Keyingi yillarda Andijon davlat universitetini Qozog‘iston Respublikasi oliy ta’lim muassasalaridagi bir qator yetakchi olimlari bilan o‘zaro hamkorlik munosabatlari tobora kengayib bormoqda. Buni birgina mintaqa o‘tmishini o‘rganish, turli davrlarda Markaziy Osiyo hududida ro‘y bergan voqea-hodisalar tarixini xolisona yoritish, turli yillarda qatag‘onga tortilgan kishilarni aniqlash, ularning taqdiriga oid ma’lumotlarni qidirib topish va e’lon qilish borasida,o‘zaro amalga oshirilayotgan ishlar misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Universitetimizning Qozog‘iston oliy ta’lim muassasalari bilan, bu boradagi hamkorligi 2017-yil 23-iyunda Qozog‘iston milliy pedagogika universitetida “Alasho‘rda, Turkiston muxtoriyati: yuz yil osha tashlangan nazar, pozitsiya, xulosalar” mavzusida o‘tkazilgan, xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tufayli mazmunan yanada boyidi. Mazkur anjumanda ADU professori, tarix fanlari doktori R.Shamsutdinov ishtirok etib, Turkiston muxtoriyati va uning bolsheviklar tomonidan qurol kuchi bilan tugatilishi, Alasho‘rda va Turkiston muxtoriyati tarixi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston olimlari tomonidan muvofiqlashtirilgan tarzda tadqiq etilishi, Rossiya hamda O‘zbekistondagi turli arxivlarda saqlanayotgan hujjatlarni ilmiy iste’molga kiritish zarurligi xususida,bildirgan fikrlar konferensiya qatnashchilari tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlangan edi.
2018-yil 15-avgust Andijonda Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi ochilishi hamda qatag‘on mavzusi bo‘yicha qardosh Qozog‘iston olimlari bilan ilmiy hamkorlik doirasi yanada kengaydi.
2021-yil 6-oktabrda Olmaota shahrida “XX asrning 20–50-yillarida O‘rta Osiyo respublikalari hududida siyosiy qatag‘on qilingan qozoqlar” mavzusida bo‘lib o‘tgan ilmiy-amaliy anjumanda prof. R.Shamsutdinovni o‘tgan asrning 20 – 50-yillaridagi totalitarizm va siyosiy qatag‘onlarning murakkab muammolarini nazariy hal qilishga, hujjatlar hamda materiallarni dastlabki tematik to‘plamlarini nashr etishga, ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlashga qo‘shgan hissamiz yuqori baholandi. Darhaqiqat, olim O‘zbekiston, Ukraina, Rossiya arxivlarida olib borgan o‘rganishlar tufayli qozoq millatiga mansub ko‘plab qatag‘on qurbonlari taqdiriga oid ma’lumotlarni ham aniqlashga, ularni jamlab kitoblarda e’lon qilishga erishildi. Umuman olganda, prof. R.Shamsutdinov kitoblarida 30 mingdan ortiq siyosiy qatag‘onlar qurbonlarining ro‘yxati mavjud bo‘lib, ularda nafaqat o‘zbeklar va qozoqlar, balki tojiklar, qirg‘izlar, turkmanlar, qoraqalpoqlar, eron, afg‘on, rus, belorus, ukrain, ozarbayjon, nemis, arman, yahudiy va boshqa millat vakillari haqida ham ma’lumotlar jamlangan.
So‘nggi olti yil ichida Andijon davlat universitetida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarni, dissertatsiyalarni himoya qilish jarayonlariga qo‘shni mamlakatlar olimlarini rasmiy opponentlar sifatida jalb etish amaliyoti keng qo‘llanildi. Birgina O‘zbekiston tarixi fani yo‘nalishi bo‘yicha, so‘nggi yillarda universitetda tayyorlangan doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalariga Qozog‘istondan akademik M.Koygeldiev va boshqa olimlar rasmiy opponentlik qildilar.
Keyingi yillarda universitetimiz olimlarining al-Forobiy nomli Qozog‘iston milliy universiteti bitiruvchilar assotsiatsiyasining ijrochi direktori, tarix fanlari nomzodi Kulgazira Baltabayeva ilmiy hamkorligi samarali bo‘lib bormoqda. Ilmiy xodimlarimiz tarix fanining haqiqiy jonkuyari bo‘lgan bu fidoyi olima bilan birgalikda siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan ko‘plab o‘zbekistonlik, qozog‘istonlik insonlarning taqdiriga, hayoti va faoliyatiga doir ma’lumotlarni aniqladilar. Bu boradagi, eng so‘nggi ma’lumotlar O‘zbekistonda chop etilayotgan “Adabiyot gazetasi”, “Vodiynoma” jurnalining bir qator sonlarida e’lon qilindi.
Joriy yilning 22-iyul sanasida Bobur nomli Andijon davlat universiteti hamda Qozog‘istonning Ch.Ch.Valixonov nomli Tarix va etnologiya instituti o‘rtasida Ilmiy hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Kuni-kecha ushbu memorandum doirasida universitetimiz tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi hamda Ch.Ch.Valixonov nomli Tarix va etnologiya instituti o‘zaro hamkorligida “XX asrning 20 – 50-yillarida O‘rta Osiyo respublikalari hududida, qozoqlar o‘rtasida o‘tkazilgan,siyosiy qatag‘onlar (yangi arxiv manbalari nuqtai nazaridan)” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiya tashkil etildi.
Xalqaro anjumanni ADU professori, tarix fanlari doktori R.Shamsutdinov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Atoqli olim ikki mamlakat tarixchilari hamkorligida, o‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlarning dolzarb mavzularini chuqur va atroflicha o‘rganishdagi, turli ilmiy yo‘nalishlarda erishilgan natijalarni ommalashtirishdagi hamda ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash alohida ta’kidlab o'tildi va konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Anjumanni Qozog‘iston Respublikasi Milliy Fanlar akademiyasi muxbir-a’zosi M.Q.Qoygeldiyev olib bordi. Unda ikki davlat oliy o‘quv yurtlarining olimlari, anjuman mavzusiga doir ma’ruzalari bilan qatnashdilar.
Konferensiyada Andijon davlat universitetidan – tarix fanlari doktori M.Abdullaev “Qishloq xo‘jaligini kollektivlashtirish davrida O‘rta Osiyoda qatag‘on siyosati”, tarix fanlari nomzodi S.Hoshimov “Turkiston muxtoriyati a’zolarining taqdiriga doir”, dotsent D.Sobirova “O‘zbekistonda qatag‘on domiga tortilgan jurnalist ayollar qismati”, doktorant D.Homidov “Nosirxon To‘raning Turkiston muxtoriyati hukumati a’zosi sifatidagi faoliyati va taqdiri”, Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyining ilmiy xodimi B.Alimov “Inomjon Xidiraliyevning ijtimoiy-siyosiy faoliyati” kabi mavzularda ma’ruzalar bilan chiqishlar qildilar. Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyining ilmiy xodimi A.Mahkamov Abdurahim Yusufzoda hayoti va faoliyatiga doir ma’ruzasini ingliz tilida taqdim etdi.
Konferensiya ishi yakunida o‘tgan asrning 20 – 50-yillarida O‘rta Osiyo respublikalari hududida o‘tkazilgan siyosiy qatag‘onlar oqibatlarini, qatag‘onga tortilgan kishilar taqdirini o‘rganish hamda yoritish, mazkur yo‘nalishdagi ilmiy-nazariy va amaliy tadbirlarni muntazam o‘tkazib borish, yuzasidan ilmiy tavsiyalar ishlab chiqildi.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI