Andijon Davlat
Universiteti
STIPENDIYALAR TANLOVI E’LON QILINDI
2018-03-27    11434

Andijon davlat universiteti 2018 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli Davlat stipendiyalari tanlovining birinchi bosqich tanlovini e’lon qiladi.

Tanlovda qatnashish uchun iqtidorli talabalarning hujjatlari 2018 yil 10 aprelgacha bo‘lgan muddatda Andijon davlat universitetining ilmiy-tadqiqot va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash bo‘limida qabul qilinadi.

Universitet ma’muriyati

Ilova

NOMLI DAVLAT STIPENDIYALARI HAQIDA

 Qanday nomli davlat stipendiyalari bor?

O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlarining talabalari uchun 6 xil nomdagi davlat stipendiyalari joriy etilgan. Bular:

  1. Beruniy nomidagi;
  2. Ibn Sino nomidagi;
  3. Navoiy nomidagi;
  4. Ulug‘bek nomidagi;
  5. Imom al-Buxoriy nomidagi;
  6. Islom Karimov nomidagi.

 

 Qaysi kurs talabalariga beriladi?

Nomli davlat stipendiyalari bakalavriat bo‘yicha o‘qiyotgan oxirgi ikki kurs talabalariga tayinlanadi. Masalan, 4 yillik o‘qishda 3-4 kurslar, 7 yillik o‘qishlarda esa 6-7 kurs talabalariga tayinlanadi.

 

Talabaga stipendiya berishda qaysi mezonlarga qaraladi?

Stipendiyalarni tayinlash uchun quyidagi mezonlarni bajarish belgilanadi:

  • a’lo o‘qish va ilmiy (ijodiy) ishlarda ishtirok etish;
  • tillarni – davlat tilini va bitta xorijiy (Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari davlat tillaridan tashqari) tilni bilish, bakalavriatdagi ta’lim yo‘nalishi xorijiy til hisoblangan alohida hollarda qo‘shimcha ravishda yana bitta xorijiy tilni bilish; O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar uchun esa o‘qish olib boriladigan tilni qo‘shimcha ravishda bilish talab qilinadi.

 

Tartibi qanday bo‘ladi?

  1. Talaba OTM ilmiy kengashiga tegishli hujjatlarni topshiradi;
  2. OTM ilmiy kengashlari yashirin ovoz berish orqali, oddiy ko‘pchilik ovoz bilan nomzodlarni ko‘rsatish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
  3. OTM ma’muriyati ilmiy kengash qarori asosida stipendiya tayinlash haqida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga tavsiyanoma jo‘natadi;
  4. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi stipendiyalar tayinlash haqidagi tavsiyanomalarni ko‘rib chiqadi va qaror qabul qiladi;
  5. OTM ma’muriyati talabaga stipendiyani tayinlash va to‘lash haqida buyruq tayyorlaydi;
  6. Stipendiyaga sazovor bo‘lgan talabalarga maxsus guvohnomalar beriladi va talabalarning o‘qish joyida tantanali vaziyatda topshiriladi.

 

 Qanday hujjatlar topshirish kerak?

Talaba dastlabki ko‘rib chiqish uchun OTM ilmiy kengashiga quyidagilarni topshiradi:

  • sinov daftarchasidan ko‘chirma;
  • dekanat, kafedraning tavsiyanomasi;
  • ilmiy (ijodiy) ish rahbarining fikr-mulohazasi;
  • tillar kafedrasining suhbat natijalari haqidagi ma’lumotnomasi.

Barcha hujjatlar jildga tikilgan yoki papkaga joylangan holda taqdim etiladi. Muqovada nomli davlat stipendiyasining nomi, talabgorning familiyasi, ismi va otasining ismi, fakulteti, kursi, guruhi ko‘rsatiladi.

 

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING DAVLAT STIPENDIYALARI HAQIDA

Prezident stipendiyalari kimlarga beriladi?

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan davlat oliy ta’lim muassasalari (bakalavriat va magistratura bo‘yicha alohida) talabalariga.

 

Qaysi yo‘nalishlar bo‘yicha beriladi?

Prezident stipendiyasi kvotasi (o‘n bitta) quyidagi ta’lim yo‘nalishlaridan har biri bo‘yicha bittadan stipendiya hisobidan bakalavriat va magistratura uchun alohida-alohida taqsimlanadi:

  • qishloq va suv xo‘jaligi;
  • texnika va informatika;
  • sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot;
  • ijtimoiy-gumanitar va ijtimoiy fanlar;
  • tabiiy fanlar;
  • biznes va boshqaruv;
  • pedagogika;
  • madaniyat, san’at va sport;
  • xorijiy tillar;
  • huquq va xalqaro munosabatlar;

 Talabaga stipendiya berishda qaysi mezonlarga qaraladi?

Talabalarga Prezident stipendiyasini tayinlash uchun quyidagi mezonlarni bajarish belgilanadi:

  • umumta’lim tayyorgarligini ilmiy-tadqiqot (ijodiy ishlar) ishlari bilan uyg‘unlashtirish;
  • yo‘nalishlar bo‘yicha konferensiya (tanlov)larda qatnashish;
  • kamida ikkita e’lon qilingan ishlar (asarlar)ning mavjudligi;
  • tillarni – davlat tilini va bitta xorijiy chet tilini bilish (Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari davlat tillaridan tashqari), bakalavriatdagi ta’lim yo‘nalishi yoki magistraturadagi mutaxassislik xorijiy til bo‘lgan taqdirda esa qo‘shimcha ravishda yana bitta xorijiy tilni bilish talab qilinadi;
  • O‘zbekiston tarixini bilish.

 

Mazkur mezonlarni bilish qanday o‘lchanadi?

Tillarni, axborot texnologiyalarini, O‘zbekiston tarixini bilish bo‘yicha talab darajalarini Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi belgilaydi.

Talabgorlar ushbu fanlar bo‘yicha o‘z bilim darajasini aniqlash uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazida (mintaqalar bo‘yicha) maxsus test sinovlari topshiradilar.

 

Tartibi qanday bo‘ladi?

  1. Talaba OTM ilmiy kengashiga tegishli hujjatlarni topshiradi;
  2. OTM ilmiy kengashlari yashirin ovoz berish orqali, oddiy ko‘pchilik ovoz bilan nomzodlarni ko‘rsatish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
  3. OTM ma’muriyati ilmiy kengash qarori asosida stipendiya tayinlash haqida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga tavsiyanoma jo‘natadi;
  4. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi stipendiyalar tayinlanishidan avval talabgorlarning belgilangan mezonlarga muvofiq bilim va ilmiy (ijodiy) tayyorgarlik darajasini puxta ekspertizadan o‘tkazadi;
  5. Vazirlikda tuzilgan tanlov komissiyasi talabgorlarning yakuniy tanlovini yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazadi hamda talabgor va uning ishi uchun ovoz berishda ishtirok etgan komissiya a’zolarining kamida uchdan ikki qismi ovoz berganda talabalar nomzodini Prezident stipendiyasini tayinlash uchun tavsiya qiladi;
  6. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hay’ati tanlov komissiyasining qarorini tasdiqlaydi.
  7. OTM ma’muriyati talabaga stipendiyani tayinlash va to‘lash haqida buyruq tayyorlaydi.
  8. Stipendiyaga sazovor bo‘lgan talabalarga “Prezident stipendiyasining sohibi” guvohnomasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hay’ati majlisida tantanali ravishda topshiriladi.

 

Qanday hujjatlar topshirish kerak?

Talaba dastlabki ko‘rib chiqish uchun OTM ilmiy kengashiga quyidagilarni topshiradi:

  • sinov daftarchasidan ko‘chirma;
  • dekanat, kafedra tavsiyanomasi;
  • ilmiy (ijodiy) ish annotatsiyasi;
  • rahbarning fikr-mulohazalari;
  • ilmiy (ijodiy) ishga taqriz;
  • ilmiy ishlar ro‘yxati va ularning bosma nusxalari.

Barcha hujjatlar ikki nusxada taqdim qilinadi. Hujjatlarning har bir to‘plami jildga joylanadi, har bir jild muqovasida ishni taqdim qilgan muassasaning nomi, talabgorning familiyasi, ismi va otasining ismi, ishning nomi ko‘rsatiladi.

Universitet ma’muriyati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.