viloyati hokimligi, Davlat test markazi va Andijon davlat universiteti tomonidan test sinovlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan binolarda tayyorgarlik ishlari yakunlandi.
Davlat test markazi tomonidan test sinovlarida ishtirok etuvchi nazoratchilar uchun 6 oy mobaynida ko‘p bosqichli seminarlar tashkil etilib, ularning qonuniy javobgarligi atroflicha tushuntirildi.
Andijon davlat universitetiga hujjat topshirgan har bir abituriyent Davlat test markazi tomonidan tayyorlangan test jarayoni haqida tushuntirish beruvchi videorolik bilan tanishtirildi va joriy yilda test sinovlariga sun’iy ta’sir o‘tkazishga har qanday intilish qonuniy javobgarlikni keltirib chiqarishi haqida ogohlantirildi.
Davlat rahbarining yuqoridagi qarori bilan abituriyentdan alohida iqtidor talab etiladigan madaniyat, san’at, dizayn, tasviriy va amaliy san’at, san’atshunoslik, musiqiy ta’lim, sport va jismoniy tarbiya sohasidagi ta’lim yo‘nalishlariga qabul qilishni kirish test sinovlarisiz, ijodiy imtihonlar orqali amalga oshirish belgilab qo‘yilgan edi. Ijodiy imtixonlarning adolatli va shaffof o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida bu jarayonga xalq deputatlari, jamoat tashkilotlarining vakillari va kadrlar buyurtmachilari jalb etildi.
Ijodiy imtihonlarning adolatli va shaffof o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida imtixon oluvchilarning aksariyati boshqa oliy o‘quv yurtlaridan va tegishli tashkilotlardan taklif etildi va bu jarayonni to‘la videotasvirga olish belgilab qo‘yildi.
Qayd etib o‘tish kerakki, test sinovlarining adolatli o‘tishi shu sohaga mas’ullar bilan birgalikda ota-onalar, abituriyentlarning o‘ziga ham bog‘liq. Chunki davlat rahbarining yuqoridagi qayd etib o‘tilgan qarorida ham asosiy e’tibor shaffoflikni ta’minlash orqali jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga qaratilgan.
Akramjon YULDASHYEV,
ADU rektori, professor
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI