Assalomu alaykum hurmatli professor-oʻqituvchilar, ishchi xodimlar, aziz talabalar va ota-onalar. Sizlarni barchangizni yangi oʻquv yili bilan chin dildan tabriklayman. Talabalarimizga yangi oʻquv yilida yangi zafarlar, omadlar yor boʻlishini tilayman.
Bugun barchani tabriklash bilan birga sizlarga murojaat qilmoqchiman.
Bugun Prezidentimiz boshchiligida korrupsiya balosiga qarshi jiddiy kurash boshlandi. Bu sohada Respublikada Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, har bir OTMda, tashkilotlarda Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens nazorat” tizimini boshqarish boʻlimlari tashkil etildi.
Barchamizga maʼlum jamiyatimizda illat darajasiga yetgan pora, zamonaviy tilda aytganda korrupsiya balosi taraqqiyotimizning kushandasi boʻlib kelmoqda. Vaxolanki yillar davomida bu illatni gunoh ekanligi ham unutildi. Pora olish va bunga bir insonni daʼvat qilish ham gunoh va Qurʼon, sunnatga koʻra ham harom hisoblanadi. Pora berganga ham olganga ham jazo muqarrar.
Bu yoʻlda umringizni xazon qilmang.
Shuni ham aytib oʻtish kerakki, oʻtgan yillarda ayrim nopok kimsalar, firibgarlarning nopok harakatlari tufayli oliygohlar, xalq taʼlimi tizimlari xalq orasida obroʻsizlanib, jamoa poraxoʻrlar degan tuhmatga qoldi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali hammamizga maʼlum bir necha yillardan beri oʻqishga qabul, oʻqishni koʻchirish hammasi ochiq, shaffof va adolatli boʻlmoqda. Qabul bilan bogʻliq barcha jarayonlarda OTMlarning qatnashishi taqiqlandi. Ijodiy imtihonlar ham maxsus yuqori tashkilotlarda tuzilgan Ishchi guruhlar orqali shaffof, ochiq, keng jamoatchilik va bevosita ota-onalar kuzatuvi ostida oʻtmoqda.
Shunga qaramay ayrim abituriyentlar va ularning ota-onalari firibgarlar aldoviga uchrab qolmoqda.
Biz birlashmasak, birga harakat qilmasak jamiyatimiz korrupsiya balosidan butkul qutula olmaydi. Buni hamma anglashi, tushunishi va bunga astoydil bel bogʻlashi kerak. Har qanday korrupsion holatlarga befarq, loqayd va “Menga nima” deb qolmasligi kerak. Ota-ona farzandini bilimi, intilishi va nimaga qiziqishini oldindan biladi. Pul bilan repetitor ham yollaydi. Lekin, farzandini bilimiga ishonmay ota-onasi qingʻir yoʻllarni qidiradi oxirida qoʻlidan hech narsa kelmaydigan, “Oʻtib ketsa men qildim” deydigan firibgarlar qoʻliga tushadi. Aybni oʻzidan qidirmay oʻzini jabrdiyda koʻrsatib turli idoralarga arz-dod qilib yuradi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda har birimiz, keng jamoatchilik hamjihatlikda kurashsakkina, oʻzining ijobiy natijasini beradi.
Andijon davlat universitetining rasmiy kanali orqali Korrupsiyaga qarshi kurashish va “Komplayens nazorat” tizimini boshqarish boʻlimining @adu_anticorruptionbot eʼlon qilingan. Bu bot orqali barcha professor-oʻqituvchilar, ishchi-xodimlar, talabalar hamda ularning ota-onalari korrupsion holatlar yuzasidan murojaat qilishlari va oʻzlari aniqlagan holatlar boʻyicha maʼlumot berishi mumkin.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI