Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni butun dunyo bolalari uchun eng beg’ubor va quvonchli bayram hisoblanadi. Albatta, bola bu dunyo, bu hayot mazmunining ajralmas qismidir. Bolalar o’z tabassumlari orqali insonlar qalbida hayotga, yashashga bo’lgan qiziqishni uyg’otadilar. Ko’zlarida ezgulik va mehr qalqib turgan bolajon musaffo osmonda erkin parvoz etayotgan qaldirg’och misoli.
1-iyun ya’ni, yozning 1- kuni dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida kelajagimiz egalari uchun turli konsertlar, ko’rgazmalar, sayillar, sport musobaqalari va turli xil tadbirlar o’tkaziladi. Istirohat bog’lari esa bolalarning tabassumlari bilan go’yoki mo’jizalar dunyosiga aylanadi. Mamlakatimizda ham ushbu bayram har yili dillarda quvonch ila nishonlanadi.
Ana shunday tadbirlardan biri Andijon davlat universiteti 5-sonli talabalar turar joyida ham 1- iyun bolalarni himoya qilish kuniga bag’ishlangan tadbir bo’lib o’tdi. Tadbir ADU Pedagogika fakulteti boshlang’ich ta’lim va maktabgacha ta’lim o’qituvchisi Shavkatbek Ahmedov hamda 5- TTJ tarbiyachisi Nodira Otaxonova boshchiligida o’tkazildi. Ushbu tadbir 5- TTJ katta zalida o’ziga xos shukuh bilan o’tkazildi. Tadbirni SH. Ahmedov o’zining ushbu bayram mamlakatimizning har bir go’shasida keng nishonlanadi chunki, O’zbekiston- bolajon yurt, xalqimiz esa azaldan bolajon xalq degan so’zlari bilan tadbirni ochib berdi. Shundan so’ng N. Otaxonova so’zga chiqib barcha tadbir ishtirokchilarini tabrikladi. Tadbirda qizlar o’z mahoratlarini ko’rsatib faol qatnashdilar jumladan, maktabgacha ta’lim 1-kurs talabasi Farida To’xtasinova A.Oripovning “Xo’rozqand” she’rini juda ham chiroyli qilib rolga kirishib aytib berdi. Shunday faol qizlardan yana biri musiqiy ta’lim 1- kurs talabasi Iroda Abdullayeva o’zining jonli qo’shiqlari bilan tadbir ishtirokchilarining ko’nglini zabt eta oldi va ularning guldiroz qarsaklariga sazovor bo’ldi.
Shu o’rinda, BTSTI ta’lim yo’nalishi 2- kurs 202- guruh talabasi Dilsabo Abduhalilova hamda 1-kurs 101- guruh talabalari Sayyora Abduqahhorova, Mohlaroy Jo’rayeva va Setora Rahmonovalar ham o’zlarining qiziqarli chiqishlari bilan tadbirni yanada jonlantirdilar. Tadbirda faol qatnashgan I.Abdullayeva va F. To’xtasinovalar tashakkurnoma bilan SH. Ahmedov va N. Otaxonovalar tomonidan taqdirlandilar. Tadbir so’ngida Sh. Ahmedov so’zga chiqib nutq so’zladi, u o’z nutqida Farzandlari barkamol, yoshlari bilimdon va vatanparvar bo’lib ulg’ayayotgan davlat qudratli, xalq esa kuchli bo’ladi. O’zbeklar azal- azaldan bolajon xalq. Yurtimizdagi har bir ota –ona farzandim deb yashaydi, uning barkamol avlod bo’lib voyaga yetishini, Vatan ravnaqiga hissa qo’shishini xohlaydi. Eng muximi, bunday orzu istak mustaqillik yillarida mamlakatimizda sog’lom avlodni voyaga yetkazish borasida olib borilayotgan sa’y-harakatlarda ham o’z ifodasini topgan deb tadbir ishtirokchilariga o’z minnatdorchiligini bildirdi va tadbirga yakun yasadi.
Darhaqiqat dunyoda bolajonlar kulgusiyu, sho’x- shodon qiyqirig’idanda beg’ubor narsaning o’zi yo’q. Tiniq nigohini sizga qadagancha biyron tilida tinmay savol berayotgan murg’ak qalbi bilan olamdagi jamiki ajoyibotlarni o’rganishga, mushohada qilishga urinayotgan bolakayning nurli chehrasiga boqqan har qanday inson hayot tashvishlarini unutadi. Zotan, farzandining saodatli va baxtiyor damlarini mudom ko’rib yashash har bir inson umrining asosiy mazmunidir.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI