Andijon Davlat
Universiteti
PREZIDENT QARORINING IJROSI TA'MINLANMOQDA
2022-09-19    612

Taʼlim tizimida, jumladan, oliy taʼlimda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yuz berayotgan oʻzgarishlar ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, iqtisodiy va maʼnaviy jihatdan katta tarixiy ahamiyatga ega boʻlmoqda. Amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat mamlakatimizda ijobiy oʻzgarishlarga olib kelmoqda, balki xalqaro maydonda ham mamlakatimiz nufuzini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Bu borada bir qator meʼyoriy hujjatlar qabul qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 20.04.2017-yildagi PQ-2909-sonli qarori bunga yaqqol misoldir.


Mazkur qarorda Oliy taʼlim tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora–tadbirlar ishlab chiqildi va unda har bir oliy taʼlim muassasasi turdosh xorijiy yetakchi ixtisoslashgan ilmiy-taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, oʻquv jarayoniga xalqaro taʼlim standartlariga asoslangan ilgʻor pedagogik texnologiyalar, oʻquv dasturlari va oʻquv-uslubiy materiallarni keng joriy qilish, ilmiy pedagogik faoliyatga chet ellarning yuqori malakali oʻqituvchi va olimlarini jalb etish, professor-oʻqituvchi kadrlarni xorijiy oliy oʻquv yurtlarida stajirovkalarini tashkil etish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilishi masalaning qay darajada dolzarb ekanligini koʻrsatadi.


PQ-2909-sonli qaror ijrosini taʼminlash, uni amaliyotga tadbiq etish maqsadida AQSH, Yevropa mamlakatlari hamda Rossiya Federatsiyasining nufuzli universitetlari bilan Andijon davlat universitetida, jumladan Tarix fakultetida tizimli amaliy ishlar olib borilmoqda.

Masalan, Markaziy Osiyo tarixini oʻrganishda AQSHning yetakchi universiteti hisoblangan Indiana universiteti (Jahon QS tizimida 320 oʻrinda) professorlari Nazif Shaxroniy (2018-yil noyabr oyida), Marianne Kamp (joriy yilning may oyida) antropologiya va Oʻzbekiston tarixining sovet davri boʻyicha fakultet talabalariga maʼruzalar oʻqigan boʻlsalar, shu yilning oktyabr oyiga Tomsk davlat universiteti (Jahon QS tizimida 264- oʻrinda) professori Mixail Viktorovich Gribovskiyning fan va texnika tarixidan maʼruzalari rejalashtirilgan.

Shu kunlarda esa, fakultet dekani R.R.Shamsitdinov tashabbusi bilan Jahon universitetlari reytingini belgilovchi QS tizimi boʻyicha joriy yilda 190-oʻrinni egallab turgan Liverpul universiteti doktori Biatrichi Pinati 17-sentyabrdan boshlab Andijon davlat universiteti Tarix fakulteti talabalariga Oʻzbekiston tarixi fanidan maʼruzalar oʻqiy boshladi. Yangicha pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etilgan maʼruzalar samarali boʻlmoqda. Olimaning Mikro tarix orqali iqtisodiy materiallar asosidagi tarixiy taxlillari nafaqat talabalarimiz, balki professor-oʻqituvchilarimizga ham juda foydali boʻlmoqda.


Andijon davlat universiteti rektori A.S.Yuldashev Buyuk Britaniyalik olima Biatrichi Pinati bilan uchrashib, oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, yetakchi lektorlar va istiqbolli yosh oʻqituvchilarni yetakchi xorijiy oliy oʻquv yurtlari va oʻquv-tadqiqot markazlariga qisqa muddatli (semestrli) stajirovkalarga yuborish uchun akademik mobillik (academic mobility programms) dasturlarini amalga oshirish boʻyicha muzokaralar olib bordi.


Shuningdek, Biatrichi Pinati AndDUga tashrifi davomida universitet bilan yaqindan tanishmoqda, ayniqsa, AndDU tuzilmasidagi “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi, undagi boy materiallar tarixchi olimada katta taassurot qoldirganini izxor etdi.


Yangi Oʻzbekistonning poydevorini yaratishda davlatimiz ustuvor siyosati boʻlgan taʼlim tizimining sifat jihatdan rivojlanishida, raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashda xalqaro miqyosdagi bunday hamkorliklar albatta oʻz mevasini beradi deb umid qilamiz.

 

ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI
AXBOROT XIZMATI
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.