
Zahiriddin Muhammad Boburning qomusiy asari "Boburnoma" terminologik va toponimik jihatdan ham g‘oyat qimmatli manbadir. Unda O‘rta Osiyo xalqlarining yer, suv, havo va turli tabiiy hodisalarga tegishli atamalari ko‘plab uchraydi. Shuningdek, bu asarda XVI asr boshlarida O‘rta Osiyo, Afg‘oniston va Hindiston hududlaridagi mingdan ziyod joy nomlari tilga olingan. Xususan, asarda Farg‘ona vodiysi va tevaragidagi hududlarga tegishli ko‘plab joy nomlari ham keltirib o‘tilganki, bu ushbu hududlarning toponimikasini o‘rganish nuqtayi nazaridan g‘oyat ahamiyatlidir.
"Boburnoma"da Farg‘ona vodiysidagi joy nomlari XVI asr boshlaridagi holatida va transkripsiyasida berilgan. Bu nomlarning ko‘pchiligi ayrim fonetik o‘zgarishlar bilan bugungacha mavjud. Ba’zilari unutilib ketgan, boshqa nom olgan yoki butunlay ishlatilmay qolgan. Asarda bir qancha nomlarning etimologiyasi ham izohlangan, ayrim nomlarning esa turli variantlari keltirilgan.
"Boburnoma"da Farg‘ona vodiysiga juda ajoyib ta’rif berilgan: "Farg‘ona viloyati beshinchi iqlimdindur. Ma’muraning kanorasida voqe’ bo‘lubtur. Sharqi Koshg‘ar, g‘arbi Samarqand, janubi Badahshonning sarxadi tog‘lar, shimolida agarchi burun shahrlar bor ekandur, misli: Olmoliq va Olmotu va Yangi kim, kutublarda Tarozkent bitirlar... Muxtasar viloyatdur, oshliq va mevasi farovon. Girdogirdi tog‘ voqe' bo‘lubtur. G‘arbiy tarafidakim, Samarqand va Xo‘jand bo‘lgay, tog‘ yo‘qtur... Sayxun daryosikim, Xo‘jand suyig‘a mashhurdur, sharq va shimol tarafidin kelib, bu viloyatning ichi birla o‘tub, g‘arb sori oqar, Xo‘jandning shimoli Fanokatning janubi tarafidinkim, xolo Shohruhiyaga mashhurdur, o‘tub yana shimolg‘a mayl qilib, Turkiston sori borur. Turkistondin xeyli quyiroq bu daryo tamom qumg‘a singar, hech daryog‘a qotilmas".
Parchadan ma’lum bo‘lganidek, Bobur davrida Sirdaryo Xo‘jand daryosi nomi bilan atalgan. Shuningdek, Bobur Qoradaryoni Ilamish daryo deb tilga oladi.
Bobur Farg‘ona vodiysining janubi-sharqidagi tog‘larni (hozirgi Oloy tizmasi) Andijon tog‘lari deb ataydi. Shimoldagi tog‘lar esa (Talas) Yettikent tog‘lari deb ko‘rsatiladi.
"Boburnoma"da vodiydagi aholi punktlari katta-kichikligiga qarab viloyat, o‘rchin, qasaba, kent, qo‘rg‘on, mahalla, qishloq tarzida ifodalangan. Viloyatlar sifatida Farg‘ona, O‘sh, Isfara va Qorategin tilga olinadi. O‘rchin atamasi viloyatdan kichik, qasabadan kattaroq hududga nisbatan qo‘llanib, asarda Raboti Sarxang, Rabatak, O‘ratepa, Xo‘qon, Olayluq singari o‘rchinlar qayd qilinadi.
Bobur Farg‘ona vodiysidagi asosiy shaharlarni qasaba deb atagan. Qasabalar, ya’ni shaharlar yettita bo‘lib, ulardan beshtasi: Andijon, Marg‘inon, Isfara, Xo‘jand, Kandibodom Sirdaryoning janub tomonida, ikkitasi Axsi va Koson daryoning shimol tomonida joylashgan. "Boburnoma"da bu qasabalarning tabiati, havosi, suvlari, hayvonoti va o‘simliklariga ajoyib ta’rif berilgan.
Bobur Norin daryosi bilan Qoradaryo orasidagi yerlarni Ikki suv orasi deb atagan, shuningdek, bu hudud Rabotak o‘rchini deb ham yuritilgan. Asarda Norin daryosi bo‘yidagi Takasekretku degan joy nomining etimologiyasi quyidagicha izohlangan: "Andijonning shimol tarafida Sayxun daryosining yoqasida Takasekretku degan yerda, bu jihatdin ul mavzu bu ismg‘a mavsumdurkim, tog‘ domanasi jihatidin bu daryo andoq tor oqarkim, rivoyat qilurlarkim, ul yerdin taka sekrigandur, mag‘lub bo‘lub ilikka tushti". Bu joy tadqiqotchilar tomonidan hozirgi Uchqo‘rg‘on qishlog‘i deb tahmin qilinadi. Asarda Ilamish daryosi (Qoradaryo) kechuvi – Yassikechit guzari ham tilga olib o‘tilgan.
