Zahiriddin Muhammad Bobur 1483-yilning 14-fevralida Andijonda, Fargʻona viloyatining hokimi Umar Shayx Mirzo oilasida dunyoga keldi. Boburning otasi - Umarshayx Mirzo Fargʻona viloyati hokimi, onasi - Qutlugʻ Nigorxonim Moʻgʻuliston xoni va Toshkent hokimi Yunusxonnint qizi edi. Boburning onasi oʻqimishli va oqila ayol boʻlib, Boburga hokimiyatni boshqarish ishlarida faol koʻmak bergan, harbiy yurishlarida unga hamrohlik qilgan. Umarshayx Mirzo xonadoni poytaxt Andijonning arki ichida yashar edi.
Lekin 1494-yili otadan yetim qoldi. 12 yoshida otasi oʻrniga Fargʻona ulusining hokimi etib koʻtarilgan Bobur qalamni qilichga almashtirib, Andijon taxti uchun ukasi Jahongir Mirzo, amakisi Sulton Ahmad Mirzo, togʻasi Sulton Mahmudxon va boshqa raqiblarga qarshi kurashishga majbur boʻldi. Bobur ukasi Jahongir Mirzo bilan murosaga kelish uchun unga yon berishga Fargʻona ulusini ikkiga taqsimlab, yarmini ukasiga topshirishga qaror qildi va oʻzi Samarqand uchun olib borilayotgan kurashga kirishib ketdi. Bir necha yil davom etgan bu kurash qirgʻinbarotdan boshqa biror natija bermadi: unda katta harbiy kuch bilan aralashgan Shayboniyxonning qoʻli baland keldi va Bobur Samarqandni tashlab ketishga majbur boʻldi. 1504-yili Shayboniyxon Andijonni ham qoʻlga kiritgandan soʻng Bobur janubga qarab yl oldi va Kobul ulusida oʻz hokimiyatini oʻrnatdi. 1505–1515-yillarda u Markaziy Osiyoga qaytishga bir necha bor urinib koʻrdi. Ammo bu urinishlardan hech qanday natija chiqmadi.
Movarounnahr 15-asr oxirida oʻzaro nizolashayetgan temuriy shahzodalar yoki mulkdor zodagonlar boshchilik qilib turgan, deyarli mustaqil boʻlib olgan koʻpdankoʻp viloyatlarga parchalanib ketgan edi. Movarounnahr taxti uchun kurash avjga chiqqan, turli siyosiy fitnalar uyushtirilmoqda edi. Temuriylarning oʻzaro urushlari kuchaygan kezlarda Shayboniyxon Movarounnahrni istilo qilishga kirishadi. U 1499-yil Jizzax va Samarqand orqali Qarshi va Shahrisabzgacha bosib boradi, katta oʻlja bilan Dashti Qipchoqqa qaytadi. Bobur Temuriylar saltanatini himoya qilish va uni saqlab qolish uchun astoydil harakat qilib, Shayboniyxonga qarshi bir necha yil davomida muttasil kurash olib borsada, ammo mamlakatda hukm surgan ogʻir iqtisodiy tanglik va siyosiy parokandalik sharoitida maqsadiga erisha olmaydi.
Bobur Movarounnahrni egallash ilinjidan uzilkesil umidini uzadi va butun eʼtiborini Hindistonga qaratadi.
1519-yil bahoriga kelib Bobur Hindistonni zabt etish rejalarini amalga oshirishga kirishadi va keyingi 5-6 yil davomida bir necha yurishlar uyushtiradi. Nihoyat, 1526-yil aprelda Panipatda asosiy raqibi, Dehli sultoni Ibrohim Loʻdiyning yuz ming kishilik qoʻshininy 12 minglik askari bilan tormor qiladi hamda Dehlini egallaydi. Oradan koʻp oʻtmay, ikkinchi yirik hind sarkardasi Rano Sango ustidan ham zafar qozonib, Shimoliy Hindistonning Bengaliyagacha boʻlgan qismini oʻziga boʻysundiradi. Agrani oʻziga poytaxt sifatida tanlagan Bobur katta qurilish va obodonchilik ishlarini boshlab yuboradi. Shu tariqa Bobur Hindistonda uch yarim asrga yaqin hukm surgan qudratli boburiylar sulolasiga asos soladi.
U avval Afgʻonistonni, soʻngra Hindistonni qoʻlga kiritdi. Bobur Hindistonda hukmoronlik qilgan davrda ushbu hududda siyosiy beqarorlik, feodal tarqoqlik, iqtisodiy tushkunlik hukm surardi. Hindiston respublikasining birinchi bosh vaziri Javoxarlaʼl Neruning taʼkidlashicha, “ahvol yana shu boisdan ham yomonlashgan ediki, qotib qolgan diniy aqidalar va qatʼiy, oʻzgarmas sotsial tartib ijtimoiy turmushning asosini tashkil qilib, taraqqiyotni toʻxtatib qoʻygan edi”.
Bobur asos solgan saltanat, mamlakatni ana shunday inqirozdan olib chiqqan, mamlakat siyosiy jihatdan birlashtirilgan, madaniy jihatdan yuksalganligi bilan xarakterlanadi.
Bobur atoqli davlat boshligʻi va siyosiy arbob, isteʼdodli inson, katta aql-zakovat sohibi sifatida Hindistonning ijtimoiy-siyosiy taraqqiyoti va siyosiy birligi uchun zarur boʻlgan koʻplab ishlarni qildi.
Bobur Afgʻonistondagi kabi Hindistonda ham mahalliy aholining diniy eʼtiqodlariga, urf-odatlariga, madaniyati va qadriyatlariga erkinlik berdi. Atrofiga yerlik olim va fozillarni toʻpladi. Ularning maslahatlariga eʼtibor bilan qaradi. Oʻzining qoʻl ostidagi mamlakatlarning koʻplarida Saroy va qasrlar qurdirdi va bogʻlar yaratdi.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI