Andijon Davlat
Universiteti
MANBALAR XAZINASIDAN – IZLANISHLAR NATIJASIGA
2022-04-14    394

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining Qo‘lyozmalar, noyob va alohida qiymatga ega nashrlar xizmati fondi o‘zida Vatanimiz tarixiga oid ko‘plab qimmatli manbalarni jamlagani bilan juda ham ahamiyatlidir. Bugungi kunda men “Sharq xalqlari birinchi s’ezdida O‘rta Osiyodan ishtirok etgan delegatlar va ularning taqdiri (1920-1938 yillar)” mavzusida falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib bormoqdaman. Mening ilmiy mavzuim bo‘yicha XIX asr oxiri XX asr asr boshlarida Turkiston va Rossiya imperiyasining boshqa hududlarida chop etilgan vaqtli matbuot nashrlari katta ahamiyat kasb etadi.

Ko‘rsatib o‘tilgan davrda aynan 1920 yilning 1-8 sentabrda Sharq xalqlari birinchi s’ezdi Ozarbayjon poytaxti Bokuda bo‘lib o‘tgan. Bu s’ezdga O‘rta Osiyoning ko‘lab davlatlaridan delegatlar tashrif buyurgan. Shu s’ezdning bo‘lib o‘tishini o‘sha davrning davriy matbuotlarda e’lon qilingan qimmatli ma’lumotlar, shu davrda yashagan Turkistondan s’ezga delegat sifatida borib ishtirok etgan taraqqiyparvar jadidlar va siyosat arboblarining nuqtai nazarlari, fikrlari, qarashlari, orzu va umidlari, shu davrdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga munosabatlari maqola, ma’ruza, nutq va boshqa shakllarda vaqtli matbuot nashrlariga muhrlangan.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasining Qo‘lyozmalar, noyob va alohida qiymatga ega nashrlar xizmati fondida saqlanayotgan “Ishtirokiyun” (Turkiston), “Mehnatkashlar tovushin” (Turkiston), “Yangi Sharq” (Turkiston), “Rosta Farg‘ona”, “Rosta Toshkent”, “Rosta Namangan” (Turkiston), “Tarjimon” (Boqchasaroy), “Vaqt” (Orenburg), “Quyosh” (Qozon), “Yulduz” (Qozon), “Taraqqiy” (Toshkent), “Sadoi Farg‘ona” (Qo‘qon), “Sadoi Turkiston” (Toshkent), “Kengash” (Toshkent), “Turk eli” (Toshkent), “Turon” (Toshkent), “Ulug‘ Turkiston” (Toshkent), “El bayrog‘i” (Qo‘qon) kabi gazetalar to‘plamlaridan o‘z davrining yetuk shaxslari, millat fidoyilari, taraqqiyparvarlarni Sharq xalqlari birinchi s’ezdidagi ishtirokiga  oid ma’lumotlar, shu davrda yuz bergan tarixiy voqea va xodisalarni o‘rganib, tahlil qilib bormoqdaman. Bu yerda tadqiqot olib borish har kuni menga tariximizning yangi bir sahifasini ochish imkoniyatini yaratadi.

O‘ylaymanki, tadqiqot natijalari turkiy xalqlar o‘rtasidagi yaqin tarixiy aloqalar, milliy mustaqillik va taraqqiyot uchun kurashgan ulug‘ ajdodlarimizga bo‘lgan ehtiromimiz hamda hurmatimizning ramzi bo‘lib qoladi.  

Milliy kutubxonamizning Qo‘lyozmalar, noyob va alohida qiymatga ega nashrlar xizmati fondidagi mavjud manbalarning elektron holga keltirilgani tadqiqotchilar uchun tadqiqot olib borish imkoniyatini yanada oshirgan. Bu yerdagi manbalarni ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish orqali tariximizning noma’lum sahifalarini xalqimizga yetkazish, tarixiy shaxslar, jadidchilik harakatining yirik namoyondalari faoliyatini tahlil qilgan holda ularning Vatan ozodligi, istiqloli, xalq farovonligi yo‘lida olib borgan kurashlari misolida yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish biz tadqiqotchilarning muhim vazifasi deb o‘ylayman.

Iminov Jasurbek Tulkunovich
Andijon davlat universiteti O‘zbekiston tarix kafedrasi tayanch doktoranti
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.