Doktor B.Hayitning xalqqa murojaati, A.Cho‘lponning Yangi Buxoroga ilk tashrifi, Qo‘qon xonligi moliyasining ahvoli, 1917 yil 10 oktyabrda shovinist yevropaliklarga “соберите чемодан, освободите Туркестан!” deb ayta olgan S.Jo‘raboyevning hayoti haqida “Vodiynoma” jurnalining 2023 yil 4 (31) sonida o‘qing!
“...Meni qotil dedilar, sudga berilishimni iltimos qilishdi, ammo sudga berolmadilar. Fashist dedilar, fashistligimni isbot etolmadilar, vatan xoini dedilar, meni vatan xoini bo‘lganimni isbot etolmadilar...” Yuqoridagi satrlar doktor Boymirza Hayitning “Vodiynoma” jurnalining 2023 yil 4-sonida e’lon qilingan “Xalqimga so‘z” sarlavhali maqolasidan olingan. Unda, shuningdek, muallifning xalqimiz o‘tmishidagi murakkab, fojiali voqealarga oid qarashlari, xalqimiz iqtisodiy turmushini yaxshilash xususidagi fikrlari ham o‘z aksini topgan. Bu sondan yana Boymirza Hayitning turk tilidagi “Bosmachilar: Turkiston milliy kurashi tarixi” kitobidan tarjima qilingan parcha ham joy olgan.
Arxiv muassasasi tarixning va tarixchining suyanchig‘i bo‘lib kelmoqda. Sababi o‘tmishga oid asosiy malumotlar va manbalar arxivlarda saqlanib kelinadi. Hozirgi paytda arxivlarda saqlanayotgan hujjatlarni iste’molga kiritish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 1920 yil 22 avgustda Andijon RosTasi tomonidan Turkiston RosTasi uchun tayyorlangan va hozir Andijon viloyati davlat arxivining 312-jamg‘arma, 1-ro‘yxatida saqlanayotgan hujjatda Abdulhamid Cho‘lponning 1920 yil yoz mavsumida Yangi Buxoroda xizmat safarida bo‘lgani ma’lum qilingan. Cho‘lponshunoslik uchun yangilik bo‘lgan bu ma’lumot xususida jurnalning mazkur sonida chop etilgan “Cho‘lponning Buxoro jumhuriyatidagi faoliyatiga doir” sarlavhali maqolada batafsil so‘z yuritilgan.
Tarixda jasur insonlargina yaxshi nom bilan eslanadi. “O‘rtoq yevropaliklar, sizlar o‘qituvchi, biz o‘quvchilarmiz. Bilganlaringizni o‘rgatinglar, bo‘lmasa yuklaringizni yig‘ishtirib, Turkistonni bo‘shatib qo‘yinglar!” deya ayta olgan, o‘tgan asrning 20-yillarida Farg‘ona oblasti inqilobiy qo‘mitasi raisi, Turkiston ASSR Markaziy Ijroiya qo‘mitasi a’zosi va boshqa mas’ul lavozimlarda ishlagan Safo hoji Jo‘raboyevnig hayoti va faoliyati, 1937 yilda qatag‘on domiga tortilishi sabablari haqida ma’lumot berilgan “Bokudagi Sharq xalqlari qurultoyi delegati Safo hoji Jo‘raboyev hayotidan lavhalar” sarlavhali maqola jurnalning mazkur sonidan o‘rin olgan.
Qatag‘on siyosati nafaqat O‘zbekiston, balki, Sovet Ittifoqining qo‘plab hududlarida amalga oshirilgan mudhish jinoyatdir. Ayniqsa, O‘zbekistonda va Qozog‘istonda qatag‘on qurbonlarini aniqlash, taqdirini o‘rganish va yoritish hozir ham o‘z ahamiyatini saqlab qolmlqda. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, Andijon davlat universiteti va Qozog‘istondagi Ch.Ch.Valixonov nomli Tarix va etnologiya instituti olimlarining o‘zaro hamkorligi xususidagi “Tarixning tadqiqqa muhtoj sahifalari” sarlavhali maqola, qolaversa, Navoiy davlat pedagogika instituti birinchi prorektori, dotsent X.Qurbonovning 1942 - 1944 yillarda O‘zbekistondan Janubiy Uralga keltirilgan “mehnat armiyachilari”ning harbiy sanoatdagi faoliyatiga oid ikkita maqolasi va boshqa materiallar ham shu sondan o‘rin olgan.
“Vodiynoma” jurnalining yangi sonlarini o‘qib, tarixga doir bilimlaringizni boyiting!
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI