Andijon Davlat
Universiteti
XALQARO ALOQALAR RIVOJLANMOQDA
2018-04-24    5004

Qirg‘iziston Respublikasi fan va ta’lim vazirligi O‘sh davlat universiteti va Andijon davlat universiteti o‘rtasida 2017 yil 5 dekabr kuni imzolangan o‘zaro hamkorlik memorandumiga asosan ikki universitet o‘rtasida ta’lim tizimini takomillashtirish va hamkorlikda ilmiy faoliyat olib borish bo‘yicha aloqalar yo‘lga qo‘yilmoqda.

Andijon davlat universiteti Tarix fakulteti bilan O‘sh davlat universiteti Xalqaro munosabatlar fakulteti o‘rtasida o‘zaro tajriba almashuv, ilmiy tadqiqotlar olib borish to‘g‘risida shartnoma imzolangan bo‘lib, bu shartnoma bo‘yicha ikki fakultet o‘rtasida qizg‘in aloqalar olib borilmoqda. 2018 yilning 27 fevral kuni O‘sh davlat universiteti Xalqaro munosabatlar fakultetining professor-o‘qituvchilari, magistrant va talabalaridan iborat delegatsiyasi Andijonga kelishib, Andijon davlat universitetida ham bo‘ldilar. Ular universitetdagi, jumladan Tarix fakultetidagi ta’lim jarayonlari, ilmiy-tadqiqot ishlari yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishgan edilar.

2018 yilning 20 aprel kuni O‘sh davlat universiteti Xalqaro munosabatlar fakultetida “Sharqshunoslik va afrikashunoslikning dolzarb masalalari” mavzuida Xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Bu konferensiyada Andijon davlat universiteti Tarix fakultetidan Jahon tarixi kafedrasi mudiri t.f.n. T.R.Xamraeva, O‘zbekiston tarixi kafedrasi dotsenti, t.f.n. M.G‘.Abdullaevlar ishtirok etdilar.

Xalqaro konferensiya yalpi majlisi 20 aprel kuni ertalab 9.00 da O‘shDUning asosiy binosida ish boshladi. Konferensiyada qirg‘izistonlik tarixchilar, iqtisodchilar, sharqshunoslar bilan bir qatorda O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston, Rossiya, Turkiya, Pokiston, Livan, Xitoy va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan mutaxassislar ham ishtirok etdilar.

Yalpi majlisda bir qator qirg‘izistonlik va chet ellik tadqiqotchilarning konferensiya mavzulariga oid dolzarb ma’ruzalari tinglandi. Jumladan, yalpi majlisda ADU Jahon tarixi kafedrasi mudiri t.f.n. T.R. Xamraeva ham “Agrarnaya statistika i praktika yeyo primeneniya v Turkestane (na primere Ferganskoy oblasti)” mavzuida ma’ruza qildi.

Yalpi majlis 13.00 da yakunlanib, tushlik tanaffusdan so‘ng konferensiya ishi 2 ta seksiya bo‘yicha davom etdi. Seksiyalarda ham Sharqshunoslik va O‘rta Osiyo tarixining dolzarb muammolari bo‘yicha yetakchi mutaxassislarning ma’ruzalari tinglandi. “Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar” yo‘nalishidagi 1-seksiya ishida O‘zbekiston tarixi kafedrasi dotsenti M.G‘. Abdullaev “Repressivnыe merы v protsesse kollektivizatsii selskogo xozyaystva v Sredney Azii” mavzuida ma’ruza qildi. Konferensiya yakuni va natijalari bo‘yicha o‘tkazilgan munozaralarda O‘zbekistonlik tarixchilar tomonidan qilingan ma’ruzalar mutaxassislar tomonidan ijobiy baholandi. Konferensiya yakuni yuzasidan chiqarilgan qarorga Andijon davlat universiteti tarixchi-olimlari bilan ilmiy-tadqiqot ishlarida ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yish haqida alohida band kiritildi.

Konferensiya seksiyalar bo‘yicha o‘z ishini yakunlaganidan keyin O‘sh davlat universiteti fakultetlari, o‘quv binolari va o‘quv jarayoni bilan tanishuv tadbiri o‘tkazildi. Bu tadbir davomida o‘quv-ilmiy jarayonni tashkil etish, dars o‘tish bo‘yicha o‘zaro tajribalar almashildi. O‘quv jarayonini takomillashtirish, uning samaradorligini oshirish bo‘yicha, shuningdek, ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, O‘rta Osiyo tarixining dolzarb muammolari bo‘yicha ikkala universitet tarixchi-olimlari hamkorligida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish yuzasidan fikrlar almashildi.

Yusufxon JAHONGIROV
Tarix fakulteti Ilmiy ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosari
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.