"Boburnoma"da Farg‘ona vodiysidagi asosiy savdo va aloqa yo‘llari haqida ham ma’lumot berilgan. Ular: Archakent yo‘li – Andijon - Koson yo‘li; Bandi Solor yo‘li — Andijon - Axsi yo‘lidir. Bu yo‘l asarda aytilishicha, to‘qqiz yig‘och uzunlikda bo‘lgan. Tutluq yo‘li — Andijon - O‘sh yo‘li, uzunligi to‘rt yig‘och deb ko‘rsatiladi.
Asarda Andijon shahri va atrofidagi quyidagi kent, qishloq va boshqa joy nomlari tilga olingan:
Armiyon va No‘shob kentlari – Rabotak o‘rchini (Ikki suv orasi) kentlaridan, qishloq deb ham yuritilgan.
Childuxtaron kenti — Andijonning shimoli-sharqida, bir kuruh masofada (bugungi Xo‘jaobod tumani hududida). Bu hududga tegishli Childuxtaron tog‘i, Childuxtaron qo‘rg‘oni va Lotkand kenti kabi nomlar ham tilga olingan.
Xokon kenti — Andijon shahrining janub tomonidagi kent bo‘lib, bu yerdagi Xokon arig‘i ham tilga olingan.
Raboti Ro‘zaq — Xokon bilan Andijon shahri o‘rtasidagi kent yoki qishloq, shaharning janubida. Raboti Ro‘zaq kenti qarshisida Andijon shahrining Xokon darvozasi bo‘lgan. Shaharning shimoliy darvozasi esa Mirzo darvozasi deb atalgan.
Xarobuk va Pashomun — Andijon atrofidagi kentlar, shaharning shimoli-sharqida bo‘lgan. Xarobuk bugungi Andijon tumanidagi Xirabek qishlog‘idir.
Pushtai Aysh — Andijonning sharqida, bir shar’iy masofadagi adirlik. Xokon bilan Xarobuk oralig‘ida bo‘lgan. Xoja Katta — Xokon kentidagi maxalla.
Farog‘ina — Xarobukka ko‘shni bo‘lgan kent.
Bobo Tavakkul langari — Andijon shahridagi mavzelardan biri.
Namozgoh – Andijon shahridagi mavze, u yerda katta masjid bo‘lgan.
Qo‘shtegirmon — Andijon shahrining shimolidagi chorbog‘.
Bobur Andijonning janub tarafidagi tog‘ ellaridan Ashporiyon, To‘ruqshoron, Chakrak eli kabilarni qayd qilib utgan.
"Boburnoma"da ikkinchi bo‘lib ta’riflangan shahar O‘sh qasabasi bo‘lib, u Andijonning janubi-sharqida, to‘rt yig‘och masofadadir. O‘sh qo‘rg‘onining janubi-sharqiy tomonida Baroko‘x tog‘i bor. Bu tog‘ bilan shahar o‘rtasida Masjidi Javzo nomli masjid bo‘lgan. Andijon rudi, ya’ni Andijonsoy O‘sh shahri mahallalaridan oqib o‘tib, Andijongacha borganligi, soyning ikki tarafi Andijongacha bog‘-rog‘lar bilan qoplanganligi asarda aytib o‘tiladi.
O‘sh shahrining shimolida Raboti Sarxang o‘rchini bo‘lgan. «Boburnoma»da O‘sh viloyati dohilidagi quyidagi nomdagi kentlar tilga olinadi:
Obi Xon — Raboti Sarxang o‘rchini kentlaridan.
Xo‘bon — Raboti Sarxang o‘rchini kenti, Obi Xon kentidan uch yig‘och masofada. Xo‘bon kentining janubi-sharqiy tarafida, bir shar’iy masofada Saqo kenti ham bo‘lgan. Bu kent Andijon shahriga ancha yaqin bo‘lgan.
Mozu qo‘rg‘oni — O‘sh shahrining sharqiy tarafida. Bu qo‘rg‘on ancha mustahkam bo‘lib, uning shimol tomoni soy bilan ixotalangan. Ushbu soyning shimoliy qirg‘oq tarafi – qal’aning tashqi qismi Obduzdi deb atalgan. Shuningdek, O‘sh viloyati kentlaridan O‘nju Tuba, bugungi kunda ham shu nom bilan ataladigan Navkand, O‘zgand, Olatog‘ kentlari ham «Boburnoma»da qayd qilingan.
Andijonning g‘arbida, yetti yig‘och masofada Marg‘inon qasabasi joylashgan. Marg‘inonning sharqida, bir shar’iy masofada Sapon kenti bo‘lgan (hozirda ushbu kent o‘rnida Sufon qishlog‘i mavjud). Marg‘inonning janubi-g‘arbida to‘qqiz yig‘och masofada Isfara qasabasi joylashgan. Isfara qasabasi to‘rtta yirik kentlardan tashkil topgan bo‘lib, ularning nomlari Isfara, Voruh, So‘x va Hushyor deb atalgan. Isfaraning janubida, bir shar’iy masofadagi adirlikda Sangi Oyina deb ataluvchi xikmatli tosh xaqida Bobur shunday yozadi: “Isfaraning bir shar’isida janub sori pushtalarning orasida bir parcha tosh tushubtur, “Sangi oyina” derlar, uzunligi tahminan o‘n qari bo‘lg‘ay, balandlig‘i ba’zi yeri kishi bo‘yi, pastlig‘i, ba’zi yeri kishining belicha bo‘lg‘ay, oyinadek har nima mun’akis bo‘lur” .
Isfaraga tobe kentlardan biri Maxan kenti deb atalgan, Shuningdek Qubo kenti ham ko‘p bor qayd etiladi.
Xo‘jand shahri Andijonning g‘arbida, yigirma yig‘och uzoqlikdagi yerdadir. Xo‘jand bilan Samarqand orasi yigirma besh yig‘och ekani "Boburnoma"da eslatib o‘tiladi. Xo‘jand "qo‘rg‘oni baland yerda voqe bo‘lubtur. Sayxun suyi shimol janubidin oqar. Qo‘rg‘ondin daryo bir o‘q otimi bo‘lg‘ay. Qo‘rg‘on bila daryoning shimol tarafida bir tog‘ tushubtur. Munug‘il otliq, derlarkim, bu tog‘da firuza koni bor va ba’zi konlar topulur. Bu tog‘da bisyor yilon bor". "Xo‘jand muxtasar yeredur. Yuz-ikki yuz navkarlik kishining avqoti tashvish bila o‘tar".
Bobur Xo‘jandning sharqidagi Kandibodom shahrini Xo‘jandga tobe shahar deb aytib o‘tadi. "Agarchi qasaba emas, yaxshigina qasabachadur. Bodomi yaxshi bo‘lur. Bu jihatdin bu ismg‘a mavsumdur".
Bobur Xo‘jand bilan Kandibodom o‘rtasidagi bugungi Qayroqqum cho‘lining o‘sha davrdagi nomi etimologiyasini shunday izoxlaydi: "Xo‘jand bilan Kandibodom orasida bir dasht tushubtur, Hodarveshg‘a mavsumdur. Xamisha bu dashtta yel borur.. Derlarkim, bir necha darvesh bu bodiyada tund yelga yo‘luqub, bir-birini topolmay, "Ho, darvesh", "Ho darvesh", dey-dey halok bo‘lubturlar, andin beri bu bodiyani Xodarvesh derlar" .
Xo‘jand bilan Kandibodom orasida, Xo‘janddan o‘n yig‘och, Kandibodomdan uch yig‘och masofada Nasuh qo‘rg‘oni bo‘lgani "Boburnoma"da eslatib o‘tiladi.
Sirdaryoning quyi oqimidagi kentlardan biri Xashtiyak kenti bo‘lib, u Xo‘jandga yaqin yerda bo‘lgan. Xo‘jandning shimolida, Sirdaryoning shimoliy qirg‘og‘ida Xoslar kenti bo‘lgan. Shuningdek, Tangob kenti ham Xo‘jand hududidagi, unga tobe kentlardan biri bo‘lgan.
Bobur, otasi Umarshayx Mirzo tasarrufida bo‘lgan O‘ratepa haqida shunday yozadi: "O‘ratepakim, asl bularning otlari kitoblarda Usrushnadur va Usrush ham bitirlar". Bobur davrida O‘ratepa ismi biror shahar yoki kentga nisbatan ishlatilmagan, bu atama ancha katta jug‘rofik hududga nisbatan qo‘llangan. O‘ratepa hududidagi kentlardan biri Dahkat kentidir. Bu haqda Bobur: "Dahkat O‘ratepaning ko‘hpoya kentlaridandur, ulug‘ tog‘ning tubida tushubtur, bu tog‘din o‘tgach Mascho bo‘lur. Eli agarchi sart va daxnishindur, vale atrokdek gala va ramaliq ellardur", deb yozadi. O‘ratepa bilan Isfara orasida Xasbon dashti bo‘lgan.
Bobur O‘ratepaning g‘arb tomonidagi, Samarqand yo‘lidagi Oqqachg‘ay (Oqqapchig‘ay) yaylovini ko‘p bor tilga olib o‘tgan. Oqqapchig‘ay yaylovi bilan O‘ratepa o‘rtalig‘ida Oqsuv kenti bo‘lgan. Oqqapchig‘ay yaylovi bilan Oqsuv kenti Bobur Farg‘ona davlatining g‘arbiy chegaralaridir. Farg‘onaning janubiy chegaralari Falg‘ar va Mascho tog‘lariga tutashgan. Mascho tog‘ining Obburdon ko‘tali (dovoni) bo‘lgan, Maschoning quyi etagida Obburdon kenti ham bo‘lgan,
Bobur Chotqol tog‘idagi Kandirlik doboni va uning janubi-sharqiy etaklaridagi kent va qishloqlar haqida ancha batafsil ma’lumot bergan. Kandirlik dobonidan oshib vodiyga kiraverishda Zarqon va Karnon kentlari joylashgan. Bu kentlar Qo‘qonga yaqin joyda bo‘lgan. Karnon ksntiga yaqin joyda, Sirdaryoning shimoliy qirg‘og‘ida Sakon kenti bo‘lgan. Sakon kentidan Sirdaryo kechib o‘tilsa Qo‘qon o‘rchini hududiga kiriladi. Sirdaryoning shimoliy qirg‘og‘idagi qasabalardan biri Axsi bo‘lib, kitoblarda Axsikent deb yozilgan. Axsi Andijonning g‘arb tomonida, to‘qqiz yig‘och masofada joylashgan. Axsi qo‘rg‘oni Umarshayx Mirzo hukmronligi davrida bir muddat poytaxt vazifasini bajargan, keyinchalik u hukmdorning yozgi qarorgohi bo‘lib qolgan. Axsi Farg‘ona vodiysidagi eng mustahkam qal’a ekanligi, aholi yashaydigan mahallalar qal’adan bir shar’iy uzoqlikda joylashganligi "Boburnoma"da aytib o‘tilgan.
Axsi qasabasining shimolida yana bir kichikroq qasaba Koson joylashgan. Kosonsoy – Bobur ta’biricha Axsi suyi Kosondan keladi. Koson qasabasining butun mahallalari va bog‘lari ushbu soy yoqasida barpo bo‘lgan. Axsining g‘arb tomonida Pop qo‘rg‘oni ham bo‘lgan. Axsiga yaqin joyda, Sirdaryo yoqasidagi Bichrota kenti ham asarda tilga olinadi. Bu kent yaqinida Shahboz qishlog‘i ham bo‘lgan.
"Boburnoma"da Namangan kent yoki shahar sifatida tilga olinmaydi. Faqat bir joyda Axsi qasabasining shimol tarafidagi G‘aznai Namangon yurti atamasi tilga olinadi. Bunga ko‘ra bu nom ma’lum bir geografik hududga nisbatan qo‘llangan bo‘lsa kerak. G‘aznai Namangon yurti hududidagi Arxiyon qo‘rg‘oni va unga yaqin joyda bo‘lgan Peshxoron qo‘rg‘oni asarda eslatib o‘tiladi. Axsining shimoli-g‘arbiy tomonida G‘avo kenti yo‘nalishida, bir shar’iy masofada Gunbazi Chaman degan qishloq bo‘lgan. Bu qishloqdan yana shu yo‘nalishda bir shar’iy masofada Sang kenti joylashgan. Bu kentdan Sang suyi oqib o‘tadi. Bu soyning yuqori oqimi bo‘ylab shimol tomon yurilsa, Karnon kentiga kirib boriladi. Karnon kentidagi soy Karnon soyi deb atalgan va u G‘avodan boshlangan. G‘avo tog‘liq hudud bo‘lib, undan oshib o‘tilsa Farkat hududiga kiriladi.
"Boburnoma"da Axsi atrofidagi qishloqlardan bo‘lgan Ko‘li Gil qishlog‘i tilga olingan. Lekin bu qishloqning aynan qayerda joylashganligi ma’lum emas. Bu kabi nomlari unutilib ketgan qishloq va kentlar joylashgan hududlarni aniqlash, tarixini o‘rganish bugungi kunda tarixchilar oldida turgan muhim vazifalardandir.
Andijon davlat universiteti O‘zbekiston tarixi kafedrasi professori, tarix fanlari doktori
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@adu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar

ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI