Andijon Davlat
Universiteti
YANGI O‘ZBEKISTON TARAQQIYOTI STRATEGIYASIDA KOMIL INSON TARBIYASI
2022-02-04    1141

O‘zbekistonda 2016-yilning so‘nggi choragidan boshlangan demokratik o‘zgarishlar tom ma'nodagi islohotlar asosi bo‘ldi. Davlat boshqaruvida inson qadri, uning qimmati yuqori o‘ringa qo‘yildi. Bu esa, “xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”,- degan konseptuval boshqaruv tizimining ishlashiga olib keldi.


Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 7-fevraldagi 49/47 son farmoniga binoan 2017-2021-yillarda mamlakatimizni yanada rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha “Harakatlar strategiyasi” qabul qilinib, ushbu strategiya negizida ko‘plab amaliy ishlar qilindi. Ayniqsa, ijtimoiy sohada ko‘plab amaliy ishlar qilinib, ta’lim tizimidagi islohotlar bu borada yetakchilikni kasb etdi. Jumladan, Prezidentimizning mustaqilligimiz 29 yilligi munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan tantanali tabrik nutqida taraqqiyotimizning maqsadi Uchinchi Renessans bo‘lishi lozimligini ta’kidladi. Nihoyatda jozibali mazkur strategik g‘oya o‘zining ulug‘vorligi, milliy yuksalish barcha jabhalarda qanday umumiy maqsadni ko‘zlamog‘i zarurligini ko‘rsatadi. Amalda davlat rahbari taraqqiyotning hozirgi bosqichida O‘zbekiston milliy g‘oyasining yangi va aniqlashtirilgan mazmunini ifodaladi.


Uchinchi Renessans g‘oyasini, avvalo, jamiyatimiz chuqur anglab olmog‘i kerak. Har jabhada, sohada qiladigan ishlarimiz, reja-yu istiqbol dasturlarimiz, ta’lim-tarbiya va kadrlar siyosati, investitsion siyosat — barchasi unga sharoit va muhit yaratishga qaratilmog‘i lozimligi ta'kidlab o‘tildi. Shu boisdan, mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimiga katta e’tibor qaratildi. Ayniqsa, Oliy ta’lim tizimini yanada takomillashtirib, sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish borasida ko‘plab amaliy ishlar qilinib, oliy o‘quv yurtlarining soni ikki barobarga o‘sishiga erishildi, qabul kvotasi esa 2016-yilda bitiruvchilarning atiga 9 foizini qamrab olgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich 2021-yilga kelib esa 28 foizga yetganligi ham bu boradagi ishlarning nechog‘lik to‘g‘ri va samarali ekanligidan dalolat beradi.
Binobarin, harakatlar strategiyasidan Taraqqiyot strategiyasiga o‘tayotgan Yangi O‘zbekistonda ta’lim – tarbiyaga alohida e’tibor qaratilib, Oliy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishni bugunning dolzarb vazifasi bo‘lmog‘ligi belgilab olindi.


Darhaqiqat, 28- yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi 7 ta yo‘nalish va 100 ta maqsaddan tashkil topgan bo‘lib, 2022- yilda strategiyani amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida amalga oshiriladigan tadbirlarga 55 trln so‘m va 11,7 mlrd dollar ajratilishi ko‘zda tutilayotganligi bu boradagi ishlar ko‘lamining nechog‘lik salmoqli ekanidan dalolat beradi .


Taraqqiyot strategiyasining To‘rtinchi yo‘nalish: adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish deb nomlanib, ushbu yo‘nalishda 33 ta maqsad belgilab olingan. Belgilab olingan 33 ta maqsadning qariyb 13 tasi aynan ta’lim tizimiga qaratilayotganligining o‘zi ham mamlakatimizda barkamol komil insonni tarbiyalashga nechog‘lik e’tibor qaratilayotganligidan dalolat beradi.


Jumladan, ushbu maqsadlarda maktabgacha ta’limdan tortib, maktab ta’limi hamda oliy ta’lim tizimida 2022-2026 yillarda ta’lim va tarbiya sifatini yanada oshirish borasida olib boriladigan ishlar maqsadi belgilab olingan. Binobarin, 46-maqsad: Oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 50 foizga yetkazish va ta’lim sifatini oshirish bo‘lsa 47-maqsadda esa, 2026- yilga qadar 10 ta salohiyatli oliy ta’lim muassasasini QS va THE xalqaro reytinglariga kirishga maqsadli tayyorlash masalasi qo‘yilgan. Bundan tashqari, 48-maqsadda talabalar qamrovini oshirish bilan bir qatorda, talabalar uchun qariyb 100 ming o‘rinli talabalar turar joylarini barpo etish nazarda tutilgan bo‘lsa, 49-maqsad: 2026 -yilgacha nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari sonini kamida 50 taga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

50-maqsad: «El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali erkin va ijodiy fikrlaydigan yoshlarni nufuzli xorijiy oliygohlarga o‘qishga yuborish ko‘lamini 2 baravarga oshirish, bunda yoshlarning 50 foizini texnika, aniq fanlar va IT sohalariga o‘qitishga asosiy e’tibor qaratilmoqda.
Binobarin, bugun Uchinchi Renessans poydevorini qurishda mamlakatimizda keng ko‘lamli amaliy ishlar qilinib birgina oliy ta’lim tizimida 35 ta oliy o‘quv yurtiga 2022-2023 o‘quv yilidan akademik mustaqillikning berilayotganligi ham bu boradagi ishlarning boshlanishidir.
Xulosa qilib aytganda rivojlangan davlatlar bilan raqobatlashadigan barkamol avlodga ta’lim va tarbiya berishda ta’lim sohasini isloh qilish borasida olib borilayotgan ishlarning asosidir.

ZOHIDJON HAYITMATOV
FUQAROLIK JAMIYATI NAZARIYASI KAFEDRASI KATTA O'QITUVCHISI
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.