Andijon Davlat
Universiteti
AYOL BAXTLI BO‘LSA, JAMIYAT BAXTLI BO‘LADI
2022-03-02    2789

Bahorning ilk kunlarida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish va ayollarning jamiyatdagi o‘rnini yanada yuksaltirish va mustahkamlash, shuningdek, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish, gender tenglikni qaror toptirishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar yuzasidan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi.

Yig‘ilishda mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni jamiyatda munosib o‘rinni egallash bo‘yicha aniq chora-tadibirlar ishlab chiqildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Donishmand xalqimiz hamisha ayollarni e’zozlab yashagan, xotin-qizlarga yuksak ehtirom ko‘rsatib yashash el-yurtimizga xos azaliy qadriyatga aylangan. Buni muqaddas Qur’oni karimning eng katta suralaridan biri – “Niso”, ya’ni “Ayollar” deb atalishi ham tasdiqlaydi. Alloh taolo ushbu surada insonlarni ayollarga adolatli munosabatda bo‘lishga da’vat etadi. Muqaddas hadisi shariflarda ham xotin-qizlarga doimo yaxshilik qilish buyurilgan.” deb ta’kidlab o‘tdi.

Ulug‘ ajdodlarimiz, ma’rifatparvar jadidlarimiz ham oilaning tinch, mustahkam va farovon bo‘lishida, farzandlar tarbiyasida xotin-qizlarning o‘rni va ta’siri beqiyos ekanini alohida ta’kidlaganlar.

Bugungi kunga kelib mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha  islohotlar mazmuni oila va jamiyatning ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan ayollarga bog‘liqdir.

Bu borada qilingan ishlar haqida bir nechta raqamlarni keltirib o‘tish mumkin:

- 2021 yilda ayollar tadbirkorligi dasturlari doirasida 200 mingdan ziyod 11 loyihalarga 2 trillion so‘m kredit va subsidiyalar ajratilib, 320 ming xotin-qizlar doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘ldi;

- 2021 yilda 190 ming nafar ayollar kasb-hunarga o‘qitildi;

- 2020 yilda yo‘lga qo‘yilgan “Ayollar daftari” tizimi doirasida 900 mingga yaqin xotin-qizlarga ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, huquqiy va psixologik ko‘mak berildi;

- 2021 yilning o‘zida 4 mingdan ziyod xotin-qizlarga uy-joy to‘lovining boshlang‘ich badaliga mablag‘ ajratildi;

- 2 ming nafar qiz alohida grant asosida oliygohlarga qabul qilindi, yana 1 ming 800 nafariga kontraktlari to‘lab berildi. Natijada 2021 yilda oliygohlarga kirgan talabalarning 60 foizini xotin-qizlar tashkil etdi (2016 yilda bu ko‘rsatkich 38 foiz bo‘lgan).

- 2021 yilda 1 ming 153 nafar ayolga yuqori texnologik tibbiy operatsiyalar bepul o‘tkazildi.

"Bu borada hali ko‘p ishlar qilishimiz zarur" – deb aytib o‘tdi Prezident Sh.Mirziyoev.

Shuningdek davlatimiz rahbari sohadagi muammoli masalalarni ham sanab o‘tdi. Xususan, “Ayollar daftari”da 630 mingdan ziyod xotin-qizlar ro‘yxatda turibdi, ulardan 200 ming nafari ishsiz hisoblanadi.

2021 yilda ishsiz ayollar o‘rtasida jinoyatchilik 1,7 baravarga, 18-30 yoshdagi xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar esa 2 baravarga ko‘paygan.

Bulardan tashqari, oilada ayollarni xo‘rlash, ularga zo‘ravonlik qilish va tazyiq o‘tkazish holatlari hali mavjud. O‘tgan 2021 yilda 39 mingga yaqin xotin-qizlar oilada eri, qaynonasi, kelini tomonidan zo‘ravonlik bo‘layotgani haqida profilaktika inspektorlariga murojaat qilgan. Bu raqamlar 2020 yilga nisbatan 2,5 baravar ko‘p.

Prezidentimiz "Afsuski, bu muammolarni hal etishda mahalla faollari, jamoatchiligimiz va nuroniylarimizning o‘rni va ta’siri ham sezilmayapti.” deb ta’kidlab o‘tdi.

Ushbu vazifalar ijrosini tizimli tarzda har bir mahalla kesimida amalga oshirishni ta’minlash maqsadida Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tashkil qilindi.

Yangi qo‘mita Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda “Ayollar daftari” jamg‘armasini o‘zi boshqaradi. Respublikadagi ayni paytdagi 9 ming 309 ta mahalla raisining xotin-qizlar va oila bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimlari ham qo‘mita tizimiga o‘tkaziladi va har bir mahallada xotin-qizlar faoli lavozimi yangidan joriy qilinadi.

Yig‘ilishda shuningdek, xotin-qizlarni oliy ta’limga qamrovi masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi.

“Ta’lim tizimining barcha pog‘onalarida o‘qishga intilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlaymiz va ularga sharoit yaratamiz” – dedi Prezident.

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Xotin-qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash dasturi qabul qilinadi. Dastur doirasida poytaxtda asosan xotin-qizlarni o‘qitish uchun davlat-xususiy sherikchilik asosida to‘qimachilik sohasida alohida universitet tashkil etiladi. Joylarda uning texnikumlari ham ochiladi.  Shuningdek, ayni paytda ayollarimiz ulushi past bo‘lgan aniq fanlar, texnika va huquqshunoslik yo‘nalishidagi OTMlarda xotin-qiz talabalar ulushi hozirgi 24 foizdan 40 foizgacha yetkaziladi. Buning uchun har yili xotin-qizlarning talaba bo‘lishiga  kvotaning kamida 50 foizi aniq fanlar, texnika va huquqshunoslik yo‘nalishlari uchun maqsadli ajratiladi. Yangi o‘quv yilidan boshlab oliygoh, texnikum va kollejlarda o‘qiyotgan qizlarga ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun, ilk marotaba, 7 yil muddatga foizsiz kredit berish joriy qilinadi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab magistraturada o‘qiyotgan qizlarning kontrakt pullari to‘liq budjetdan qoplab beriladi (23 ming nafar qizlarga 200 milliard so‘m);

- har yili 50 nafar qizlar nufuzli xorijiy oliygohlarga bakalavr va 10 nafari magistraturaga yuboriladi;

- har bir viloyatda ehtiyojmand oila vakillari, ota yoki onasini yo‘qotgan 150 nafar qizlarning (jami 2,1 ming nafar) ta’lim kontrakti mahalliy budjetdan to‘lab beriladi;

- yosh farzandi bor talaba-qizlarga masofaviy o‘qishga sharoit yaratiladi;

- doktorantura yo‘nalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratiladi.

Yig‘ilish so‘ngida Prezidentimiz :“Yurtimizda “Ayol baxtli bo‘lsa, jamiyat baxtli bo‘ladi”, degan ezgu qarash hayotimiz qoidasiga aylanishi uchun barchamiz birgalikda harakat qilishimiz kerak.

Biz mamlakatimizda istiqomat qilayotgan barcha opa-singillarimiz, qizlarimiz, mo‘tabar onalarimizga munosib sharoit yaratib berish uchun bundan buyon ham barcha imkoniyatlarni ishga solamiz.

Bir narsani alohida ta’kidlab aytmoqchiman: xotin-qizlar va oila masalasi – bu kundalik ishlar orasida shunchaki nomiga shug‘ullanadigan masala emas.

Bu nafaqat bugungi kunimiz, balki ertangi kelajagimizni ham belgilab beradigan vazifa, kerak bo‘lsa, masalalarning masalasidir.

Agar biz mehr-oqibat va sadoqat timsoli bo‘lgan mehribon va mo‘tabar ayollarga bitta yaxshilik qilsak, ishoninglar, bu o‘zimizga o‘nta yaxshilik bo‘lib qaytadi.

Aziz opa-singillarimiz, onalarimiz bu yaxshilikning albatta qadriga yetadi, hayotdan rozi bo‘lib, shukronalik bilan yashaydi”

Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlarda ayollarni o‘rni va nufuzini oshirish bugungi kunning dolzarb masalalaridandir.

MADUMAROV TALANTBEK TOLIBJONOVICH
IJTIMOIY IQTISODIYOT FAKULTETI DEKANI, YURIDIK FANLAR DOKTORI, PROFESSOR
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.