Oila – jamiyatning asosiy bo‘g‘ini, kelajak poydevorini mustahkamlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan muhim ijtimoiy institutdir.
Istiqlol sharofati bilan ma’naviy tiklanish jarayonlari dadil kechayotgan mamlakatimizda oila instituti ijtimoiy hayotda tobora mustahkamroq o‘rin egallab, fundamental o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda. Oila masalalarini ilmiy-amaliy o‘rganishda milliy va diniy qadriyatlarimizning ahamiyatiga yetarlicha e’tibor berilishi esa bu boradagi katta imkoniyatlarni vujudga keltirmoqda. Bu imkoniyat oila a’zolari ma’naviyatini yuksaltirishga, ularning huquqiy va tibbiy ongini shakllantirishga, sog‘lom turmush tarzini yaratishga xizmat qilmoqda.
Har yili 15 may sanasi nafaqat mamlakatimizda, balki, butun dunyoda keng tantanalar bilan nishonlanadi. Buning sabablaridan biri: 1993 yilning 20 sentabrida BMT bosh assambleyasi tomonidan qabul qilingan xalqaro oila kuni aynan ushbu sanada nishonlanishi bo‘lsa, ikkinchi sababi: “Xalqaro oila kuni”ning paydo bo‘lishi, o‘sib kelayotgan yosh avlodni tarbiyalash, oila nufuzini ko‘tarish, oilalarning jamiyatdagi munosabatlarga bo‘lgan e’tiborini yanada rivoj toptirishdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish borasidagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5325 son Farmoni hamda Andijon viloyati hokimining 2018 yil 14 may kungi “Viloyatda “Oilalarni mustahkamligini ta’minlash oyligi”ni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat hokimligi, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Andijon davlat universiteti hamkorligida joriy yilning 23 may kuni universitet katta majlislar zalida “Halqaro oila kuin”ga bag‘ishlangan “Mustahkam oila – jamiyat tayanchi” mavzusida viloyat anjumani o‘tkazildi. Tadbirda universitet rektori, professor Akramjon Sultanmuradovich Yuldashev, viloyat hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzuraxon Yunusova, Andijon shahar FHDYo bo‘limi mudiri Inobatxon Jalilova, Andijon shahar bosh imom xatibi Valijon Siddiqov tilshunoslik kafedrasi professori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Shoxidaxon Shohobiddinova, fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudining sudyasi Cho‘lponoy Ismoilova, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining viloyat boshqarmasi rahbari Lazokatxon Jalolovalar o‘zlarining ma’ruzalari, fikr-mulohazalari bilan qatnashdilar. Tadbirning madaniy qismida universitet boshlang‘ich xotin-qizlar qo‘mitasi qoshidagi “Qizlarjon” klubining faol a’zolari tomonidan ijro etilgan musiqiy-badiiy chiqishlar anjuman ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Xalqimiz orasidagi ushbu gap bejizga aytilmagan: Kelajagi buyuk farzandlarimizning tarbiyasi-oiladan va mahalladan, ularning ahloq odobi esa ostonadan boshlanadi.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI