Andijon Davlat
Universiteti
MANBALAR XAZINASIDAN – IZLANISHLAR NATIJASIGA
2022-03-27    650

2006-2007-yillarda magistratura bosqichida oʻqib yurgan kezlarimda, magistrlik dissertatsiyasi uchun kerakli materiallarni izlab, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasining noyob manbalar fondidan foydalanishni boshlaganman.


Hozirda “XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Fargʻona vodiysida sogʻliqni saqlash tizimi va undagi oʻzgarishlar” mavzusida falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi ustida ilmiy-tadqiqot olib bormoqdaman. Asosiy maqsadim – XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Fargʻona vodiysida sogʻliqni saqlash tizimidagi oʻzgarishlar, xususan, mintaqaga zamonaviy tibbiyotning kirib kelishi, rivojlanishi va muammolarini xolisona oʻrganish asnosida Oʻzbekiston tarixi faniga muayyan ilmiy yangiliklarni tatbiq etishdir.


Dissertatsiya ishida Fargʻona vodiysida sogʻliqni saqlash tizimining shakllanishi va rivojlanishi jarayonlari, xususan, vodiyning shahar va qishloqlariga zamonaviy yevropacha tibbiy bilim va texnologiyalarning kirib kelishi, mintaqada ochilgan dastlabki shifoxonalar va ularda faoliyat koʻrsatgan yevropa millatiga mansub shifokorlarning hayoti, ijtimoiy ahvoli, ular tomonidan aholiga malakali tibbiy yordam koʻrsatish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar, mahalliy aholining zamonaviy tibbiyotga nisbatan munosabatlari, mintaqada tashkil etilgan dastlabki zamonaviy dorixonalarning faoliyati va muammolari kabi masalalarni ilmiy tadqiq qilmoqdaman.

Bundan tashqari, bir necha asrlar davomida qoʻllanib kelingan anʼanaviy xalq tababobatining xususiyatlari va ijobiy jihatlari hamda transformatsiyalashuv jarayonlari masalasini ham oʻrganmoqdaman. Aytilgan masalalarni oʻrganishda “Turkiston toʻplami” ga kiritilgan materiallar, “Turkestanskiye vedomosti”(1970-1917-yillar), “Turkestanskiy kuryer”, “Sadoi Fargʻona”(1914-1915-yillar), “Turkiston viloyatining gazeti” (1870-1916-yillar) kabi davriy nashrlardagi xabarlar va maqolalar, koʻplab tarixiy asarlar muhim manbaviy asos boʻlib xizmat qilmoqda.


Noyob manbalar fondida saqlanib kelayotgan tarixiy asarlar, davriy matbuot materiallari asosida Vatanimiz tarixining nomaʼlum sahifalarini oʻrganish va xalqimizga yetkazish tadqiqotchidan sinchkovlik, matonat va masʼuliyat talab qiladi. Fursatdan foydalanib, Vatanimiz tarixini oʻrganishga bel bogʻlagan olimlar, tadqiqotchilarga kutubxonadagi noyob manbalarni xolis oʻrganib, tarix fanini rivojlantirish yoʻlida qilayotgan saʼy-xarakatlariga rivoj tilab qolaman.

Badalov Azizbek Abdumalikovich
Andijon davlat universiteti tayanch doktoranti
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.