Qadrli jurnalistlar, matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari, bloggerlar!
Avvalambor, Siz, azizlarni 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etib, barchangizga chuqur hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilayotgan islohotlar dunyo jamoatchiligi tomonidan yuksak e’tirof etilmoqda. Ayniqsa, so‘z erkinligi va OAV ochiqligini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar mamlakat imijini ko‘tarishda katta ahamiyat kasb etmoqda.
Biz kelajagimizni kuchli huquqiy davlat va pirovardida fuqarolik jamiyatini qurishda ko‘rar ekanmiz so‘z erkinligi, OAVning tom ma’noda to‘rtinchi hokimiyatga aylanishi eng muhim masalaga aylanadi. Sizlar kabi ming-minglab olijanob kasb egalarining sa’y-harakatlari, iste’dod va mahorati bilan mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xalqimiz hayotiga, uning quvonch va tashvishlariga tobora yaqin bo‘lib, O‘zbekistonning yangi, demokratik qiyofasini shakllantirishda g‘oyat muhim rol o‘ynamoqda.
Hozirgi vaqtda hayotimizda amalga oshirilayotgan modernizatsiya va yangilanish jarayonlarining tub mohiyatini xalqimizga yetkazish, odamlarni yangi marralar sari safarbar etish, oldimizga qo‘ygan vazifalarni sifatli amalga oshirishda sizlarning ta’sirchan so‘zingiz, faol fuqarolik pozitsiyangiz suv bilan havodek zarur.
OAV, jurnalistlar va blogerlar huddi oyna kabi yuzimizga kamchiliklarimiz va muammolarimizni ko‘rsatib bermoqdaki, bu barchaga birdek foydali va manfaatli bo‘lmoqda. Bugun Andijon davlat universiteti barcha turdagi OAV hamda blogerlar bilan samarali hamkorlik olib bormoqda va bundan keyin ham doimo ochiq muloqotda bo‘lishini bildirib o‘tmoqchiman.
Sizlar bilan hamkorligimiz natijasida universitet imiji oshib bormoqda, mavjud muammolarimiz yechilmoqda. Bunda sizlarning xizmatlaringiz alohida ahamiyat kasb etishini mamnunlik bilan qayd etib o‘tmoqchiman.
Biz jamiyatimizda oshkoralik, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashda, huquqiy demokratik davlat asoslarini mustahkamlashda sizlarga, sizlarning bilim va iste’dodingizga tayanamiz.
Sizlarni Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.
Barchangizga sihat-salomatlik, ezgu faoliyatingizda yutuq va omadlar, oilaviy baxt, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayz-u baraka tilayman.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI