Bugun universitetimizga AQSHning nufuzli oliy ta'lim muassasalaridan biri bo‘lmish Arizona universiteti professori janob Keyt Braun tashrif buyurdi.
Tashrifning asosiy maqsadi universitetimizning Sotsiologiya yo‘nalishi talabalariga dars mashg‘ulotlarini olib borishdan iborat bo‘lib, professor talabalarga "Oila va gender sotsiologiyasi" fanidan "Gender muammolari: ijtimoiy munosabatlarda ayollarning roli tahlili" mavzusida ma'ruza mashg‘uloti olib bordi.
Ma'ruza davomida talabalar fandagi asosiy nazariyalar va amaliy tadqiqotlar bilan bir qatorda masalaga yangicha yondashuvlar va yechimlar, muhim qiyosiy tahlil natijalari haqida ma'lumotlar oldilar. Dars davomida janob Braun talabalarning mavzu yuzasida savollariga javob berdi, ularning fikrlarini ham eshitdi.
Bundan tashqari mehmon Fuqarolik jamiyati nazariyasi kafedrasi professor-o‘qituvchilari bilan ilmiy seminarda ham ishtirok etdi. Seminar davomida olimning tadqiqot yo‘nalishi, ilmiy ishlari, shuningdek, kafedraning ilmiy yo‘nalishi bo‘yicha muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Arizona universitetida sotsiologiya muammolarini tadqiq qilish masalasi haqida ham so‘z bordi. Seminar so‘nggida kelgusidagi hamkorlik masalalari, xususan, hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlari olib borish, konferensiyalar tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuvga ham erishildi.
Tashrif davomida professor Keyt Braun universitet rektori Akramjon Yuldashev hamda ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Iqboljon Karimjonov bilan ham kelgusidagi hamkorlik aloqalari yuzasidan muloqot olib bordi.
Mehmonning keyingi manzili universitet tuzilmasidagi "Qatag‘on qurbonlari xotirasi" muzeyi bo‘ldi. Mezeyda Keyt Braun professor Rustambek Shamsutdinov bilan uchrashib, olimning ilmiy ishlari, muzey eksponatlari bilan tanishdi. Mehmon suhbat davomida professor R. Shamsutdinovning ilmiy ishlari hamda faoliyatini alohida e'tirof etdi.
Ma'lumot o‘rnida aytish kerakki, Arizona universiteti AQSHning 4 mingdan ortiq oliy ta'lim muassasalari orasida 71 o‘rinda bo‘lib, QS xalqaro reytingining 2023-yil uchun reytingida 179-o‘rinda qayd etilgan.
Talabalarimiz uchun ana shunday yuqori reytingga ega universitetlar professorlari tomonidan ma'ruzalarning tashkil etilishi ularni o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha zamonaviy fan trendlari bilan tanishib, yetuk kadr bo‘lishlari uchun xizmat qiladi.
Chet ellik professorning universitetimiz uchun manfaatli bo‘lgan ushbu tashrifini tashkil etishda Tarix fakulteti dekani Ravshanbek Shamsitdinov jonbozlik ko‘rsatganini alohida qayd etib o‘tamiz.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI