Andijon Davlat
Universiteti
ALISHER NAVOIY IJODIDA GUMANIZM G‘OYALARI
2023-02-06    4170

Ko‘hna tariximizdan ayonki, ajdodlarimiz inson zotini yuksaklikka ko‘targanlar, uni tirik mavjudotlar orasida eng a’losi deb hisoblaganlar. Ajdodlarimizning mukammal jamiyat, odil va ma’rifatli shoh, komil inson haqidagi qimmatli fikrlari hozirgacha o‘z qadrini yo‘qotmasdan, insoniyatga xizmat qilmoqda. Kishi yuksak fazilatlar va qadriyatlarni egallamasdan, o‘zida insonga muhabbat tuyg‘usini shakllantirmasdan, go‘zal xulqli, odobli, insonparvar bo‘lmasdan turib yetuk shaxs, komil inson bo‘lib yetishuvi qiyin.


Bizlarga boy adabiy-ilmiy meros qoldirgan ajdodlarimizdan biri - Alisher Navoiy o‘z xulqi, axloqi, ilmi va bilimi bilan jamiyat hayotidagi turli ijtimoiy nohaqlik hamda adolatsizliklarga qarshi kurashdi, o‘z asarlarida ifodaladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, shoirning shaxsiy namuna bo‘lganligi o‘z navbatida uning asarlaridagi gumanizm va ezgulik g‘oyalarining o‘ziga hos talqinini yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Hazrat Navoiy asarlarida tasavvuf falsafasidagi axloq, xulq-odob qoidalari, insonparvarlik va odamiylik, nafsni tiyish, adolat va ma’rifat, tabiat va insonni sevish, ularni e’zozlash, ta’lim-tarbiya to‘g‘risidagi g‘oyalardan unumli foydalandi. Bu g‘oyalar mutafakkirning g‘azal va ruboiylari, dostonlari, nasriy asarlariga singib ketgan.


Alisher Navoiy “Xamsa” si XV asrdagi xalqimiz manaviy taraqqiyotining ko‘zgusi bo‘lib, “Xamsa” uning shoh asaridir. Unda o‘sha davr turmushi, xalq hayoti, din va diyonat, odob va axloq haqidagi qarashlar o‘z ifodasini topgan, shuningdek, o‘z navbatida boshqa “Xamsa” lardan farq qilgan alohida xususiyatlar asosida bo‘lgan insoniylik va boshqa ezgulik g‘oyalarining talqiniga ega. Navoiy "Xamsa"si bir-biri bilan ich-ichidan mustahkam bog‘langan beshta dostonni o‘z ichiga oluvchi yaxlit asardir. Buyuk shoir unda zamonasining barcha dolzarb masalalarini qalamga oladi. Mundarijaviy doston bo‘lmish "Hayratul-abror"da shoir umr, uning mazmuni, tabiat, jamiyat va inson munosabatlariga doir savollarni qo‘yib, keyingi dostonlarda muayyan taqdirlar, voqealar misolida ularga javob berishga intiladi. “Xamsa”da buyuk mutafakkirning olam va odam, tabiat, kishilik jamiyati, umr va uning mazmuni haqidagi falsafiy-axloqiy qarashlari, ijodkor sifatidagi buyuk salohiyati, u qo‘llagan badiiy timsollar, tashbehu tamsillar vositasida butun bo‘y-basti bilan namoyon bo‘ladi.


Navoiy “Xamsa” si uning dunyoqarashini yaxlit bir tizim sifatida namoyon qilib, uning markazida, shubhasiz, inson, odamiylik konsepsiyasi, adlu insof, sahovat va muhabbat haqidagi fikr-o‘ylari, ezgulikka payvasta buyuk tafakkur olami yotadi. Uning ijodidagi eng asosiy insonparvarlik va ezgulik g‘oyalarining o‘ziga hoslik tomoni shundaki, u o‘zi yashagan davrgacha faoliyat yuritgan barcha mutafakkir va ijodkorlardan farqli o‘laroq ilohiylik va dunyoviylik tamoyilini uyg‘unlashtira oldi. Ilohiy g‘oyalar, timsollar uning uchun inson hamisha intiladigan ideal olam bo‘lsa, dunyo shu ideal olamning ko‘zgusi, ibrat hamda saboq maydoni. Zero, insonda koinotning, ilohiy olamning hikmatlari, mohiyati aks etgan. Ayniqsa, bu boradagi qarashlar "Hayratul–abror" dostonining asosini tashkil etadi. “Neki olami kubroda bor-olami sug‘roda bor”, deydi Alisher Navoiy ushbu dostonida. Olami kubro - katta olam, ya’ni koinot, borliq. Olami sug‘ro - kichik olam, ya’ni inson. Bunday qarash aslida Odam Atoning yaratilishi haqidagi rivoyatga borib taqaladi. Odam Ato, Quroni karimda aytilishicha, tuproqdan yaratilib, keyin unga Alloh o‘z ruhini yuborib, jon ato etadi. Demak, inson modda va ruh yoki yoki tabiat va ilohdan vujudga kelgan. Shu bois inson ziynatining o‘zida ma’joz va haqiqat, ilohiylik va dunyoviylik mujassam.


Bu olam yagonaligi haqidagi vahdat ul-vujud talimotiga muvofiqdir. Ya’ni:
“O‘z vujudungg‘a tafakkur aylagil,
Har ne istarsan, o‘zungdin istagil”.

Shunga ko‘ra, inson avvalo o‘zini, keyin Alloh yaratgan jamiki ilmu hikmat, ma’rifat-ma’naviyatini bilib, o‘z Xoliqini tanib, musaffo ruh holida qayta vahdoniyatga qo‘shilmog‘i darkor. Shu yo‘lda inson axloqi poklanadi va u komillik darajasiga ko‘tariladi.


Alisher Navoiy soxta dindorlik, dindan o‘z shaxsiy manfaatlari yo‘lida foydalanish, botiniy olamga qaramay, zohiriy rasm–rusumlarni bajarish bilan kerilish, riyokorlik, shavqatsizlikni qoralaydi. Inson avvalo yaxshi axloqi, niyatining (himmatining) ulug‘vorligi, ilohiyligi bilan inson. Agar bunday bo‘lmasa, yani kishi qalbida ezgulikka, hayrga muhabbat bo‘lmasa, uning iymoniga ishonish qiyin. Iymon botiniy olamning tozaligi va butunligi, haqqa yaqinligini namoyon etib turishi kerak.
Shuni aytish o‘rinliki, hazrat Navoiy "Xayratul–abror" dostonida tasavvuf falsafasidagi axloq, xulq-odob qoidalari, insonparvarlik va odamiylik, nafsni tiyish, adolat va marifat, tabiat va insonni sevish, ularni e’zozlash, talim-tarbiya to‘g‘risidagi g‘oyalardan unumli foydalandi. Bu g‘oyalar mutafakkirning boshqa g‘azal va ruboiylari, dostonlari, nasriy asarlariga ham singib ketgan. I. Haqqul ta’kidlaganidek, “Navoiyning tasavvufga yondashuvi va bu ta’limotdan ko‘zda tutgan maqsadi – shaxs va millat taqdiriga mas’ul, yurt taraqqiyotiga suv va havoday zarur tushunchalarning istiqboli uchun yonib kurashgan, haqiqatni faqat tanish emas, haqiqatni sevish salohiyatini ham ko‘zlagan mutafakkir sanatkorning yondashuv va maqsadi edi”.


Navoiyning umuminsoniy mazmunga ega bo‘lgan gumanistik qarashlari islom dini falsafasidan oziqlangan bo‘lib, mutafakkir o‘zining asarlarida insonning diniy va dunyoviy jihatlari, zohiriy va botiniy tomonlarini har tomonlama yoritib berishga harakat qilgan..
Navoiy insonni aqlsiz tasavvur qilmaydi. Inson qanday ish bilan shug‘ullanmasin aqlga, tafakkurga, uning kuchiga ishonishi kerak, degan fikr mutafakkir asarlarining muhim jihatini tashkil qiladi. Mutafakkirning yana bir muhim xususiyati, bizning fikrimizcha, shundan iboratki, ul zot o‘zining g‘azal, ruboiy va dostonlarida insonparvarlikka oid qarashlarni bayon qilish bilan cheklanib qolmasdan, balki o‘zi buyuk insonparvar shoir degan nom qozondi, odamiylikda boshqalarga o‘rnak bo‘ldi. U doimo oddiy xalq g‘am-tashvishiga sherik bo‘ldi, ularga homiylik qildi.


Alisher Navoiyning “Xamsa”ga kirgan dostonlarining har birida insonparvarlik g‘oyalari yaqqol namoyon bo‘ladi. Uning “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Saddi Iskandariy” va boshqa dostonlaridagi Farhod, Shirin, Layli, Majnun, Iskandar, Suqrot, Aflotun timsollarida vatanparvarlik, insonparvarlik kabi yuksak axloqiy fazilatlar, oliyjanob qadriyatlar jamlangan. Bu obrazlar allomaning ijtimoiy-falsafiy, axloqiy va gumanistik qarashlariga mos holda bayon qilinadi. Hazrat Navoiy odamiylik, vafodorlik, mehr-oqibat, xalq g‘amida yashash, uning farovonligi, baxt-saodati yo‘lida hatto jonini fido qilish, xayr-ehson, o‘zgalarga saxiylik qilish kabi fazilatlarni hamma narsadan yuqori qo‘yadi. Mutafakkir bu bilan insonni, uning xislatlarini ulug‘laydi, uni boshqa jonzotlardan a’lo ekanligini ishonarli tarzda isbotlab beradi.


Xulosa qilib aytganda, mutafakkir Navoiyning hayotda qilgan ishlari, davlat arbobi sifatidagi faoliyati, xalqning turmushini yaxshilashga, og‘ir qismatini yengillashtirishga qaratilgan savobli va xayrli ishlari, “Xamsa”sining mazmun-mohiyati umuminsoniy va gumanistik ruh bilan sug‘orilgan. Mutafakkir insonparvarlik tushunchasiga ijtimoiy mazmun beradi. Ushbu dostonida kamtarlik, vafodorlik, nafsni tiyish, rostgo‘ylik, saxiylik, donolik, muhtoj va yetim-yesirlarga yordam berish, bag‘rikenglik, muloyimlik, shirinsuxanlik, shijoatkorlik, ezgulik, mehr-muruvvat, rahmdillik, odamiylik - bularning hammasi insonparvarlikning tarkibiy qismi bo‘lib, insonni kamolot sari, ezgulikka yetaklaydi.

Andijon davlat universiteti
Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.