Andijon Davlat
Universiteti
TARAQQIYOT STRATEGIYASI - FAROVON KELAJAGIMIZ KAFOLATI
2022-02-11    5795

Hammamiz yaxshi tushunamiz, agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi – ma’naviyatdir. Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishda ana shu ikkita mustahkam ustunga, ya’ni, bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyotga hamda ajdodlarimizning boy merosi, milliy va umuminsoniy g‘oyalarni mujassam etadigan kuchli ma’naviyatga tayanamiz.

Shavkat MIRZIYOYEV


Har bir davrda barcha rivojlangan davlat va jamiyatlar o‘zlari uchun muhim bo‘lgan yo‘nalishlarda ma’lum bir maqsadlarga eltuvchi strategiyani ishlab chiqadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan boshlangan demokratik islohotlar yo‘lini yanada qat’iy davom ettirishga hizmat qiladigan, 2022-2026 yillarda amalga oshirishga qaratilgan, asosiy maqsadi “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarish bo‘lgan “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosidagi Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi e’lon qilindi. Bugungi davrda Yangi O‘zbekiston “Inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat va xalqparvar davlat” degan muhim g‘oya negizida barpo etilmoqda. Davlatimiz Rahbari belgilab bergan bu ulug‘vor maqsad asosida xalqimiz yangidan-yangi islohotlarning haqiqiy muallifiga aylanib bormoqda.


Shuningdek, bundan besh yil oldin O‘zbekiston ham o‘z rivojlanish tarixida yangi bir davrga qadam qo‘ydi. Ushbu davrda boshlangan islohotlarni amalga oshirish uchun esa, xalqimiz bilan bamaslahat tarzda ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasi hayotga tatbiq etildi. O‘tgan qisqa davr mobaynida ushbu Strategiya asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. O‘tgan yillarga nazar soladigan bo‘lsak, so‘nggi besh yilda har sohadagi yangilanishlar, inson farovonligi va qadr-qimmatini oshirishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar amalga oshirildi, Harakatlar strategiyasida ko‘zlangan maqsad va vazifalarga tahlil va raqamlar asosida emas, balki O‘zbekistonning har bir fuqarosi o‘z yashash tarzida his qilgan ulkan o‘zgarishlar orqali to‘laqonli erishildi.


Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishga qaratilgan Harakatlar strategiyasining uzviy davomi bo‘lib, bugungi global o‘zgarishlar, aholi turmush tarzi, hayot talabi va qadriyatlarimizdan kelib chiqqan holda, yettita yo‘nalishda belgilab olindi. Shuningdek, ushbu strategiyadagi har bir vazifa va maqsadlar joriy yil bo‘lib o‘tgan saylov jarayonlarida bevosita fuqarolarimiz ishtirokida muhokamadan o‘tkazilib, hayotiy taklif va tashabbuslar bilan to‘ldirildi. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi yetti yo‘nalishdan iborat etib belgilanganligi e’tiborga molik. Prezidentimiz mazkur raqamni baxt-saodat va omad keltiradigan, ezgu niyatni ro‘yobga chiqaradigan xosiyatli timsol sifatida baholaydilar.

«Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari» tamoyili asosida aholi farovonligini yanada yuksaltirish, milliy iqtisodiyotni yanada rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash, faol fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasidagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olish maqsadida Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi loyihasi ishlab chiqilib, 2021- yil 31- dekabrdan boshlab, 2022–2026.strategy.uz, jamoatchilik.uz va regulation.gov.uz elektron platformalari orqali keng jamoatchilik o‘rtasida muhokama uchun joylashtirildi.

Shu tariqa yurtimiz aholisi uchun o‘z takliflarini bildirish imkoniyati yaratildi. Hujjat loyihasi muhokamasi 2022- yilning 15- yanvar kuniga qadar davom etdi. Ta’kidlash joizki, Taraqqiyot strategiyasi loyihasi xalqimizning yuksak ishonch va e’tirofiga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida bayon qilingan maqsad va vazifalar asosida ishlab chiqildi. Undan tashqari, ushbu hujjat loyihasida keng jamoatchilik, yuzdan ortiq vazirlik, idora, tashkilot va hokimliklar tomonidan kelib tushgan takliflar ham o‘z aksini topdi. Oldimizga qo‘yilgan ulkan, hayotbaxsh rejalar soha mutaxassislari, ilmiy doira vakillari, mahalliy va xalqaro ekspertlar hamda keng xalq ommasi bilan kengashib, amalga oshirilmog‘i lozim. Ana shundagina islohotlar davlat taraqqiyoti va xalq manfaatiga xizmat qiladi.


Taraqqiyot strategiyasi 100 ta milliy maqsadlarni qamrab olgan quyidagi yettita ustuvor yo‘nalishdan iborat:


  1. Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish.
    2. Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish.
    3. Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, uning o‘sish sur’atlarini zamon talablari darajasida ta’minlash.
    4. Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish.
    5. Taraqqiyotni ta’minlash, ushbu sohani tubdan isloh etish va yangi bosqichga olib chiqish.
    6. Umumbashariy muammolarga milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda yechim topish.
    7. Mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq va pragmatik, faol tashqi siyosat olib borish kabi 7 ta ustuvor yo‘nalishi doirasida 100 ta maqsadga erishish nazarda tutildi.

    Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi mamlakatimiz rivojining muhim fundamental asoslarini o‘zida qamrab olgan bo‘lib, faoliyatimizning ustuvor vazifalarini belgilab beradi. Xalq bilan muloqot mexanizmlari va ta’sirchan jamoatchilik nazoratining asoslarini takomillashtirishga, ta’lim tizimini yanada insonparvarlashtirishga, inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirishga hamda xalqaro hamjamiyatdagi davlatimiz mavqe’i va obro‘sini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
MADUMAROV TALANTBEK TOLIBJONOVICH
IJTIMOIY IQTISODIYOT FAKULTETI DEKANI, YURIDIK FANLAR DOKTORI, PROFESSOR
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.