Adabiyot shunday san’atki, u so‘z vositasi o‘likni tiriltirishi, tirikni o‘ldirishi mumkin. Har kimga ham bunday quroldan foydalanish salohiyati berilavermaydi. So‘z saltanatida shunday sultonlar borki, asrlar o‘tsa hamki, ularning so‘z mulkidan chiqayotgan dur-u gavharlar faqir qalblarni obod qilayotir. Alisher Navoiy jahondagi “malikul kalomlardanligini” hammamiz bilamiz. Mana besh asr o‘tib hamki, har gal uning ijodiga nazar solsa kishi olam-olam ma’nolarni kashf etadi. Biz quyida Navoiy ijodining ayrim qirralarini ochib berishda yordam beradigan qit’alarga to‘xtaldik. Qit’alarning asli va tabdil variantini havola qildik. Ma’no nozikliklarini topishni o‘quvchiga taqdim etdik.
Maxluq mulozamatidin tanfiru g‘ayri haq mulozamatidin tahzir
(Maxluqqa mulozmatdan nafratlanish, Haqdan o‘zgaga mulozamatdan qaytarish)
“G‘aroyib us sig‘ar” 9-qit’a
Kimki maxluq xizmatig‘a kamar
Chust etar, yaxshiroq ushalsa beli.
Qo‘l qovushturg‘ucha bu avlodur
Ki aning chiqsa egni, sinsa beli.
Chun xushomad demakni boshlasa kosh
Kim, tutulsa dami, kesilsa tili.
Nasriy bayoni:
Kimki o‘ziga o‘xshagan insonlarga yoqish uchun xizmatiga kamarbasta bo‘lsa, shu holda qo‘lini qovushtirgunicha yelkasi chiqib, beli singani yaxshiroqdir. Xushgomadgo‘ylikni boshlagan payti uning nafasi tutilib, tili kesilsa koshki edi.
Zamonamizdagi xushomadgo‘yliklar Navoiy davrida ham bo‘lganmi deysan kishi? Asrlar o‘tsa hamki, jamiyatga illat bo‘ladigan badfe’llik yo‘qolishi qiyin masala. Navoiy ham o‘z holicha tafakkur qilib, xushomadgo‘ylik, o‘zidan mansab jihatidan baland shaxsga yoqishga harakat qilishni juda chiroyli, faqat Navoiygina ishlatishi mumkin bo‘lgan uslubda bayon etishi bugungi kun uchun ham dolzarbdir.
So‘zga quloq solmoqu og‘iz ochmamoq, gavharni terib, o‘z gavharin sochmamoq
(So‘zga quloq solish, ammo og‘iz ochmaslik, gavharni terishi, o‘z gavharin sochmaslik)
“G‘aroyib us sig‘ar” 12-qit’a
Quloqda asra garonmoya so‘zni-yu fikr et
Ki, dursiz o‘lsa, ne bo‘lg‘usidur sadaf holi.
So‘zungni dag‘i ko‘ngul ichra asrag‘ilkim, hayf
Kim, uyla durjni guhardin etkasen xoliy.
Bu durju ikki sadafni to‘la dur etkanga,
Zihe uluvvi guhar, balki gavhari oliy.
Nasriy bayoni:
Qimmatbaho so‘zni quloqda asra, fikr et. Sababki dursiz sadaf qay holga tushadi, sen sadafsan - so‘z dur. So‘zingni ko‘nglingda saqla, uni hayf etmagin. Uydan qimmatbaho toshlar saqlanadigan sandiqni olib chiqsa nima bo‘ladi? Bu sandiq va ikki sadafni dur bilan to‘ldirish qanday yaxshi, voh, oliydan-da oliy gavharlar-ku bu!
Bir gapga quloq solmaslik insonning fitratida bor narsa. Oqillargina hamsuhbatdoshini suhbatin oxirigacha eshitadi. Navoiy fikricha, sening foydangga aytilayotgan oltindan qimmatli so‘zlarga quloq sol, fikr et. Qalbingga jo ayla. Qulog‘ing ham tafakkuring ham sadafdir. Uni durlar bilan to‘ldir. Qalbing esa shu sadaflar turadigan sandiq. Uni ochiob qiymatini tushirma.
Majozdin maqsudi haqiqat ekanni izhor qilmoq va suratdin g‘araz ma’ni ekanin padidor qilmoq
“Favoyid ul kibar” 5- qit’a
(Majozdan maqsad haqiqat ekanin bayon etish, surat-shakldan niyat esa ma’no ekanin ko‘rsatmoq)
Majozdin manga maqsud erur haqiqiy ishq,
Nedinki, ahli haqiqatqa bu tariqat erur.
Majozdin chu haqiqatqa yo‘l topar oshiq,
Qilur majozni nafyi ulki, behaqiqat erur.
Nasriy bayoni:
Majozdin maqsad menga haqiqiy ishq hisoblanadi, nimagaki ahli haqiqatga bu yo‘l, usuldir. Oshiq mazoj orqali haqiqatga yo‘l topadi, kimki majoziy ishqni rad etsa, behaqiqat erur.
Hazrat Navoiy o‘z o‘qiguvchisiga yozgan ash’orini tushunish uchun bizga ozgina ikki baytdan iborat qit’asi orqali yordam bermoqda. Ya’ni ishq haqida kuylagan Navoiy yozgan har qanday janrdagi asardan maqsad bu HAQIQIY ISHQDIR. Ushbu qit’ada bayon etilishicha, majoziy ishqsiz haqiqiy ishqqa yetib bo‘lmaydi. Haq yo‘liga kirgan solik oddiygini insonlar-u nabototni sevmasa, uning xoliqi bo‘lgan zotni qanday sevsin? Oshiq yaratilmish narsalarga muhabbati orqali Yaratuvchiga qurbat hosil qiladi. Agar majoziy ishqni rad etsa solik, demak uning yo‘li haqdan emas!
Majoziy ishqdin murod haqiqat ekanlarning moni’larig‘a moni’ bo‘lmoq va nosihlarig‘a nosih
“Favoyid ul kibar” 6-qit’a
(majoziy ishqdan maqsad haqiqat ekanlgiga to‘sqinlik qilayotganlarga qarshi chiqmoq, bekor qiluvchilarga raddiya bermoq)
Ko‘rmasa husni majozi ichra juz haq sun’ini,
Oshiqekim, bo‘lsa ishq atvori ichra pokboz.
Zohido, bu ishqdin man’ aylama oshiqnikim,
Gar sen idrok aylasang, ayni haqiqatdur majoz.
Nasriy bayoni:
Agar oshiq ishq ichra chin bo‘lsa, Haq yaratgan narsalar ichra Yaratganga dalolat qiladigan majoziy ishqqa oshiq bo’lsa-yu, Uning husnini ko ‘rmasa, ey Zohid, sen bunday majoziy oshiqlikdan qaytarma. Agar bilsang shu majoziy ishq haqiqiy ishqdir.
Ushbu qit’a orqali Navoiy ishqning eng yuqori darajasi Ilohiy ishq uchun majoziy ishq vosita bo‘lishini, agar bu majozga oshiqlik dastlabki bosqichda Ilohiy ishqqa bog‘lanmagan bo‘lsa ham aslida har qanday majoziy ishq, albatta, Haqqa yetkazishini ta’kidlamoqda! Ey zohid, deydi Navoiy, seni ko‘zingga majoziy ishq haqir bo‘lib ko‘rinar. Lekin Haq qullari, avvalo, o‘zlariga o‘xshagan qullarni seva olishi so‘ngra, haqiqiy Xojani topishi lozim.
Burdbor-u ko‘h viqorlarning malakvashlig‘in ko‘rguzmak va sho‘x ayyorsifatlar shaytonlig‘i so‘zin demak
(Chidamli, sabr toqatli, tog‘dek viqorli insonlarning farishta sifatligini ko‘rsatmoq, sho‘x va ayyorsifat insonlarning shaytonligini aytmoq)
“Favoyid ul kibar” 7-qit’a
Burdboru malakivashqa itoatdur ish,
Sho‘x, shayton sifat eshitsa ne so‘z, bosh chekar.
Uy aro shayxi zamon amrida ermas sichqon,
Teva afsorini uch-to‘rt yashar yosh chekar
Nasriy bayoni:
Chidamli, sabr toqatli farishtadek insonlarga itoat etish ish emas(muommo emas), ammo sho‘x, shaytonsifat kishilarga har qancha yaxshi gap aytsang ham bosh ko‘taradi, itoatsizlik qiladi. Xuddiki, bir uyda zamonning eng buyuk shayxi bo‘lsa ham sichqon uning izmida emas. Tuyaning tizginini 3-4 yashar bola berib qo‘ysang hech nima o zgarmas.
Inson ruhiyati qiyin masala. Hayotda vazmin, og’ir bosiq odamlar bo‘ladi. Ular shuqadar ulug‘ki, xulqini, jamiyatdagi o‘zini tutishini ko‘rib qoyil qolmay iloji yo‘q. Ular misli farishtadek, sahrolarda insoniytga yordamin beminnat taklif qiladigan tuyadek. Ularga fil ham, pashsha ham bir. Ammo xudbin, o‘z manfaatini o‘ylaydigan maqsadi tubanlardanda tuban bo‘lganlar ham yo‘q emas. Ular umrini sichqonga o‘xshab omborini to‘ldiradiganlardir. Atrofida olimi zamon bo‘lmaydimi, u sichqonligini qiladi.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI