Andijon Davlat
Universiteti
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev viloyatimizga tashrif buyurdi
2024-02-17    1355

Davlatimiz rahbari tashrifni Asaka tumanidan boshladi. Dastavval, viloyatdagi yirik klassterlardan biri «Asaka tekstil» klassterining to‘qimachilik korxonasida bo‘lib, majmua iqtisodiy imkoniyatlari bilan tanishdi. Mazkur korxonada 83 million dollarlik loyiha evaziga xomashyodan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq “zanjir” tashkil etilgan. Korxonaga Shvetsariya, Italiya, Turkiya, Germaniya, Yaponiyadan uskunalar keltirib o‘rnatilgan. U yiliga 11 ming tonna ip-kalava, 8 ming tonna momiq va trikotaj mato, 12 ming tonna ip va matoni bo‘yash, 6 ming tonna tayyor trikotaj va sochiq ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yerda 3 ming 200 kishi ishlamoqda. Shuningdek, Prezidentimiz korxonada ishlayotgan tikuvchi ayollar bilan ham suhbatlashdi.

Shundan so‘ng, Prezident Shavkat Mirziyoev Andijon tumanidagi “Andijon sanoat xabi”dagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi. 105 gektar maydonni egallagan ushbu sanoat hududida mashinasozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari kabi tarmoqlardagi 12 ta loyiha joylashgan bo‘lib, ulardan biri – “Avto Spring Komponents” mas’uliyati cheklangan jamiyati hisoblanadi. Umumiy qiymati qariyb 60 million AQSh dollari bo‘lgan korxona yiliga 18 ming tonna cho‘yan detallar ishlab chiqarish quvvatiga ega ushbu noyob korxona bir vaqtning o‘zida 12 tonna metall eritish imkoniyatiga ega. Yana bir samarali tomoni,  xomashyolar Asaka tumanidagi avtomobil zavodining temir chiqindilaridan olinib, qayta ishlanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoev Andijon viloyati Marhamat tumanidagi shaxmat maktabi va kutubxonada ham bo‘ldi. Erkin Vohidov nomidagi mazkur maktab o‘quvchilari bilan uchrashib, ularning mahoratini oshirish uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Davlatimiz rahbari bu yerda saboq olayotgan o‘g‘il-qizlarning intilishlarini qo‘llab-quvvatlab, ezgu tilaklar bildirdi. Bu muassasani boshqa shaxmat maktablari bilan bog‘lab, tajriba almashib borish muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, Prezidentimiz Andijon shahridagi 2-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatini ham ko‘zdan kechirdi. Mazkur muassasa o‘tgan yili 50 milliard so‘m davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qurilgan. U 504 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 5-11-sinflarda aniq va tabiiy fanlarni chuqur o‘qitishga ixtisoslashgan. Maktabga o‘quvchilar viloyatning barcha shahar va tumanlaridan imtihon asosida olinadi. Prezidentimiz bu yerda o‘qituvchilar bilan suhbatlashib, maktablarning yuqori sinflari bilan oliygoh dasturlari o‘rtasida uzviylikni ta’minlash, bir-birini  takrorlaydigan darslarga yoshlarning vaqtini ketkazmasdan, ko‘proq amaliyotga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Uchrashuvda maktablarga ta’lim, tarbiya va ma’naviyat bo‘yicha yangi muhit olib kirish kerakligi ta’kidlandi.

Tashrifning ikkinchi kuni Prezident Shavkat Mirziyoev viloyatimizning Xonobod shahrida bo‘lib, aholi hayoti bilan tanishdi, mahalla guzari, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini ham ko‘zdan kechirdi.

Tashrif davomida Prezident raisligida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha kelgusi vazifalarni belgilab berish yuzasidan Andijon viloyati faollari ishtirokida yig‘ilish boshlandi. Yig‘ilish avvalida, Andijonda viloyati, xususan, Xonobod shahrining Yangi hayot MFY hududida olib borilayotgan ishlarni alohida e’tirof etib, ko‘plab sohalarda Andijon tajribasi yaratilishini ta’kidlab o‘tdi.

Shuningdek, yig‘ilishda qurilish, suv ta’minoti, yo‘l, ko‘cha va mahallalarni ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarini yangi bosqichga ko‘tarish va bu borada Andijon tajribasini yaratish muhimligi ta’kidlandi.

Shu kunlarda tavalludining 541 yilligi keng nishonlanayotgan buyuk vatandoshimiz, davlat arbobi va sarkarda, alloma va shoir, Andijon farzandi Zahiriddin Muhammad Bobur haqida ham davlatimiz rahbari o‘z fikrlarini bildirib, butun xalqimizni adabiyot va ilm-ma’rifat bayrami bilan chin dildan tabrikladi. Bobur va uning ajdodlari xotirasiga munosib hurmat-ehtirom ko‘rsatish maqsadida Andijon shahrida Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i hududida juda keng ko‘lamli qurilish ishlari rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Bo‘lajak majmua har jihatdan muhtasham, betakror mazmun va shaklga ega bo‘lishi, Bobur va boburiylar sulolasining olamshumul shon-shuhratiga to‘la munosib bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

MADUMAROV TALANTBEK TOLIBJONOVICH
IJTIMOIY IQTISODIYOT FAKULTETI DEKANI, YURIDIK FANLAR DOKTORI, PROFESSOR
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.