O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2909-sonli qarorida Oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarini xorijiy oliy ta’lim muassasalarida ma’ruza va mahorat darslarini (master klass) o‘tish ta’kidlab o‘tilgan. Hozirda mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Andijon davlat universiteti xalqaro aloqalar bo‘limi tomonidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Bunga ko‘ra, universitetning akademik, professorlar va fan doktorlari (15 nafar) ro‘yhati shakllantirildi.
Andijon davlat universiteti va Qirg‘izistonning O‘sh davlat universiteti (O‘shDU) o‘rtasida imzolangan memorandumga ko‘ra 15 nafar professor-o‘qituvchilarga O‘shDU ta’lim yo‘nalishlari talabidan kelib chiqqan holda ilmiy ma’ruzalar o‘qish taklif etilmoqda. Kuni kecha akademik S.Zaynobidinov, professorlar: I.Asqarov, M.Umarxo‘jaev va G‘.Xoshimovlar O‘sh davlat universitetida bo‘lib, doktorantlar, yosh ilmiy tadqiqotchilar, magistrantlar hamda bitiruvchi talabalarga ilmiy ma’ruza darslarini o‘qib qaytdilar.
Akademik S.Zaynobidinov O‘shDUdagi ilmiy yosh tadqiqotchilar, doktorantlar, magistrantlarga fizika (yarim o‘tkazgichlar fizikasi, qattiq jismlar fizikasi, mikro elektronika) yo‘nalishi bo‘yicha ma’ruza darslari orqali ilmiy maslahatlar berdi. Kelgusida nanotexnologiya bo‘yicha hamkorlikda Erasmus + dasturi doirasida ilmiy loyihalar tayyorlashga, shu bilan birga Andijon davlat universitetida faoliyat yuritayotgan Dissertatsion Ilmiy Kengash yig‘ilishlariga O‘shDU doktorantlar va tadqiqotchilarni taklif etdi.
Andijon davlat universiteti vakillarida O‘shDU dagi yagona darcha (DATA) markazi faoliyati katta ta’surot qoldirdi. Bunga ko‘ra, barcha fakultetlar talabalarini nazorat qilish maqsadida markaz ularning shartnoma to‘lovlarini, kutubxonaga borishlarini, davomat bo‘yicha kunlik ma’lumotlarni bazaviy tizimlashtirilgani, talabalarni universitet hududiga kirishlari uchun maxsus kartochka (ruhsatnoma) joriy qilingani, bu esa davomatni to‘liq shakllanishiga olib kelgani e’tirofga loyiqdir.
Professor I.Asqarov O‘shDUning tabiatshunoslik va geografiya fakulteti talabalariga kimyo fani yutuqlari va organik birikmalar bo‘yicha ma’ruza darslarini o‘tdi. Professorlar M.Umarxo‘jaev va G‘.Xoshimovlar O‘shDUning xalqaro tillar va madaniyat fakulteti doktorantlari, yosh tadqiqotchilari, magistrant va bitiruvchi talabalariga xorijiy til o‘qitishning dolzarb muammolari, tilshunoslikning yangi ilmiy yo‘nalishlari, qiyosiy tadqiqotlar, lug‘atshunoslik, talabalar bilimini baholash mezonlari bo‘yicha ma’ruzalar o‘qidilar.
Professor M.Umarxo‘jaev magistrant va doktorantlarga hozirgi zamon germanistikasi muammolari, leksikologiya va fraziologiya bo‘yicha ilmiy ma’ruzalar o‘qidi. Professor G‘.Xoshimov xalqaro tillar va madaniyat fakulteti 4-bosqich talabalariga tarjima nazariyasining dolzarb muammolari bo‘yicha ma’ruzalar o‘qidi. Andijon davlat universiteti vakillarida O‘shDUning tarjima nazariyasi ilmiy laboratoriyasini faoliyati katta ta’surot qoldirdi.
Tashrif yakunida, O‘shDU rahbariyati akademik S. Zaynobidinov, professorlar: I.Asqarov, M.Umarxo‘jaev va G‘Xoshimovlarning ilmiy ma’ruzalari doktorantlar, yosh tadqiqotchilar, magistrantlar va talabalarda yangicha fikrlash, ilmiy tadqiqot ishlarini yanada jonlantirishga turtki bo‘lganligini va bunday hamkorlik doimiy olib borilishi har tomonlama foydali bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.
Hozirda Osh davlat universiteti yana 4 nafar professor-o‘qituvchilarimizni: Sh.Yusupova (pedagogika), S.Mirzaeva (filologiya), M.Xalilova (psixologiya), N.Noralieva (biologiya) yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy ma’ruzalar o‘qish uchun Qirg‘izistonga taklif etdi. Kelgusida bunday hamkorlik Tojikistonning Xo‘jand davlat universiteti, Qozoqistonning Chimkent shahridagi Miras universiteti bilan bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI