Andijon Davlat
Universiteti
KIMKI ILM ISTAB QADAM QOʻYSA...
2022-03-27    556

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasining Qoʻlyozmalar, noyob va alohida qiymatga ega nashrlar xizmati fondi oʻzida Vatanimiz tarixiga oid koʻplab qimmatli manbalarni jamlagani bilan juda ham ahamiyatlidir. Men “Yangi oʻzbek she’riyatida Vatan mavzusining badiiy talqinlari” mavzusida doktorlik (PhD) dissertatsiyasi ustida tadqiqotlar olib borgan paytimdan beri ushbu maskan hayoti bilan yaqindan tanishman.


Bugungi kunda ushbu doktorlik dissertatsiyasi mavzusi boʻyicha ilmiy izlanishlar olib bormoqdaman. Mening tadqiqot ishim yuzasidan XX asr boshlarida Turkistonda chop etilgan vaqtli matbuot nashrlari katta ahamiyat kasb etadi. Koʻrsatib oʻtilgan davrda Rossiya imperiyasi mustamlakachiligi sharoitida Turkiston, Kavkaz, Qrim va Volgaboʻyi hududlarida yashagan turkiy xalqlarning oʻzaro ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy jabhalardagi aloqalariga oid qimmatli ma’lumotlar, shu davrda yashagan taraqqiyparvar jadidlar va siyosat arboblarining nuqtai nazarlari, fikrlari, qarashlari, orzu va umidlari, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga munosabatlari maqola, ma’ruza, nutq va boshqa shakllarda vaqtli matbuot nashrlariga muhrlangan.


Oʻzbekiston Milliy kutubxonasining Qoʻlyozmalar, noyob va alohida qiymatga ega nashrlar xizmati fondida saqlanayotgan “Al-Isloh”, “Armugʻon”, “Oyna” kabi jurnallar hamda “Tarjimon” (Boqchasaroy), “Vaqt” (Orenburg), “Tujjor”, “Shoʻro”, “Taraqqiy” (Toshkent), “Sadoi Fargʻona” (Qoʻqon), “Sadoi Turkiston” (Toshkent), “Shuhrat”, “Fargʻona” (Qoʻqon), “Zarafshon”, “Turkiston viloyatining gazeti” (Toshkent) kabi gazetalar toʻplamlaridan oʻz davrining yetuk shaxslari, millat fidoyilari, taraqqiyparvarlari faoliyatiga oid ma’lumotlar, shu davrda yuz bergan tarixiy voqea va hodisalarni oʻrganib, tahlil qilib bormoqdaman. Bu yerda tadqiqot olib borish har kuni menga tariximiz va adabiyotimizning yangi bir sahifasini ochish imkoniyatini yaratadi.


Oʻylaymanki, tadqiqot natijalari turkiy tilli xalqlar oʻrtasidagi yaqin adabiy-tarixiy aloqalar, milliy mustaqillik va Vatan taraqqiyoti uchun kurashgan ulugʻ ajdodlarimizga boʻlgan ehtiromimiz hamda hurmatimizning ramzi boʻlib qoladi.


Milliy kutubxonamizning Qoʻlyozmalar, noyob va alohida qiymatga ega nashrlar xizmati fondidagi mavjud manbalarning elektron holga keltirilgani izlanuvchilar uchun tadqiqot olib borish imkoniyatini yanada oshirgan. Bu yerdagi manbalarni ilmiy jihatdan chuqur oʻrganish orqali tariximiz va yangi oʻzbek adabiyoti davri, xususan, jadid adabiyoti davrining noma’lum sahifalarini xalqimizga yetkazish, tarixiy shaxslar, jadidchilik harakatining yirik namoyondalari faoliyatini tahlil qilgan holda ularning Vatan ozodligi, istiqloli, xalq farovonligi yoʻlida olib borgan kurashlari misolida yoshlarda ana shu davrda adabiyotimizga, milliy tafakkurimizga kirib kelgan “Vatan” va “Millat” tushunchalari negizidagi yangilanish hamda oʻzgarishlarni koʻrsatib berish va vatanparvarlik tuygʻularini shakllantirish tadqiqotchilarning muhim vazifasi deb oʻylayman.

Xudayberdiyev Akram Akbarovich
Andijon davlat universiteti Oʻzbek adabiyotshunosligi kafedrasi tayanch doktoranti
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.