Men ayni kunlarda Yevropa Ittifoqining Erasmus+ KA107 International Credit Mobility xalqaro loyihasi doirasida, universitetlarimiz o‘rtasida imzolangan shartnoma asosida Italiyaning Piza universitetida stajirovka dasturini o‘tamoqdaman. Dasturning muddati 2018 yilning 18 martidan 17 iyunigacha (3 oy) mo‘ljallangan bo‘lib, undan ko‘zlangan asosiy maqsad - Andijon davlat universitetining “Menejment” yo‘nalishi tayanch doktorantura (PhD) tinglovchisi sifatida, tasdiqlangan reja asosida ilmiy tadqiqotlar olib borish, jumladan, xalqaro konferensiya va ilmiy seminarlarda ishtirok etish, shu orqali rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganishdan iboratdir.
Dasturni o‘tash bevosita Piza universitetining “Iqtisodiyot va menejment” fakultetiga belgilangan bo‘lib, fakultet professorlari Nikola Mekkeri hamda Luka Spatarolarning ilmiy rahbarligida izlanish olib bormoqdaman. Professor L.Spataro Yevropa Komissiyasi tomonidan moliyalashtirilgan “Evropa Ittifoqida ijtimoiy mas’uliyatli investitsiyalarning rivojlanishi va uyg‘unlashuvi” mavzusidagi Jean Monnet Project loyihasining rahbari hisoblanadi. Ushbu loyiha doirasida o‘tkazilgan tadbirlar, to‘plangan ilmiy materiallar hamda olingan ilmiy natijalardan “Aholini ijtimoiy himoyalash tizimida xayriya fondlarini samarali boshqarish yo‘llari” mavzusida olib borayotgan ilmiy tadqiqotlarimda oqilona foydalanish maqsadi qo‘yilgan.
2018 yilning 24-25 may kunlari universitetning Centro Congressi Le Benedettine anjumanlar zalida 2 yilga mo‘ljallangan ushbu loyiha doirasida yakuniy xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Piza universiteti ma’muriyati, xususan “Iqtisodiyot va menejment” fakulteti hamda loyiha tashkilotchilari jamoasining tabrigini yetkazish orqali professor Luka Spataro anjumanni ochib berdi. Anjumanning dastlabki kuni plenar majlislarida asosiy ma’ruzachi sifatida Alfonso de Duenas (Madriddagi Markaziy Yevropa universiteti professori, Ispaniya), “Ijtimoiy mas’uliyatli investitsiyalarda korporativ aktivlarga egalik qilish va tartibga solishning so‘nggi choralari” mavzusida, Bert Sholtens (Groningen universiteti professori, Niderlandiya), “Ijtimoiy mas’uliyatli investitsiyalar muvaffaqiyatlimi?” mavzusida, konferensiyaning ikkinchi kunida Gani Aldashev (Bryussel Libre universiteti professori, Belgiya), “Prosotsial xatti-xarakatlar iqtisodiyoti: nazariyalar va amaliyot” mavzusida mazmunli va qiziqarli ma’ruzalar qildilar.
Belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha anjuman ishi alohida sessiyalarda tashkil etildi. 1-sessiyaga Tomasso Lutsatti (Piza universiteti) rahbarlik qildi, unda Andrea Regoli (Neapol universiteti, Italiya), Katerina Janetti (Piza universiteti), Rokko Chichiretti (Tor Vergata (Rim) universiteti, Italiya), Irine Andersen (Maastrix universiteti, Niderlandiya), Tomas Renstrom (Durem universiteti Biznes maktabi, Buyuk Britaniya) hamda Luchano Fanti (Piza universiteti)lar ma’ruza qildilar. Diskussant sifatida Angela Parenti, Tomasso Lutsatti, Eliza Juliani, Luka Spataro munozara yuritdilar.
2-yo‘nalishda Viola Xyutger (Lyutsern universiteti, Shveysariya) rahbarlik qildi, unda Ria Slegers (Open University, Niderlandiya), Dario Latella (Messina universiteti, Italiya), Gabriela Yermano (Piza universiteti), Rudolfo Dolche (Xuquqshunos, Frankfurt-Mayn, Germaniya), Bastian van der Velden (Open University, Niderlandiya), Manuel Lopez Ulla (Kadiz universiteti, Ispaniya)lar ma’ruza qildilar.
Anjuman ikkinchi kuni alohida sessiyalarda 1-yo‘nalishda Nikola Mekkeri (Piza universiteti) rahbarlik qildi, unda Irine Bekkarini (Barselona universiteti Biznes maktabi, Ispaniya), Vibor Saksena (Seynt-Endryus universiteti, Buyuk Britaniya), Liza Janmoena (Piza universiteti), Reyner Rilke (Otto Bishem Menejment maktabi, Germaniya), Fabio Molterni (Enriko Mattei jamg‘armasi, Milan), Lamertyan Dam (Groningen universiteti, Niderlandiya) hamda Luka Spataro (Piza universiteti)lar ma’ruza qildilar. Munozaralarda David Fiaschi, Lilit Popoyan, Federiko Tamani, David Burgalassi, Alessandro Ballestrino qatnashdilar.
2-yo‘nalishda Dario Latella (Messina universiteti, Italiya) rahbarlik qildi, unda Jan Paolo La Sala (Molis universiteti, Italiya), Franchesko Barachini (Piza universiteti), Massomi de Ritis (Kampania universiteti, Italiya), Domeniko Matssone (Hisobchi, Prato, Italiya), Shebnem Akipek (Anqara universiteti, Turkiya), Serjio Russo (Huquqshunos, Livorno, Italiya) Afif Dair (Renn universiteti, Fransiya), Viola Xyutger (Lyutsern universiteti, Shveysariya), Manuela Matssoleni (Qonun xizmatlari kengashi, Italiya)lar ma’ruza qildilar.
Anjuman so‘nggida davra suhbati ko‘rinishidagi plenar yig‘ilishida munozara va muhokamalar bo‘lib o‘tdi. O‘z navbatida xalqaro anjuman yuqori darajada tashkil etilganligi va muvaffaqiyatli o‘tganligini, shuningdek, mazkur loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilganligi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Ushbu Xalqaro konferensiya Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlarning bir nechta nufuzli universitetlari, biznes maktablari hamda tashkilotlaridan tashrif buyurgan “uchinchi sektor” bo‘yicha ilmiy izlanish olib borayotgan yetuk tadqiqotchi-nazariyotchilar, ijtimoiy soha muassasalarini boshqarish bilan bevosita shug‘ullanib kelayotgan amaliyotchilar, qolaversa, ushbu yo‘nalishda izlanayotgan PhD doktorant va magistrantlarning o‘ziga xos uchrashuvi, muloqoti, tajriba almashinuvi sifatida yuqori axamiyat kasb etganligi shubhasizdir. Shu jumladan, men ham o‘z ilmiy tadqiqot ishimga oid kerakli ma’lumotlarni o‘zlashtirish bilan bir qatorda, kelgusida ilmiy hamkorlikni amalga oshirish maqsadida bir qancha mutaxassis va hamkasblar bilan aloqa o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldim. Buning natijasi kelgusi ilmiy faoliyatimda hamda ilmiy izlanishlarimdan olinadigan natijalarda o‘z aksini topadi deb umid qilaman.
Piza universiteti, Italiya
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI