Andijon Davlat
Universiteti
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH “KOMPLAYENS NAZORAT” TIZIMINI BOSHQARISH BO‘LIMI BOSHLIG‘I AKBAROV ABDUKARIM JABBAROVICHNING MUROJAATI
2022-07-30    577

Hurmatli, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish, xorijiy davlatlardan o‘qishini ko‘chirish maqsadida yurgan abituriyentlar va ularning ota-onalari hamda Andijon davlat universitetida faoliyat yuritib kelayotgan qadrli professor-o‘qituvchilar, aziz ishchi xodimlar!

Barchamizga ma’lumki, bugungi kunda shaxsan Prezidentimiz tomonidan yoshlarimizning ta’lim olishlari uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Xususan, oliy ta’limga kirish kvotalari so‘nggi yillarda sezilarli ravishda oshdi. Xotin-qizlarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarga bir qancha imtiyozlar yaratib berildi. O‘qishga kirish uchun o‘tkazilayotgan imtihon sinovlarida avvalgi eskirgan tizim o‘rniga, halollik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida test sinovlari Davlat test markazi tomonidan katta sig‘imli o‘yingohlar, maydonlar va xiyobonlarda videokameralar nazoratida o‘tkazilmoqda. Shuningdek, xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan, o‘zimizdagi oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirishni ko‘zlab hujjat topshirgan talabalarga o‘zlarining yo‘nalishlariga mos bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlarga hujjat topshirish imkoniyati yaratilgan.

2021-yildan boshlab oliy ta’lim tizimini “Korrupsiyasiz soha”ga aylantirish borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi. Barcha oliy ta’lim muassasalarida Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limlari tashkil etildi.

Ayni yaratib berilayotgan ana shunday sharoitlardan oqilona foydalanish o‘rniga hali ham xalqimiz orasida eskicha fikrlayotgan, o‘qishga qing‘ir yo‘llar orqali kirishni ko‘zlayotgan yoki firibgarlarning tuzog‘iga ilinib qolayotgan fuqarolarimizning borligi juda achinarli holdir.

Yuqorida keltirib o‘tilgan vaziyatlar, korrupsion holatlar, firibgarlik holatlarining oldini olish maqsadida  Universitetimizda ham 2021-yil iyun oyidan boshlab Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi o‘z faoliyatini izchil yuritib kelmoqda.  

Qadrli yurtdoshim, aziz farzandlarimiz, hurmatli ustozlar, avvalo har birimiz bu kabi dilni xira qiluvchi noxush holatlardan, poraxo‘rlik, firibgarlik, korrupsiya kabi jamiyatimizni tanazzul botqog‘iga botiruvchi, taraqqiyotga xavf va tahdid soluvchi illatlardan yiroq bo‘laylik! Halollik, halol rizq, halol luqmaga o‘rganib, baraka va qadr topaylik! Nafsimizning quli emas, balki podshohiga aylanaylik! Bu borada barchamiz eng avvalo, ishni o‘zimizni isloh qilishdan boshlaylik. Shundagina Prezidentimiz ko‘p bora ta’kidlayotgan, farovon fuqarolik jamiyatini, UCHINCHI RENESSANSni amalga oshirishda munosib hissa qo‘shgan bo‘lamiz!   

Qadrli yurtdoshim, sizga yana shuni eslatib qo‘ymoqchiman, Universitet hududida har qanday korrupsion holatga duch kelsangiz yoki guvohi bo‘lsangiz, bo‘limimizning @adu_anticorruptionbot telegram botiga bemalol, ikkilanmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishingiz mumkin. Har qanday murojaat egasining shaxsi sir tutilishi kafolatlanadi.

AKBAROV ABDUKARIM JABBAROVICH
KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH “KOMPLAYENS NAZORAT” TIZIMINI BOSHQARISH BO‘LIMI BOSHLIG‘I
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.