Andijon Davlat
Universiteti
TARAQQIYOT STRATEGIYASINING BIRINCHI MAQSADI
2022-02-08    938

Mahalla katta ijtimoiy kuch sifatida shakllanishida jamoatchilik nazorati asosiy o‘rinni egallaydi. 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasining birinchi maqsadi ham aynan mahalla instituti faoliyatining samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish sifati belgilangani ham ushbu masalaning konseptual asoslarini mustahkamlaydi. Demak, kelgusi besh yilda mamlakatimizda amalga oshiriladigan siyosiy va ma’muriy islohotlarning markazida mahalla turadi va bu jarayonda jamoatchilik nazorati muhim o‘rin egallaydi.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mahallaning jamoatchilik nazorati funksiyalariga to‘xtalib o‘tar ekan quyidagilarni ta’kidladi: “Islohotlarimiz natijalari, bo‘layotgan o‘zgarishlar va aholining kayfiyati, avvalo, mahallada seziladi. Shu ma’noda, “mahalla – yorug‘ yuzimiz va vijdonimiz ko‘zgusi”, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Shuning uchun, barcha darajadagi rahbarlar pastga tushib, o‘z sohasi bo‘yicha mahallalardagi muammolarni o‘rganishi va ularga yechim topishi, odamlar sezadigan natija qilishi shart va zarur.”


Davlatimiz rahbari qayd etib o‘tgan “vijdon ko‘zgusi” tushunchasi ostida inson qalbidagi ijtimoiy jarayonlarga baho berishning sub’ektiv va inson uchun eng adolatli munosabatni namoyon qiladigan, keng ma’noda – ijtimoiy bosqichda esa, butun jamiyatning toshu-tarozusi vazifasini bajaradigan jamoatchilik nazorati ma’nosini uqib olish mumkin. Aholining ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-ma’rifiy jarayonlarga munosabati, daxldorlik tuyg‘usi jamoatchilik nazorati timsolida namoyon bo‘ladi.
Mahalla qanchalik milliy va unikal tuzilma bo‘lmasin, u amalga oshiradigan vazifalar va xususan jamoatchilik nazorati universal tushuncha. Ya’ni, jamoatchilik nazoratining kelib chiqishi ancha uzoq tarixga borib taqaladi. Xususan, fuqarolarning faolligi va davlat boshqaruvidagi ishtiroki masalalari Abu Nasr Farobiyning “Fozil odamlar shahri”, Amir Temurning “Temur tuzuklari”, Alsher Navoiyning “Farhod va Shirin” va “Saddiy Iskandariy” dostonlarida qayd etib o‘tilgan. Hamma davrlarda ham podshohlarning sadoqatli vaziru-vuzarolari, yirik diniy va ilmiy arboblar ham boshqa qatlam vakillarining jamoatchilik ishlaridagi faolligi, buzilgan adolat tarozisini tiklash yo‘lidagi jasorati davlatlarning taraqqiyotiga xizmat qilgan.


Demokratik liberalizmning otaxonlari – J.Lokk, T.Jefferson va Sh.Monteske asarlarida hozirgi klassik ma’nodagi davlat va jamiyat o‘rtasidagi huquq va majburiyatlar haqidagi konsepsiyalar ilgari surildi. Xususan, ijtimoiy shartnoma g‘oyasining o‘zi jamoatchilik nazoratini falsafiy jihatdan asoslab bera olar edi. Chunki nazorat aynan sub’ektning ob’ekt faoliyati ustidan baholash va kuzatish jarayonidir. Bu o‘rinda jamoatchilik nazorati sub’ekti bo‘lgan jamiyat institutlarining davlat institutlari faoliyati ustidan nazorat qilishi haqida gap ketmoqda. Zero, hokimiyatning manbasi xalq ekanligi ayon bo‘lgandan keyingina jamoatchilik nazoratining ijtimoiy-falsafiy asosi paydo bo‘ldi.


Insoniyat taraqqiyoti g‘oyalar va fikrlar taraqqiyotidir. Shu nuqtai nazardan ham XX asrga kelib dunyoning yetakchi qomusiy olimlari tomonidan huquq, siyosat va iqtisod sohasidagi o‘zgarishlardan kelib chiqib jamoatchilik nazoratini mazmun mohiyati va qamrovini kengaytirish bo‘yicha qator falsafiy konsepsiyalar ishlab chiqilgan va ularning ayrimlari o‘z davrida amaliyotga tatbiq qilingan.


O‘zbekiston ham mahalla instituti tomonidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning huquqiy mexanizmlari mustahkamlab qo‘yilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-moddasiga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar. Bunda ishtirok etish, o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat o'rganlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek davlat o'rganlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Davlat o'rganlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tartibi qonun bilan belgilanadi.”
Bosh qomusda jamoatchilik nazoratiga aloqador quyidagi masalalar konseptual xususiyatga egadir.


Birinchidan, fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda bevosita va o‘z vakillari orqali ishtirok etishlari mumkinligi. Ma’lumki, har qanday huquqiy demokratik davlatda ham davlat boshqaruv organlari bilan fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida va ularni boshqarishdagi, ishtirok etishdagi farq yaqqol sezilib turadi. Hokimiyatning saylab qo‘yiladigan o'rganlari mahalliy kengashlar misolida olib qarasak fuqarolarning saylash va saylanish huquqi, deputatlarga murojaatlar yo‘llash va ularning faoliyatidan xabardor bo‘lish kabi masalalar bevosita davlat boshqaruvidagi ishtirokka misol bo‘la olsa, fuqarolik jamiyati institutlari boshqaruvidagi ishtirok esa – kasaba uyushmalari va siyosiy partiyalar hamda boshqa jamoat tashkilotlarini tuzish, ularning rahbar o'rganlarini saylash va saylanishda namoyon bo‘ladi. Mahalla esa, klassik ma’nodagi davlat jamiyati institutiga oid qator o‘ziga xos belgilarga ega. Shu bilan birgalikda mahallada qaror qabul qilishda keng jamoatchilik ishtirokining kuchli ekani, asosiy faoliyat yo‘nalishi bo‘lgan – ijtimoiy boshqaruv, jamoatchilik nazorati va kambag‘allikni qisqartirishdagi ishtirok masalalari esa ko‘proq fuqarolik jamiyati institutlariga xos bo‘lgan jihatlardir.
Ikkinchidan, davlat o'rganlarining faoliyatida ishtirok uning ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Demak, jamoatchilik nazorati davlat hokimiyati o'rganlari ustidan amalga oshiriladigan faoliyatdir. Bu esa mahallaning fuqarolik jamiyati instituti sifatidagi ahamiyatini kuchaytirib yuboradi.

Mahallada jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning ijtimoiy-falsafiy muammosi bu o‘rinda huquq falsafasi bilan uyg‘unlashib ketadi. Endi O‘zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonuniga murojaat qilsak. Qonunning 3-moddasiga asosan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish o'rganlari, shuningdek, qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari jamoatchilik nazorati sub’ektlaridir. Demak, mahalla o‘zining barcha jamoatchilik tuzilmalari bilan birga davlat hokimiyati o'rganlari ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.

Xulosa sifatida aytib o‘tish mumkinki, davlatimiz rahbari tomondan mahalla instituti transformatsiya qilishga doir dadil tashabbuslar o‘zining chuqur ilmiy-nazariy asoslariga egadir. Ushbu islohotlar negizida turgan ijtimoiy-siyosiy kontekst – bu fuqarolik jamiyatining muhim tarkibiy qismi bo‘lgan ijtimoiy boshqaruv va jamoatchilik nazorati institutlarini har tomonlama kuchaytirishdir.

Manzuraxon Yunusova
Siyosiy fanlari nomzodi, dotsent
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.