Andijon Davlat
Universiteti
MUSTAQIL OʼZBEKISTON ILK BOR OʼZ AHOLISINI ROʼYXATDAN OʼTKAZMOQDA
2022-01-18    634

Faqat taxminlarga tayanib ish koʼrgan odam yutqazadi. Tavakkalchilik, bashoratgoʼylik maʼlum jabhalardagina zarur. Аniq statistika esa har sohada kerak. Busiz rivojlanish haqida gapirish oʼrinsiz. Аyniqsa, hozirgi tez oʼzgarib borayotgan zamonda!
Bugun biz soʼz yuritmoqchi boʼlgan mavzu ham bevosita statistikaga daxldor. Yaʼni aholini roʼyxatga olish haqida.


Xoʼsh, bu amaliyot nima uchun kerak? Nega keyingi bir yilda bu haqda juda koʼp gapirilyapti? Nima, bizda shu paytgacha aholi roʼyxatga olinmaganmidi?
Sanamay sakkiz demang!
Tasavvur qiling, xonadoningizda 10 kishi yashaydi. Demak, bozor-oʼchar qilishda ular sonini hisobga olasiz. Falon kilo goʼsht, falon litr yogʼ, falon kilo un, qanchadir guruch va hokazo... Xonadon bekasi ana shu noz-neʼmatlarni pishirib, dasturxonga tortishda ham, tabiiyki, uydagi odamlar sonini inobatga oladi: 10 kosada taom keltiradi. Faqat xonadon aʼzolari yoshi, xohishi va taʼbidan kelib chiqqan holda ovqat kimgadir kattaroq kosada, kimgadir kichikroq idishda, kimgadir yogʼsizroq, kimgadir sergoʼshtroq qilib suziladi. Oilangizdagilar uchun kiyim-kechak xarid qilishda ham xuddi shunday yoʼl tutasiz. Oʼgʼlingiz yo qizingizni biror toʼgarakka bermoqchisiz? Bu oʼrinda uning qiziqishi, qobiliyati, salohiyati, imkoniyatini hisobga olasiz!
Endi savol tugʼiladi: qanday qilib bu borada toʼgʼri va oqilona qaror qilishga erishyapsiz? Javob aniq: chunki sizda oila aʼzolaringizning har biri haqida aniq va toʼliq maʼlumotlar bazasi bor!


Аholini roʼyxatga olish bilan bogʼliq chora-tadbirlar zаruratini ana shunga qiyoslash mumkin. Masalan, Qoraqalpogʼistonda xonadonlar issiq boʼlishi, odamlar qora qozoni qishin-yozin qaynab turishi uchun necha ming tonna koʼmir, qancha saksovul, necha ming kub metr gaz kerak? Buxoroda-chi? Xorazmda necha kishi ishsiz? Surxondaryoda yana nechta taʼlim muassasasi qurish lozim? Fargʼonada nechta oila uy-joyga muhtoj? Samarqandda qancha tugʼuruq yoshidagi ayol bor va mavjud tugʼruqxonalardagi oʼrinlar soni ana shu koʼrsatkichga mutanosibmi? Sirdaryoda aholi xonadonlari asosan qaysi yillarda qurilgan? Surxondaryoda chiroq oʼchmasligi uchun bir oyda qancha elektr energiyasi ishlab chiqarish zarur? Аndijonda nechta oila bitta xonadonda istiqomat qiladi? Toshkent shahrida aslida qancha kishi istiqomat qiladi?...
Koʼryapsizmi, aholini roʼyxatga olish, yaʼni birgina shu amaliyot bilan qanchadan-qancha savollarga javob, qanchadan-qancha muammolarga yechim topish mumkin!


Biroq yuzaki va taxminiy koʼrsatkichlar bilan uzoqqa borib boʼlmaydi. Reja va dasturlarning manzilliligi, islohotlarning samaradorligi bu boradagi maʼlumotlarning aniq va ishonchliligiga bogʼliq. Shu bois ham donolarimiz azaldan yetti oʼlchab bir kesmoqni nasihat qilib keladi. Xalq maqoli esa yana ham hikmatli: sanamay, sakkiz demang!
Аholini roʼyxatga olish har bir fuqaro uchun muhim.
Аholini roʼyxatga olish mamlakatning ijtimoiy-demografik tuzilishi haqidagi asosiy ma'lumot manbai rasmiy statistika tizimidagi asosiy rol oʼynaydigan muhim koʼrsatgich hisoblanadi. Bunda aholi soni boʼyicha aniq va ishonchli maʼlumot olish imkoni paydo boʼladi. Shu bois, 2023- yilda mamlakatimizda ilk bor axolini rо'yxatga olish tadbirlariga hozirdan jiddiy tayyorgarlik ko'rilmoqda.


Аholi sonini roʼyxatga olish mamlakatda yashovchi barchaga tegishli boʼlgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy maʼlumotlarni yigʼish, umumlashtirish, baholash, tahlil va eʼlon qilishning yagona jarayonidir. U aholi toʼgʼrisidagi maʼlumotlarning asosiy manbai boʼlib, kelgusi 10-20 yillik rivojlanishning prognoz koʼrsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi. Аholi migratsiyasi toʼgʼrisidagi maʼlumotlar shakllantiriladi. Oʼz navbatida, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam koʼrsatish boʼyicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot tarzida foydalaniladi. Аholi sonini ishonchli hisoblash boʼyicha rasmiy statistika tizimida asosiy ro’l oʼynaydi.

Shuni alohida aytish lozimki, aholini roʼyxatga olish barobarida yana bir muhim vazifani bajarish koʼzda tutilgan. Bu – hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning roʼyxatini tuzish bilan bogʼliq masala.
Taʼkidlash kerakki, keyingi uch yil davomida masʼul mutasaddilarni qaynoq ish jarayoni kutib turibdi. Ularni muvaffaqiyatli bajarish bilan Oʼzbekistonning har bir viloyati, shahari, tumanidan tortib mahallasiyu koʼchasiga, chekka qishloq va olis ovullarigacha aloqador boʼlgan barcha maʼlumotlarni oʼzida aks ettirgan yagona axborot bazasiga ega boʼlamiz. Bu qimmatli maʼlumotlar esa bizga bugun, ertaga va yaqin kelajakda juda asqotadi.

TURAKULOV MURODJON
Andijon viloyati statistika boshqarmasi yetakchi mutaxassisi
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.