Andijon Davlat
Universiteti
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI PROFESSOR-O’QITUVCHILARI ITALIYADA MALAKA OSHIRIB QAYTDI
2022-12-09    730

Andijon davlat universiteti professor-oʻqituvchilari Nurmatov Dilshodbek, Abdullayev Mirzohid, Ziyoitdinov Jahongir, Habibullayev Jamshidlar Erasmus+ dasturi KA107 MOBILITA EXTRA-UE doirasida 2022-yil 21-30-noyabr kunlari Italiya Respublikasi Sannio universitetida oʻtkazilgan Staff Traning Session seminarida ishtirok etish uchun Italiyaning Benevento shahrida joylashgan Sannio universitetida boʻldilar. Ularni Sannio universiteti professori Paskuale Daponte kutib olib, universitet rezidensiyasiga joylashtirdi.

 

Sannio universiteti Italiyaning janubida, Benevento shahrida joylashgan boʻlib, 1998-yilda tashkil etilgan. Universitetda jami 6000 talaba tahsil oladi. “Iqtisodiyot va menejment”, “Muhandislik” va “Tabiiy fanlar” fakultetlarida statistika, atrof-muhit, geografiya, biologiya, biotexnologiya, qurilish muhandisligi, kompyuter muhandisligi, energetika muhandisligi, elektron muhandisligi, iqtisodiyot va biznesni tashkil etish yoʻnalishlari mavjud.

 

Professor Paskuale Daponte universitetimiz professor-oʻqituvchilarini Sannio universitetining tarixi, fakultetlari, joylashgan joylari bilan tanishtirib chiqdi. Shu bilan birga bir hafta davomida rejalashtirilgan ishlar muhokama qilindi.

 

Delegatsiya aʼzolari 22-noyabr kuni Sannio universitetining rektoratiga tashrif buyurdilar. Bu yerda ularni universitet rektori professor Gerardo Kanfora va universitetning bir qator mutasaddi rahbarlari kutib oldilar va seminar tashkil etildi. Seminarda Nurmatov Dilshodbek Andijon davlat universiteti, uning fakultetlari, yoʻnalishlari toʻgʻrisida seminar qatnashchilariga maʼlumot berib oʻtdi va taqdimot namoyish etildi hamda universitet rektoriga AndDUning maxsus esdalik sovgʻalarini topshirdi. Seminar yakunida Sannio universiteti va Andijon davlat universiteti oʻrtasida kelgusida ilmiy-amaliy hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolashga kelishildi.

 

Bundan tashqari, 23-noyabr kuni Sannio universitetining xalqaro aloqalar boʻlimiga tashrif buyurdilar. Bu yerda universitet xalqaro ishlari boʻyicha prorektori professor Biadjio Simonetti va xalqaro aloqalar xodimlari kutib oldilar hamda Sannio universitetining xalqaro aloqalari bilan tanishtirib oʻtdilar.

Stajirovka davrida guruh aʼzolari Sannio universitetining Muhandislik fakultetiga tashrif buyurdilar. AndDU “Fizika” kafedrasi katta oʻqituvchisi Ziyoitdinov Jahongir mazkur fakultet talabalariga oʻzining “Takomillashtirilgan quyosh-suv isitkich qurilmasi” mavzusidagi maʼruzasini taqdimot shaklida namoyish etib berdi. Ziyoitdinov Jahongir maʼruzasi davomida takomillashtirilgan quyosh-suv isitkich qurilmasining ishlash tamoyili hamda uning samaradorligi toʻgʻrisida maʼlumot berib oʻtdi. Maʼruza soʻngida, talabalar tomonidan mavzuga oid savollar berildi. Talabalar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollariga yetarli javob oldilar. Bundan tashqari, darsning soʻnggida talabalarga Oʻzbekistonning diqqatga sazovor, tarixiy obidalari hamda Andijon davlat universiteti toʻgʻrisida tayyorlangan qisqa metrajli videorolik namoyish etildi. Shu kuni universitet professori Franchesko Pikarelli guruh aʼzolarini universitet qoshidagi laboratoriyalar faoliyati bilan tanishtirib oʻtdi.

24-noyabr kuni guruh aʼzolari universitetning Tabiiy fanlar fakultetiga tashrif buyurdilar. AndDU “Biologiya” kafedrasi oʻqituvchisi Habibullayev Jamshid ushbu fakultet talabalariga “Yogurt mahsulotlarini yangi usulda olish” mavzusida taqdimot qildi. Taqdimot qatnashchilar orasida katta qiziqish uygʻotdi va oʻzlarining savollari bilan maʼruzachiga murojaat qildilar. Maʼruzachi berilgan barcha savollarga atroflicha javob berdi. Shundan soʻng Tabiiy fanlar fakultetining zamonaviy laboratoriyalari va u yerda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar bilan tanishtirildi.

 

25-noyabr kuni universitetning Iqtisodiyot va menejment fakultetiga tashrif buyurdilar. ADU “Iqtisodiyot” kafedrasi oʻqituvchisi Abdullayev Mirzohid ushbu fakultet talabalari va doktorantlariga “Oʻzbekiston Respublikasida yalpi ichki mahsulot va bandlik holatining tahlili” mavzusida taqdimot qildi. Taqdimotda Italiya va Oʻzbekiston davlatlarining yalpi ichki mahsuloti hajmlari, ularning dunyodagi oʻrni, uning tarkibi, aholi bandligi va ishsizlik darajasi, ishsizlikni kamaytirish yoʻllari haqida fikrlar bildirildi. Ishsizlikni kamaytirish boʻyicha oʻzaro takliflar va tajribalar oʻrtoqlashildi.

Seminar-trening yakunida AndDU professor-oʻqituvchilariga Sertifikatlar taqdim etildi.

Professor Paskuale Daponte taklifiga binoan Neapol va Salerno shaharlariga sayohatlar tashkil etildi. Guruh aʼzolari bu shaharlarning diqqatga sazovor joylari bilan tanishdilar.

 

Seminar yakunida Sannio universiteti va Andijon davlat universiteti oʻrtasida kelgusida ilmiy-amaliy hamkorlikni va professor-oʻqituvchilari hamda talabalar almashinuvini amalga oshirish yuzasidan kelishib olindi.

ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI
AXBOROT XIZMATI
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.