Andijon Davlat
Universiteti
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI JISMONIY VA YURIDIK SHAXSLARNING MUROJAATLARI BILAN ISHLASH, NAZORAT VA MONITORING BO‘LIMINING 2021-YILDA OLIB BORGAN FAOLIYATI
2021-12-11    315

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xamda Moliya vazirligining 2021-yil aprel oyidagi qo‘shma qaroriga asosan ichki nazorat va monitoring bo‘limi 2021-yil may oyidan boshlab Jismoniy  va  yuridik shaxslarning murojaatlari bilan  ishlash, nazorat va monitoring bo‘limi deb atala boshladi. Shu bilan birga bo‘limda mavjud bo‘lgan to‘rtta shtaddan bittasi qisqartirildi. Bugungi kunda bo‘limda bo‘lim boshlig‘i, bosh mutaxassis va inspektor lavozimlarida uch kishi faoliyat yuritmoqda.

Jismoniy  va  yuridik shaxslarning murojaatlari bilan  ishlash, nazorat va monitoring bo‘limi 2020/2021-o‘quv yilida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2001- yil 29- avgustdagi 207-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan «Oliy ta’lim muassasasi ichki nazorat va Kadrlar tayyorlash Milliy dasturini amalga oshirish to‘g‘risidagi Nizom» va shu nizom asosida tuzilib, universitet rektori tomonidan tasdiqlangan yillik reja hamda  maqsadli o‘rganishlar yuzasidan  tasdiqlangan  ish  rejalar  asosida ish olib bordi.Universitetga kirim qilingan hujjatlarni ijrochilarga yetkazish, ularning ijrosini belgilangan muddatlarda sifatli ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 12-yanvardagi “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 12-sonli (mazkur qarorga 2005-yil 22-fevralda 73-son qarorga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilgan), 1999-yil 29-martdagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat xokimiyati va boshqaruv organlarida ish yuritish va ijro nazoratini tashkil etish bo‘yicha normativ hujjatlarni tasdiqlash haqida”gi 140-son qarorlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2009-yil 2-avgustda 11-10-son bilan tasdiqlagan “Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, ularning tarkibiy va xududiy bo‘limlarida hujjatlar bilan ishlashni tashkil etish hamda ijro intizomining ahvoli monitoringini olib borish Tartibi”ga va shu me’yoriy hujjatlarga tayanib  O‘zbekiston  Respublikasi  Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2009-yil 8-sentyabrdagi 309-sonli va 2015-yil 18-fevraldagi 58-sonli buyruqlari asosida universitet rektori tomonidan tasdiqlangan  “Andijon davlat universitetida ish yuritish va hujjatlar ijrosi nazoratini tashkil qilish bo‘yicha “Yo‘riqnomasi”ga asosan olib borilmoqda.

Joriy yilda bo‘lim a’zolari tasdiqlangan rejaga asosan universitetdagi boshqa tarkibiy bo‘limlar bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaror va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlarining bajarilishi yuzasidan bir qator maqsadli o‘rganishlar olib bordilar.

Xususan, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-noyabrdagi “Ilmiy darajali  kadrlarni tayyorlash jarayonining shaffofligini ta’minlash va  samardorligni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 696-sonli qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” PF-5729-sonli  Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  2018-yil 5-iyundagi  “Oliy ta’lim muassaslarida  ta’lim sifatini  oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan  keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash  bo‘yich chora-tadbirlar  to‘g‘risida”gi  PQ-3775-sonli  Qarori, 2015-yil  6-iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarining  rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4732-sonli Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktyabrdagi “O‘zbekiston  Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5847-sonli Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  2019-yil 11-iyuldagi  “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim   sohasida  boshqaruvni isloh  qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  PF-5763-sonli Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  “O‘zbekiston Respublikasida yoshlar oid  davlat  siyosatini tubdan  isloh  qilish va yangi  bosqichga ldib chiqish  chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi PF-6017-sonli Farmoni va boshqa bir qancha hujjatlarning universitetdagi ijrosi maqsadli o‘rganib chiqildi.

2021-yilning yanvar oyidan 2021-yil 15-dekabrga qadar OO‘MTV tomonidan yuborilgan va universitet devonxonasiga kirim qilingan buyruqlar va Hay’at yig‘ilishlari qarorlari hamda xatlarning umumiy soni 2906 tani tashkil qildi. Ulardan buyruqlar 294 ta, Hay’at yig‘ilishlari bayonnomalar 20 ta,  modemnoma va xatlar 2564 tani tashkil etdi, shundan 117 ta hujjat viloyat hokimligi tomonidan yuborilgan.

Universitet devonxonasiga kirim qilingan hujjatlarining bajarilish holati to‘g‘risida rektor huzuridagi yig‘ilishlarda hamda Kengash yig‘ilishlarda muhokama etib borildi va borilmoqda.

Shuni aytish joizki, hisobot yilida mamlakatimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar, iqtisodiyotning hamma jabhalarini jadal suratlarda rivojlantirish, xalq farovonligini oshirish maqsadida davlatimiz rahbariyatining qo‘yayotgan qadamlari va vazifalari birinchi navbatda huquqiy-me’yoriy hujjatlarda aks etdi.

Universitetimizda kirim qilinayotgan hujjatlarning ijrosini nazorat qilish va monitoringini olib borish JFC dasturi yordamida amalga oshiriladi. Mazkur dastur asosida barcha kirim qilingan hujjatlar mas’ul rahbarlarga yetkazilishi hamda ularning bajarilishini nazorat qilish ishlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6166-son Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 31 maydagi “Ijro.gov.uz.” ijro intizomi idoralararo  yagona elektron tizimi samarali  faoliyat ko‘rsatishini  ta’minlashga  qaratilgan  qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ-5132-son qarori hujjatlar ijrosini nazorat qilish borasida muhim qadam bo‘ldi.

«Ijro.gov.uz» tizimi orqali qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini nazorat qilishning mutlaqo yangi tizimini joriy qilish nazarda tutilgan.

Yuqorida aytilgan farmon va qarorga asosan Qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlarining amalga oshirilishi bo‘yicha nazorat va hisobdorlikni tashkil etish tartibi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi apparati, davlat boshqaruvi organlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tuman va shaharlar hokimliklarida ishlarni tashkil qilish va ijro intizomini mustahkamlashning asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi», «Ijro.gov.uz» ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimiga qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlarining ijrosi bo‘yicha nazorat va hisobdorlikni tashkil etish sxemasi tasdiqlandi.

2021-yil 1-maydan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarida, shu jumladan Andijon davlat universitetida ijroni nazorat qilish, nazorat kartotekalarini yuritish va hisobotlarni shakllantirish faqat «Ijro.gov.uz» tizimida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan edi. Lekin, afsuski, turli ob’yektiv va sub’yektiv sabablarga ko‘ra tizimdan shu kungacha samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilmadi.

Bu masalada oldimizda quyidagi vazifalar turibdi:

- ijro.gov.uz tizimidan foydalanuvchilar sonini oshirish (bugun universitet bo‘yicha jami 17 kishi tizimdan foydalanadi);

- vazirlik, hokimiyat va turli tashkilotlar bilan yozishmalar olib borish, turli ma’lumot va hisobotlar yuborishga mas’ul rahbarlarning barchasi elektron raqamli imzoga ega bo‘lishlari shart;

- ijro.gov.uz tizimidan foydalanishini ta’minlash bilan bog‘liq maqsadlar uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni 2022-yilning xarajatlar smetasiga kiritish.

Bo‘limda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlarni olib borish O‘zbekiston Respublikasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni va Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘risidagi Nizom talablariga asosan olib boriladi.

Hisobot davrida Andijon davlat universitetiga jami 592 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, bularning aksari (342 tasi) og‘zaki murojaatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan uch barobardan ko‘proqdir. Murojaatlar sonining bunday keskin ko‘payib ketishiga asosiy sabab shuki, 2020-yilda koronavirus pandemiyasi tufayli joriy etilgan qat’iy karantin choralari natijasida aholining harakatlanishi, tashkilotlarning, shu jumladan universitetimizning faoliyatidagi cheklanishlar sabab bo‘lib murojaatlar soni kam bo‘lgan.

Joriy yilning yanvar-dekabr oylari davomida 245 ta yozma murojaatlar ro‘yxatga olingan. Shundan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali 199 ta, yozma murojaatlar 41 ta, 5 ta elektiron  murojaat kelib tushgan. Barcha murojaatlar Qonun va Nizom talablariga rioya etilgan holda o‘z muddatlarida ko‘rib chiqilmoqda.

Kelib tushgan murojaatlarning mazmuni muntazam ravishda tahlil qilib boriladi.

Hududiy tahlillar shuni ko‘rsatadiki, yozma murojaatlarning asosiy ko‘pchiligi (233 ta) Andijon viloyatiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Farg‘ona viloyatidan 7 ta murojaat, Toshkent shahri, Surxandaryo viloyati, Samarqand viloyati, Navoiy viloyati va Jizzax viloyatlaridan 1 tadan murojaatlar kelib tushgan.

Murojaatlarning mazmuni bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak, jismoniy shaxslar murojaatlarining ko‘pchiligi, ya’ni 55 %i (137 ta) o‘qishni ko‘chirish va tiklashga oid, 21,6 %i (53 ta) esa o‘qishga kirish masalasida bo‘ldi.

Qolgan murojaatlarning 17 tasi(6,9%)  shartnoma to‘lovini to‘lash masalasida, 18 tasi(7,3%)  kirish imtixolarining tashkil etilishi masalasida, 5 tasi(2%)  universitetga ishga kirish, 12 tasi(4,8%)  esa turli masalalarda bo‘lib ularning barchasi ijro etilgan va murojaatchilarga javob berilgan. Virtual qabulxona orqali kelgan  3 (1,22%) ta murojaat ko‘rib chiqish jarayonida. Ijro muddati buzilgan yoki ijro etilmagan murojaatlar yo‘q.

 Jismoniy va yuridik shaxslarning barcha murojaatlari bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar yilning har chorak yakunida namunaviy jadvallarga asosan vazirlikka o‘z vaqtida taqdim etib borilmoqda.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunga asosan har bir tashkilotda fuqarolarni qabul qilish uchun alohida xona ajratilgan bo‘lishi va u yerda universitet rahbariyati fuqarolarni tasdiqlangan jadvalga asosan qabul qilishi kerak. Bu – qonun talabi. Universitetda ushbu maqsad uchun katta majlislar zalining mehmonlar uchun ajratilgan kutish xonasi ajratilgan bo‘lib, majlislar zalida turli tadbirlarning ko‘p o‘tkazilishi xonadan maqsadli foydalanishga imkon bermaydi. Buning ustiga kompyuter, orgtexnika vositalari, turli me’yoriy-huquqiy hujjatlarning xavfsiz saqlanishiga hech kim kafolat bera olmayapti. Shuning uchun universitetda Jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilish uchun alohida xona ajratish maqsadga muvofiq deb bilaman.

Nodirbek Jalilov
Jismoniy va yuridik shaxslar bilan ishlash, nazorat va monitoring bo‘limi boshlig‘i
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.