So‘nggi yillarda mamlakatimizda pedagog kadrlarning ma’naviy qiyofasi, aqliy salohiyati hamda kasbiy mahoratini yuksaltirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, pedagoglar kasbiy faoliyatni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini talab qilishi, qonunchilik hujjatlariga muvofiq ijodiy ta’til olishi, ta’lim tashkilotini boshqarishda, shuningdek, ta’lim tashkilotining faoliyati bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishda ishtirok etishi, o‘z kasbiy faoliyatiga g‘ayriqonuniy ravishda aralashuvdan himoyalanish hamda ta’lim oluvchilar va ularning ota-onalari (qonuniy vakillari) tomonidan pedagogning kasbiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishini talab qilishga oid «Pedagogning maqomi to‘g‘risida»gi qonunning Prezident tomonidan imzolanishi, bu boradagi ishlarni yangi bosqichda ko‘tarishga huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Endilikda O‘zbekiston Respublikasida qonun bilan pedagoglarning maqomi tan olinadi hamda o‘z kasbiy faoliyatini yuritishi uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratiladi. Qonun bilan pedagoglarning ijtimoiy himoyasi ta’minlanadi va huquqlari amalga oshirilishi kafolatlanib, pedagogning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati hamda ishchanlik obro‘si davlat himoyasi ostida bo‘ladi.
Mazkur qonun bilan agar qonunchilikda boshqa yo’sindagi qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, pedagogik oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslarga qayta tayyorlash kurslaridan o‘tganidan keyin ta’lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi berilmoqda;
Zarurat bo‘lganda professional ta’lim tashkilotlari ishlab chiqarish ta’limi ustalarini; tegishli bilim hamda amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan, oliy ma’lumoti bo‘lmagan boshqa mutaxassislarni amaliy va qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun jalb etishi;
Ishlab chiqarish ta’limi ustalari qayta tayyorlash kurslaridan o‘tmasdan professional ta’lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishga haqli bo‘lmoqdalar.
Mazkur qonun bilan quyidagilar taqiqlanmoqda:
- pedagogning kasbiy faoliyatiga aralashish, uning faoliyatini asossiz ravishda tekshirish, pedagog tomonidan ta’lim oluvchilarning bilimlarini to‘gri va xolis baholashga ta’sir ko‘rsatish, shuningdek, unga o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishga to‘sqinlik qilish;
- pedagogni kasbiy faoliyati bilan boglik bo‘lmagan ishlarga, shu jumladan hududlarni obodonlashtirishga va qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilish;
- pedagogdan uning kasbiy majburnyatlariga taalluqli bo‘lmagan hisobotlarni va boshqa ma’lumotlarni, shu jumladan aholining soliqlar, ——kommunal to‘lovlar, kreditlar va boshka qarzdorligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, bitiruvchilarning bandligi ta’minlanganlngi haqidagi hisobotlarni shakllantirishini va taqdim etishini talab qilish;
- pedagogni ishga joylashtirilmagan, ta’lim bilan qamrab olinmagan va profilaktika hisobida turgan voyaga yetmaganlar hisobini yuritish hamda ularning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish ishlariga jalb etish;
- pedagogning zimmasiga tovar va xizmatlarni sotib olish majburiyatini yuklash, shu jumladan ish haqidan uning yozma roziligisiz tovar va xizmatlar uchun mablag‘ ushlab qolish.
E’tiborli tomoni, endilikda pedagogni uning kasbiy faoliyati bilan bogliq bo‘lmagan, lekin siyosiy va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tadbirlarga (saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish jarayonlarida ishtirok etish, test sinovlarida auditoriya nazoratchisi vazifasini bajarish, aholini ro‘yxatga olish ishlarida ko‘maklashish, ta’lim tashkilotlarini tekshirish hamda attestatsiyadan o‘tkazish jarayonlarida ekspert sifatida ishtirok etish va boshqalarga) jalb qilish uning roziligiga ko‘ra, u bilan tuzilgan shartnomaga asosan qo‘shimcha haq to‘lash evaziga ishdan bo‘sh vaqtida yoki ish joyi bo‘yicha o‘rtacha ish haqi saqlangan holda amalga oshiriladi.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI