
Yurtimizda har yili ulug‘ mutafakkir shoir, davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavalludi mamlakatimiz miqyosida g‘oyat ko‘tarinkilik bilan nishonlanib kelinadi. Bu esa mamlakatimizda alloma shoir bobomiz merosini asrab-avaylash, uni o‘rganish, keng targ‘ib etish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni zamon ruhiga hamohang tashkil etish borasidagi amaliy ishlar sarasidandir. Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutadi. Ulug‘ shoir o‘zining she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalarni, ona tilimizning beqiyos so‘z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi ko‘plab xalqlar qalbidan munosib va mustahkam o‘rin egallagan.
Ayni shu ma’noda kelajak avlodni tarbiyalash, yetuk barkamol shaxsni kamolga yetkazish masalasi har zamonda Sharqu G‘arb olimlari, mutafakkir va donishmandlarining diqqat-e’tiboridagi asosiy masala bo‘lib kelgan. Ajdodlarimiz inson zotini yuksaklikka ko‘targanlar, xususan Alisher Naoviy insonni tirik mavjudotlar orasida eng a’losi deb hisoblagan hamda insonning yashashidan maqsadi, mukammal jamiyat, odil va ma’rifatli shoh, komil inson haqidagi qimmatli fikrlari hozirgacha o‘z qadrini yo‘qotmasdan, insoniyatga xizmat qilmoqda. Kishi yuksak fazilatlar va qadriyatlarni egallamasdan, o‘zida insonga muhabbat tuyg‘usini shakllantirmasdan, go‘zal xulqli, odobli, insonparvar bo‘lmasdan turib yetuk shaxs, komil inson bo‘lib yetishmaydi, deb hisoblaganlar.
Mutafakkir Alisher Navoiy ham “Xamsa” beshligida inson konsepsiyasiga tizimli yondoshib, uning markazida inson, odamiylik konsepsiyasi, adlu insof, sahovat va muhabbat haqidagi fikr-o‘ylari, ezgulik tamoyillarini olamining markazida ifoda qiladi. Uning ijodidagi eng asosiy insonparvarlik va ezgulik g‘oyalarining o‘ziga hoslik tomoni shundaki, u o‘zi yashagan davrgacha faoliyat yuritgan barcha mutafakkir va ijodkorlardan farqli o‘laroq ilohiylik va dunyoviylik tamoyilini uyg‘unlashtira oldi. Ilohiy g‘oyalar, timsollar uning uchun inson hamisha intiladigan ideal olam bo‘lsa, dunyo shu ideal olamning ko‘zgusi, ibrat hamda saboq maydoni. Zero, insonda koinotning, ilohiy olamning hikmatlari, mohiyati aks etgan. Ayniqsa, bu boradagi qarashlar "Hayrat ul–abror" dostonining asosini tashkil etadi. “Neki olami kubroda bor-olami sug‘roda bor”, deydi Alisher Navoiy ushbu dostonida. Olami kubro - katta olam, ya’ni koinot, borliq. Olami sug‘ro - kichik olam, ya’ni inson. Bunday qarash aslida Odam Atoning yaratilishi haqidagi rivoyatga borib taqaladi. Odam Ato, Qur’oni karimda aytilishicha, tuproqdan yaratilib, keyin unga Alloh o‘z ruhini yuborib, jon ato etadi. Demak, inson modda va ruh yoki yoki tabiat va ilohdan vujudga kelgan. Shu bois inson tiynatining o‘zida ma’joz va haqiqat, ilohiylik va dunyoviylik mujassam.
Shunga ko‘ra, inson avvalo o‘zini, keyin Alloh yaratgan jamiki ilmu hikmat, ma’rifat-ma’naviyatini bilib, o‘z Xoliqini tanib, musaffo ruh holida qayta vahdoniyatga qo‘shilmog‘i darkor. Shu yo‘lda inson axloqi poklanadi va u komillik darajasiga ko‘tariladi.
Ijtimoiy falsafaning tadqiqot maydoni bevosita jamiyat xarakterini bilish uchun unda kechadigan reallikni bevosita tabiiy (jismoniy, biologik) dan tortib to ijtimoiy va siyosiy darajalargacha kechadigan bosqichlarni bevosita jamiyatni strukturasi bilan bog‘langan holda o‘rganadi. Agarda mazkur masalaga Alisher Navoiyning “jamiyat – inson” munosabatlar tizimida talqin qilsak, bunda mutafakkir insonni nisbatan noqis (komil bo‘lmagan) tarzda tasvirlab, uningcha inson komillikka intilish uchun tabiat va jamiyatdan o‘zi uchun aniqrog‘i kamolotga erishish uchun shart bo‘lgan moddiy, ma’naviy, ma’rifiy bilimlarni o‘rganishi, o‘zlashtirishi kerak deb biladi. Shu sababli, “Hayrat ul-abror” dostonida ibtido tariqasida individ va uning ijtimoiy xususiyatlari tasvirlangan. Jumladan, “jamiyat-inson” munosabatlar tizimida insoniylik, xalqparvarlik, ma’rifatparvarlik va didaktik omillar asosiy kontentga aylantirilgan. Bunda mayllarga alohida urg‘u berilgan bo‘lib uning to‘rtta unsuri ko‘rsatib o‘tilgan. Bular to‘rtta asosiy elementdan tarkib topgan bo‘lib, quyidagilarni tashkil etadi:
manba (source);
maqsad (aim);
rag‘bat (stimul) (impetus);
obyekt (object).
Navoiy manba tariqasida ma’rifatni aniqrog‘i, Qur’on ma’rifatini ko‘rsatib o‘tadi. Maqsad esa, komillikka intilib o‘zining nafsini aniqrog‘i, jismoniy va ma’naviy “Meni” orasidagi tafovutni bartaraf etib, haqiqiy “Men”ga erishishni ta’minlashdan iborat. “Alisher Navoiyning Qur’on hadisdan unumli foydalangani uning boshqa asarlarida ham kuzatiladi. Shoir ijodida Qur’on ilmlari qay darajada ifodalangani haqida kengroq tasavvur hosil qilish uchun uning “Nazm al-javohir”, “Majolis an-nafois”, “Hayrat ul-abror”, “Sittai Zaruriya”, “Nasoim al-muslimin”, “Xamsat al-mutaxayyirin” kabi asarlaridagi mavzuga daxldor ma’lumotlar ko‘plab ilmiy ishlarda tadqiq etilgan.
Xulosa qilib aytganda, hazrat Navoiy “Xamsa”sining mazmun-mohiyati umuminsoniy va gumanistik ruh bilan sug‘orilgan. Mutafakkir insonparvarlik tushunchasiga ijtimoiy mazmun beradi. Ushbu dostonida kamtarlik, vafodorlik, nafsni tiyish, rostgo‘ylik, saxiylik, donolik, muhtoj va yetim-yesirlarga yordam berish, bag‘rikenglik, muloyimlik, shirinsuxanlik, shijoatkorlik, ezgulik, mehr-muruvvat, rahmdillik, odamiylik - bularning hammasi insonparvarlikning tarkibiy qismi bo‘lib, insonni kamolot sari, ezgulikka yetaklaydi. Shuningdek, barkamol avlodni tarbiyalash borasidagi ustuvor vazifalarni amalga oshirishda ajdodlarimiz merosining, xususan, Alisher Navoiy asarlarining o‘rni beqiyos. Bugun shoir asarlarini chuqur o‘rgansak, misralar qatidagi teran ma’nolarni anglashga harakat qilsak, shoirning inson kamoloti xususidagi xulosalarining mag‘zini chaqa olsak, ularni qay darajada yoshlarimiz ongiga singdira olsak, bu sa’y-harakatlar yoshlarimiz xarakteridagi ayrim kamchiliklarni barham toptirishga hamda ma’naviy yuksak yosh avlodni kamolga yetkazishga yordam beradi.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@adu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar

ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI