Haroratli yoz ham zumzuv oʻtib ketdi. Avgustning serfayz kunlari ortda qoldi. Iqbol Mirzo aytgan, yenglik liboslardan voz kechgan shahar endi biroz sovqotayotir. Tunlarda ham harorat kam. Toʻlin oy yogʻdusi bizga yetib keladi, ammo, isitmaydi. Sentyabr keldi. Bu fazilatli oy ham bizlarga koʻp azizlarni hadya qilgani bilan ahamiyatli, serqadr. Necha ulugʻlardan tortib, yonimizdagi, jonimizdagi azizlar ham shu oyda dunyo koʻrganlar. Kuni kecha, 11-sentyabrda Oʻzbekiston Yozuvchilar Uyushmasi aʼzosi Munavvara Tillaboyeva 78 yoshini qarshi oldi. Ana undan keyin shahrixonlik ajoyib shoir va yosh jurnalist, qadrli ukamiz Abbosbek Sultonov tugʻilgan kunini nishonladi. Tabriklar aytdik. (15.09). 20-sentyabr kelsa, oʻzbekning yana bir jonkuyar shoiri va tadqiqotchisi, yuragi yoniq doʻstim Behzod Fazliddin tugʻilgan kun yuz ochadi.
18-sentyabr sanasida atoqli dramaturg, katta adib, adabiy janrlarning barchasida qalamini sinab koʻrgan Oʻzbekiston sanʼat arbobi Olimjon Xoldor (1932 2016)ning 90 yilligi boʻladi. Olimjon akadan juda katta boy adabiy meros qoldi. Avval uch jildlik, keyin ikki jildlik lotin alifbosida chiqqan saylanmalari, maktublari, zamondoshlar haqidagi hujjatli qissalari va boshqa asarlari hali uzoq zamon oʻqiladi. Kamoliddin Rahimov, Oʻrinboy Nuraliyev, Maryam Sattorova, Oʻlmas Saidjonov, Arslon Joʻrayev, Maʼrifat Ubaydullayeva, Sanobar Rahmonova, Oʻlmas Olloberganov, Mirodil Hakimov kabi sanʼatkorlar tomonidan kuylangan 150 ga yaqin qoʻshiqlari qalblarda.
Shuningdek, ushbu kunlarda, yaʼni, sentyabrda jonajon Andijon davlat universitetining ham bir qancha ustozlari tavallud topganlar. Bu kunlar, shaxsan menga bir bayramdek. Toʻgʻrida, yaxshi odam tugʻilsa, neki men, butun olam, nabototu jonzotlar sevinsa ne ajab?!
Xususan, 18-sentyabr, yakshanba sanasida Andijon davlat universiteti doktoranti, yosh olim va hassos shoir Nurmuhammad Azizov ham tavallud topgan.
Nurmuhammadjonning avvalo, kamtar insonligi, fidoyi doʻstligi haqida, yoshlarga xos intiluvchanligi, komil olimlarga xos zakiyligi, moʻminlarga xos bosiqlik jihatlari haqida alohida Nurmuhammadnomalar yozsa va har qancha taʼrif qilsa, arziydi, kam tuyuladi. Valokin, afsuski, kaminaning leksikoni bu borada ham ancha ojiz...
Nurmuhammadjon olim va tadqiqotchi sifatida, marhum ustoz adib, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Omon Muxtor ijodiyotini tahlil qilib, ilmiy ish yoqlab, oʻylaymanki, Omon akaning ruhini shod qildi, yaqinlari, xususan qizlari Yulduz opani sevintirdi. Omon Muxtorning kattayu kichik roman, qissa, hikoyalari albatta, tahlilga arziydi. Tadqiq uchun uning sheʼrlari ham katta bir mavzudir. Nurmuhammadjon, shuningdek, zamondosh shoir va adiblar, xususan, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, andijonlik ziyolilarning azim doʻst, xayrixohi, barkamol dostonnavis Ikrom Otamurod ijodi haqida ham maqolalar yozdi. Ular vaqtli matbuotda bosildi. Men, Nurmuhammadjon yozgan bu maqolalarni har gal oʻqirkanman, yonimizda shunday zukko ukamiz borligidan albatta, gʻurur tuyaman. Uning bu izlanishlari kelgusida albatta, ilmiy monografiyalarga mavzu va salmoq boʻladi. Ularni oʻqiganlarda muallif va ilmga mehru ragʻbat hosil boʻladi.
Nurmuhammadjonning sheʼrlari haqida koʻp gaplar aytish mumkin. Shiddati ichiga sigʻmayotgan vatan oʻgʻloni, vafodor sevgilisidan havo orqali boʻsa qabul qilayotgan va maʼshuqa uchun har ne sinovga tayyor oʻtmishdagidek sarfaroz oshiq, oʻz ota, onasi, farzandlariga va yoriga sodiq, binobarin, Vataniga ming tomir bilan bogʻlangan, istibdod nohaqliklaridan dogʻlangan, istiqlol gʻunchasi boʻlib ardoqlangan, yonveridagi hodislardan taʼsirlangan, yaxshisidan sevingan, yomonidan kuyingan faol pozitsiyali fuqaro obrazlari bor bu bitiklarda.
Oʻtmish sheʼriyati unsurlari bilan zamon lirikasi nafaslarini omuxta qillolgan mana bu kabi satrlarni hayajonsiz oʻqib boʻlmas, nazarimda:
***
Ay, yodi ruhafzo,
ay, ruhi harir,
Layli zulf, lablari Qoʻqongilosim.
Senga yurak berdim — bisotim gʻarib,
Faqat orzu qoldi — ogʻrigan sim-sim.
Kaftimga suv tomdi, qogʻozga siyoh,
Sheʼrimda na zavq bor, na zabarjad bor.
Sening husning xushroʻy,
qaro xoling, oh!!!
Menda na Buxoro, na Samarqand bor!
Oʻsha, “Agar on turki Sherozi, badast oro dili moro,
Ba xoli hinduyash baxsham Samarqandu Buxororo” (atayin aslini keltirdim I. AA), degan mashhur baytning taʼsirida nazira boʻlib yaralgan bu satrlar. Faqat, ogʻriqlar yangi, tashbehlar farahbaxsh. Bu va boshqa oʻnlab misralar haqida uzoq va maroq bilan toʻxtalish mumkin.
Hozirgidek, sheʼr ham, shoir ham urchigan zamonada har qanday kitobni ham ikki bor oʻqishga hafsala chiqavermaydi oʻquvchida. Ammo, Nurmuhammadjonning “Zarif gʻussalar” kitobi koʻplab sheʼrsevarlarning yoʻqotib qoʻyishdan judaaaa qoʻrqadigan noyob tumoridek aziz ekanligi shubhasiz. Shaxsan menga shunaqa. Bu jajji kitobni har gal qoʻlga olarkanman, toza tuygʻular, sof rozlar, huzurbaxsh gʻussalarga oshno boʻlaman. Bu kitob, Abdulla Qahhor taʼbiri bilan aytganda, qatoooor “tengdosh”lari safida yarqirab turibdi. Ilmga unnagani bilan, Nurmuhammadjon sheʼrni tashlab ketgani yoʻq: u yana oʻzi istagan “Registon” uchun serjilo, umrboqiy gʻishtlar quymoqda. Efirlarda, saytlarda, inchunun, “Zarif gʻussalar” telegramm messenjerida, Xurshid Davron saytlarida paydarpay chiqib turgan sheʼrlarni oʻqib, koʻnglingiz yangilanadi, kayfiyatingiz rostlanadi, uygʻonasiz. Oʻzligingizga qaytasiz. Aytdimku, Nurmuhammadning qoʻshqanoti, ilmi haqida ham, sheʼriyati haqida ham koʻp va xoʻp gapirish mumkin.
Nurmuhammad Azizga bu yillar omadli kelayotir. Oilada ham, ishda ham, ijodda ham. Istardimki, bu omadi barqaror boʻlsin. Uni ustoz, deb, yoʻrigʻiga yurguvchilar, suyanguvchilar koʻpaysin. Nurmuhammad ikki dunyo saodatiga erishib, Allohim bergan umrni bugungidek muslimlikda, zariflikda, otashinlikda yashab oʻtishiga tilakdoshman.
Ayyomingiz muborak, ukam!
Hurmat bilan:
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI